Breaking News

O'zbekistonlik fuqaro Ukrainadan siyosiy boshpana so'ramoqda


Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanib O`zbekiston Bosh prokuraturasining talabiga ko`ra Rossiyada hibsga olingan o`zbeklardan biri, Rossiya fuqaroligini qabul qilgan Hotam Hojimatov siyosiy boshpana so`rab Ukrainaga murojaat qilgan. Rossiyadan siyosiy boshpana so`ragan qolgan 13 kishi esa O`zbekistonga qaytarilish tahdidi ostida qolmoqda.

Andijon voqealaridan sal o`tib, Rossiyaning Ivanovo shahrida paxta biznesi bilan shug'ullanuvchi bir guruh o`zbeklar hibsga olingandilar. O`zbekiston prokuraturasi ularni Andijon voqealarida ishtirok etganlikda ayblagan va hibsga olinganlarning O`zbekistonga chiqarilishini so`rab talabnoma jo`natgan edi.

Hibsga olingan 14 kishining biri, Rossiya fuqaroligini olgan Hotam Hojimatovga nisbatan sud qarori qayta ko`rilgach, u ozodlikka chiqqan edi. O`zbekiston fuqarosi bo`lgan qolgan o`n uch kishi esa Rossiyadan siyosiy boshpana so`rab murojaat qilishgan, biroq hozircha ularning murojaati inobatga olinadimi yo'qmi noaniq bo`lib qolmoqda.

Hotam Hojimatovga nisbatan Rossiya fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat - passport olishda yolg`on ma'lumotlarni taqdim etganligi ro`kachi bilan Rossiya prokuraturasi unga ish ochgan edi va sud qarori bilan Hotam Hojimatovdan Rossiya passporti olib qo`yilgan edi.

Rossiyadagi inson huquqlarining himoyasi bilan shug'ullanuvchi "Memorial" markazi tarqatgan axborotga ko`ra, O`zbekiston prokuraturasi qanday qilib bo`lmasin, hibsdagilarni O`zbekistonga qaytarish harakatini qilmoqda. Hojimatovning passport olishda yolg`on ko`rsatmalar berganligi haqidagi ma'lumotlar ham O`zbekiston va Rossiya huquq-tartibot organlarining hamkorligiga asoslanadi.

"Xyuman Rayts Votch" xalqaro inson huquqlarini himoyalash tashkilotining O`zbekistondagi vakili Ellison Gilga ko`ra, agar Rossiya hibsda ushlab turilganlarni O`zbekistonga qaytargudek bo`lsa, Rossiya o`lim jazosi va qiynoq qo`llaniladigan davlatlarga deportatsiya qilishni ta'qiqlaydigan xalqaro bitimlarni buzgan bo'ladi.

O`zbekiston Demokratik tashabbuslar markazi direktori Iskandar Xudoyberganovga ko`ra esa, Rossiya o`z siyosiy maqsadlari yo'lida o`zbekistonlik fuqarolarning ular o`n uch kishi emas, undan ko`proq bo`lishgan taqdirda ham qurbon qilishga tayyor.

"Rossiya mavjud xalqaro bitimlarga rioya qiliadigan davlat emas, hozir u erda eski kommunistik mafkuraga qaytish boshlangan," dedi Xudoyberganov.

Ukrainadan siyosiy boshpana so`rab murojaat qilgan Hotam Hojimatovning matbuotdagi intervyusiga ko`ra, Rossiyada uning hayoti xafv ostida va u Rossiya huquq-tartibot organlarining o`z fuqarolarini himoya qilishlariga shubha qiladi.

"Ivanovoda saqlanayotgan 13 kishining Andijon voqealariga mutlaqo aloqasi yo`q. Hozirda ular O`zbekistonga qaytarilish xavfi ostida turishibdi. Bizga nisbatan qo`yilayotgan ayblarni mustaqil, xolis sud ko`rib chiqishini xohlaymiz va shunda qo`yilgan ayblar tasdig`ini topmasligiga mutlaqo ishonamiz, lekin O`zbekistonda bunday sud bo`lishiga ishonch yo`q," degan fikrlarni bildirdi Hotam Hojimatov Ukraina ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.

O`zbekiston inson huquqlari jamiyati raisi Tolib Yoqubov esa O`zbekistonda mustaqil sudga nisbatan ishonch yo`qligini Andijon voqealari bo`yicha o`tayotgan jarayonlar ko`rsatib berganini, aytdi.

"Butun xalqaro jamoatchilik sud sahnasidagi spektaklga guvoh bo`ldi. Bu borada Hojimatov mutlaqo haq: agar ular O`zbekistonga qaytishganda qiynoqqa, hatto o`lim jazosiga ham hukm qilinishlari mumkin edi," deydi u.

Ko`pgina xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko`ra, Andijon voqealari bo`yicha Toshkentdagi sud jarayoni sahnalashtirilgan holda o`tgan, ayblanuvchilardan ko`rsatmalar esa bosim ostida olingan.

XS
SM
MD
LG