Breaking News

Nodira Hidoyatovaga 12 yillik qamoq jazosi berish so'ralmoqda


Iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekiston” milliy birlik koalitsiyasi muvofiqlashtiruvchisi Nodira Hidoyatova ustidan kechayotgan mahkama jarayonlari o'z nihoyasiga yetmoqda. Davlat ayblovchisi suddan Nodira Hidoyatovaga 12 yil qamoq jazosi belgilashni so`ramoqda.

Nodira Hidoyatova O`zbekiston jinoyat kodeksining sakkizga yaqin moddalari bo'yicha ayblanmoqda.

Sud jarayonida ishtirok etayotgan inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra, davlat ayblovchisining "Nodira Hidoyatovaga nisbatan qo`yilgan ayblovlar o`z tasdig`ini topdi" degan fikri himoya tomonidan keskin e'tirozga uchragan.

“Qo'yilgan jinoiy moddalar tasdig`ini topdi, deb aytildi, ammo Hidoyatovaning himoyachisi Babenko chiqib, shuncha guvohlar so`roq qilindi, ko`rsatmalar berildi, qo'yilgan aybnomalar o`z tasdig`ini topmaganini ta'kidlab o`tdi”, deydi Surat Ikromov.

O`zbekiston prokuraturasi “Serquyosh O`zbekiston” milliy birlik koalitsiyasi yetakchilarini uyushgan ravishda uyushtirilgan iqtisodiy jinoyatlarda aybdor topmoqda.

Muxolif koalitsiya vakillariga ko`ra esa, sud jarayonlari ularning siyosiy faoliyatalari bilan bog`liq.

Koalitsiya tarkibidagi “Ozod dehqonlar” partiyasining raisi Nigora Hidoyatova sud jarayonlarining sababini O`zbekiston hukumatini siyosiy faol bo`lgan qatlamga, muxolif partiyalarga nisbatan yuritayotgan tayziqlarida ko`radi.

Nodira Hidoyatova ustidan kechayotgan mahkama jarayoni 24 fevralga qoldirilgan. Unda Nodira Hidoyatovaga hukm oldidan so`nggi so`z berilishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG