Breaking News

O'zbekiston bozorlari: Talab va taklif mutanosibmi?


O'zbekiston bozorlarida iste'mol mahsulotlarining narxi oshib ketgan bir sharoitda aholining xarid qilish quvvati pasayib bormoqda. Bugun o’zbekistonliklar qayerdan xarid qilishni istashadi? Bozorlar va supermarketlardan sifatli mahsulot sotib olayotganlar kimlar? Narxlar balandligi-yu xarid quvvati pastligining jamiyatga ta’siri qanday?

Xaridorlar fikrlari:

“Men Eskishahar bozoridan savdo qilaman. Narxlar judayam baland. Pensiyamga judayam qiyin”.

“Qo’yliqdan yo Chorsudan bozor qilamiz. Go’shtlar, saryog’lar ham, kolbasalar ham qimmat hammasi”.

“Hozirgi kunda bir kilo kartoshkaning narxi 600 so’mni tashkil qiladi, bir kilo piyozning narxi esa 600 so’m, 800 so’mni tashkil qiladi. Nima uchun narxlar qimmat desak, poliz mahsulotlari kam kelganining hisobiga narxlar qimmat bo’lyapti, deb aytishadi sotuvchilar. Qora kartoshkalar kelardi Rossiyadan, arzon bo’lardi. Qozoqistondan ham oldin gurunch ham, un ham kelardi”, - deyishadi ayrim o’zbekistonliklar.

Mustaqillikka erishilgandan so’ng, O’zbekiston aholisi iste’mol mahsulotlarini deyarli to’laligicha bozorlardan xarid qiladigan bo’lgan. Biroq qo’shni davlatlar bilan chegaralarning yopilishi, xorijdan olib kelinayotgan mahsulotlarga bojxona to’lovining keskin oshib ketishi bozorlardagi narx-navoning ko’tarilishiga sabab bo’lgan. Bozorlarda narx-navoning oshib ketgani aholining xarid quvvatini ham pasaytirib yuborgan. Buning boisi qilib maoshlarning ham iste’mol talabiga nomutanosibligi aytiladi.

“Narx-navo hozir odamlarni qoniqtirmaydi, hamma narsa baland. Bitta narsa olaman desangiz u oylikdan bu oylikka produktaga yetmaydi. Umuman gapirmasangiz ham bo’ladi kiyim-kechakni. Qandoq qilamiz, eski narsalarni kiyib yuriladi, Soyuz paytidagi narsalarni”.

“Oyligimizni tejashniyam bilmaymiz, bolalarni kiyintirishniyam bilmaymiz. Bitta oddiy ko’ylaklarniyam olsangiz sakkiz-ming, yetti-ming, uch-ming deyapti, bitta oddiy maykalarni ham. Bergan oylik hech narsaga yetmayapti. Oyligim 25 ming so’m. Kamroq yesak bolalarni kiyintiramiz, bo’lmasa yo’q”, - deyishadi ba’zi fuqarolar.

Turkiyalik tijoratchi o’zi savdo qilayotgan va bozorlardagi iste’mol mahsulotlari narxining balandligi hamda asosiy aholining bozorlardan sifatli mahsulot xarid qilishga qurbi yetmasligi boisini izohlaydi.

“Misol uchun, bir narsa olib keladigan bo’lsak, masalan, tamojniy haqlarini to’lagandan so’ng, men boshqa xarajatlarni hisoblamayman. Uning yo’l-kirasi bor, yana boshqa-boshqa, masalan bir so’m yetmish tiyin bo’ladi, deylik. Men hech bo’lmasa bir so’m 80 tiyinga sotishim kerakmi buni? Keltirib berishi bor, xarajati bor, solig’i bor. Natijada bir so’m 80 tiyinga sotasan, odamlarga bu to’g’ri kelmayotir. Chunki odamlarning puli yetmayapti. Masalan, Rossiyaga kir yuvuvchi narsalar keltiriladi, yuzda 35 foizga kelib chiqadi. Ammo bizda 90 foiz, 75 foiz. Natijada, e’tiborli tomoni shundaki, masalan Qozog’istinga, Rossiyaga chet-eldan ko’p mol keltirishadi-da. Biladilar-ki, O’zbekistonda nalog shunaqa ko’p farqi bor, o’zi olib kelganda qimmat bo’ladi, bizning odamlarga u yerdagilar kontrabanda yo’li bilan taklif qiladi”, - deydi turkiyalik savdogar.

