Breaking News

AQSh Ukrainani qochqinlar deportatsiyasi yuzasidan tanqid qilmoqda


Kecha AQSh Ukrainani o’zbekistonlik 10 qochqinni vatanga qaytargani uchun tanqid ostiga oldi. Davlat departamentidagi muxbirimiz Deyvid Gollastning xabar berishicha, O’zbekiston hukumati bu qochqinlarni o’tgan yilning may oyida Andijon voqealarida qatnashganlikda ayblaydi.

O’zbekistonlik o’n qochqinning majburan vatanga qaytarilgani ham Ukraina qonunlari, ham xalqaro qonunlarga ziddir, deya AQSh inson huquqlari bo’yicha boshqa xalqaro tashkilotlarning tanqidiga jo’r bo’ldi.

O’tgan yili Ukrainada panoh topgan o’zbekistonliklar Qrimda hibsga olinib, O’zbekiston hukumatining talabiga binoan, 14 fevral kuni mamlakatga qaytarilgan edi. Xabarlarga ko’ra, O'zbekistonning yana bir fuqarosiga Ukrainada qarindoshlari bo’lgani uchun u yerda qolishiga ruxsat berilgan.

AQSh Davlat departamenti vakili Adam Ereli bayonotida aytilishicha, O’zbekiston fuqarolari, Ukraina qonunlari doirasida, boshpana topish jarayonidan to’liq o’tmagan holda vatanga qaytarilgan. Ukraina, shuningdek, BMT Qochqinlar bo’yicha bosh komissariyati iltimoslarini hisobga olmagan.

Janob Ereli Kiyev hukumatini BMT komissariyati bilan to’liq hamkorlik qilishga va xalqaro konvensiyalarga rioya qilishga undadi.

XS
SM
MD
LG