Breaking News

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi O'zbekistonni xavfsiz qiladimi?


O`zbekiston prezidenti Islom Karimov Oqsaroyda Mustaqil hamdo`slik davlatlari ishtirokida tuzilgan harbiy ittifoq - Kollektiv xavfsizlik shartomasi tashkiloti Bosh kotibi Nikolay Bordyuja bilan uchrashdi.

Prezident Karimov Bosh kotib Bordyuja bilan muloqotda mintaqadagi xavfsizlikka oid vaziyatni muhokama qilgan va xavfsizlikni ta’minlash keng ko`lamdagi xalqaro hamkorlikni talab etayotganini urg`ulagan.

Bordyuja esa O`zbekiston prezidentiga tashkilot doirasida kechayotgan o`zgarishlar va uning istiqboli haqida ma’lumot bergan.

Rossiya boshchiligida tuzilgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi va O`zbekiston munosabatlari tarixida bir qator o`zgarishlar kuzatilgan. Avval O`zbekiston, bu harbiy tashkilot Rossiya ta’siri ostida deb, uni tark etgan edi. Bugungi vaziyat rasmiy Toshkent uchun xafsizlikni ta’minlovchi kafolat yana Rossiya bo`lib qolayotganligini ko`rsatmoqda.

Siyosatshunoslar buning sababini yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan Andijon voqealarining kuch bilan bostirilishidan so`ng O`zbekiston hukumatiga nisbatan xalqaro hamjamiyatda yuzaga kelgan munosabatda ko`rishadi. Ko`pgina rivojlangan davlatlar, xalqaro tashkilotlar hukumat tomonidan kuch ishlatilganini qoralab chiqqan edi. Shunday vaziyatda Rossiya bilan bir tomonlama munosabatlarning tez sur’atda rivojlanishi, kuzatuvchilarga ko`ra, milliy manfaatlarga xizmat qilmaydi.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo`lat Yo`ldoshevga ko`ra, shartnomalar faqatgina O`zbekiston hukumatining Rossiya bilan aloqalarini yaxshilashga xizmat qiladi.

“Salbiy tomoni bu narsa AQShning Markaziy Osiyodagi siyosatiga qarshi qo`yilmoqda. Shuningdek, bu shartnomalar va tashqi aloqalarning bir tomonlama rivojlanishi O`zbekiston xalqi va uning milliy manfaatlariga xizmat qilmaydi”, - deydi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Siyosatshunoslarga ko`ra, O`zbekistonning Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a`zo bo`lishi kelajakda O`zbekistonga Rossiya harbiy bazaning kirib kelishi uchun asos bo`ladi.

XS
SM
MD
LG