Breaking News

Nodira Hidoyatova 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi


Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi muvofiqlashtiriuvchisi, iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan Nodira Hidoyatovani 10 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Kuzatuvchilarga ko`ra, hukm bir tomonlama, O’zbekiston qonunchiligi buzilgan holda chiqarilgan.

Nodira Hidoyatova ustidan sud jarayonini boshqargan sudya Zokirjon Isayevga ko`ra, sudda Nodira Hidoyatovaga nisbatan qoyilgan ayblovlar tegishli guvohlarning ko`rsatmalari orqali o`z isbotini topgan. Hidoyatova O`zbekiston jinoyat Kodeksining sakkiz jinoiy moddasi bilan ayblangan edi.

Bu jinoiy moddalarning hammasi iqtisodiy jinoyatlarga oid bo`lib, asosan katta miqdordagi mablag'ni ozlashtirish, daromadlarni soliqdan yashirish, shuningdek, uyushgan tartibda jinoiy til biriktirish kabi ayblovlardan iborat. Jinoyat ishda asosiy ashyoviy dalil sifatida Rossiyadan keltirilgan don mahsuloti sotilgani va olingan daromad yashirilgani keltiriladi.

Sud hukmi o`qilgandan so`ng Hidoyatovaning advokati bildirgan ma'lumotga ko`ra, jarayonda Nodira Hidoyatovaning ayblari mutlaqo isbotlanmagan va sud oqlov hukmini chiqarishi lozim edi.

Nodira Hidoyatovaning o`zi ham bundan avvalgi jarayonda so'nggi so`z berilganda o`ziga qo`yilgan ayblarni mutlaqo inkor etishini, uning aybi faqatgina rahbar sifatida sovuqqonlikka yo`l qo`yganida bo`lishi mumkinligini, takidlab o`tgan.

Nodira Hidoyatova “Buyuk siymolar” nomli firmaning rahbari sifatida turli iqtisodiy jinoyatlarda aloqadorlikda mahkamaga tortilgan. Jumladan mazkur firmaning qarzdorligi, olingan mablag`larni maqsadli ishlatmagani, tushgan pulning o`zlashtirgani kabi ayblovlar bildirilgan.

Sud jarayonida bir qator inson huquqlari himoyachilari, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etishdi.

Jarayonda muntazam qatnashib kelayotgan kuzatuvchilardan biri Jahongir Shosalimovga ko`ra Nodira Hidoyatova soliq siyosatini deyarli bexato olib borgan bo`lsada keyinchalik unga nisbatan xatoliklar topishgan.

“Turli bir yoqlama guvohlarning ko`rsatmalari asosida bugun Nodiraga o`n yil qamoq jazosi berishdi. Nodira “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasini tuzgandan keyin unga nisbatan shunday repressiv harakatlar boshlandi”, - deydi Jahongir Shosalimov.

“Serquyosh O`zbekiston” koalitsiyasi vakillarining sud jarayonini kuzatayotgan ekspetlardan biri Toshpo`lat Yo`ldoshevga ko`ra, Nodira Hidoyatovaning ishi jinoiy sudda emas, xo`jalik sudida ko`rilishi lozim edi.

“Nodira qarz bo`lgan tashkilotlarning o`zi xo`jalaik sudiga murojat qilishi kerak edi, xo`jalik sudi ko`rmagan ishni jinoyat sudi ko`rayapti. Bu bilan sudning o`zi protsesual qoidalarni buzgan. Bizning qonunlarimizda aniq yozilgan: soliqlarni to`lamagan bo`lsa, kimdandir qarzdor bo`lsa bu ishlarni xo`jalik sudi ko`rib chiqadi. Agar ayblanuvchi qarzlarini to'playdigan bo`lsa u javobgarlikka tortilmaydi, degan gaplar bor” – ta'kidlaydi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Yo`ldoshevga ko`ra, Nodira Hidoyatova siyosatga qoshilgani uchun ham 10 yil qamoq jazosiga hukm qilindi.

“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi vakillari berayotgan izohga ko`ra jinoiy ish ularning siyosiy faoliyatlari bilangina bo`gliq. Koalitsiya tarkibiga kiruvchi “Ozod dehqonlar” partiyasi raisasi Nigora Hidoyatova sud jarayonlarini muxolifatni badnom qilishga qaratilgan spektakl sifatida baholaydi.

“Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasining raisi Sanjar Umarov ishi yuzasidan hukm o`qilishi 6 mart kuniga qoldirildi.

XS
SM
MD
LG