So’nggi 10 yil orasida qad rostlagan supermarketlarni asosan poytaxtda ko’plab uchratish mumkin. Avvallari faqat boylarning xarid do’koni hisoblangan supermarketlarda bugun o’rtahol tabaqa vakillariga ham duch kelasiz.

MUXBIR: Siz mana supermarketdan chiqayapsiz, nimalar xarid qildingiz?

XARIDORLAR: “Koka-kola xarid qildim. Bir xil narsa bu yerda arzon, bozorga qaraganda”.

“Qiyma oldik, go’sht oldik. Go’shtlari yaxshi, sifatli”.

“Bozorda alg’ov-dalg’ov-de hamma joy, u tomon yugurish kerak, bu tomon yugurish kerak. Bu yerda hamma narsa joyida. Gigiyenaga muvofiq, qulay ham. Narxlariyam bozorga qaraganda bir xillari arzon, bir xillari qimmat. Endi o’shanga qarab, taqqoslab olaveramiz”.

Faqat maosh va nafaqa bilan kun ko’ruvchi aholi vakillari esa supermarketlardan savdo qila olmasliklarini aytishadi.

“U yerdan 100 mingga bitta kiyim olasizmi? Hammasi 100 ming bo’lsa, 200 ming so’m bo’lsa, qanaqa qilib kiyim olish mumkin? Oyligingiz 20 mingdan bo’lsayu, ololmaysiz sifatli kiyimlarni. Sifatsizlarni esa arzonroq bo’lsa kiyib ketish mumkin”.

“Endi odamlarning oyligi o’rta hisobda 25-30 mingni tashkil qilsa, bolalarni boqish kerak, kiydirish kerak, menimcha har doim supermarketdan xarid qilishga imkoniyat bo’lmaydi”, - deb aytishadi ayrim toshkentliklar.

Iqtisodchilarga ko’ra, erkin bozorning eng oddiy talablaridan biri ehtiyojning taklifga mutanosib bo’lishidir. Keyingi paytlarda talab va taklifning nomutanosibligi iste’mol mollarining sun’iy ravishda narxi oshishiga olib kelgan. Narxlar, xarid quvvati va uning jamiyatga ta’siri haqida jurnalist-tijoratchi shunday deydi:

“Iste’mol mollarining narxi oshishi aholining xarid quvvatini pasaytiradi. Bunday sharoitda iste’mol savati g’ariblashadi va aholi qatlamlarining kerakli mahsulotlarni xarid qilmasligi oqibatida, to’yib yeyilmagan ovqat, yoki vaqtida kiyilmagan liboslar tufaylimi, aholining qashshoqlashuvi oshib ketadi. Mening nazarimda bu aholining sog’ligiga, kayfiyatiga ham ta’sir ko’rsatsa kerak. Mahsulotlar kamayishi, sun’iy ravishda narxlar oshishi esa o’sha jamiyatda aholining ertangi kunga ishonchining susayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatmasdan qolmaydi”.

Bugun ozbekistonliklarning asosiy qismi xarid uchun faqat supermarket yoki bozorlarni emas, balki arzon mahsulot bor joyni tanlamoqda. Ba’zi kuzatuvchilar fikricha, aholining daromadi past bo’lgani holda iste’mol mollari xarid qilish quvvati tobora susayib borayotgan ayni sharoitda, maoshlarni keskin oshiribgina talab va taklif mutanosibligini saqlash mumkin.

XS
SM
MD
LG