Breaking News

Toshkentda eski buyumlar savdosi quloch yozmoqda


Toshkentning serqatnov ko'chalari, bozor-u do'konlari atrofida eski buyumlar, yoyma bozorlari paydo bo’lgan. Avvallari bunday buyumlarni uy egalari kerak bo’lmagani uchun sotishgan bo’lsa, bugun tirikchilik uchun zarur boshqa ehtiyojlarini qoplash uchun sotishayotganini aytishadi. Ayni paytda ko’chama-ko’cha yurib, odamlardan ishlatilgan turli xil buyumlar sotib olib kun ko’rayotganlarni ham uchratish mumkin.

Toshkentning turli mavze va mahallalarida, ko’p qavatli binolar atrofida eski kiyim-u buyumlar sotib olamiz deb yurgan ayollarni bot-bot uchratish mumkin. Yelkasiga katta xalta, qoplar orqalagan bu ayollar eski poyafzaldan tortib eski tog’oragacha, eski sholcha-yu gilamdan eski gazmolgacha xarid qilishlarini aytishadi.

Ozg’in yelkasiga katta xalta ortmoqlab, bir qo’lida chamasi 3-4 yoshdagi qizchasini yetaklagan shunday ayollardan birini suhbatga tortdim. Undan ko’chama-ko’cha kezib, eski narsalar yig’ishining boisini so’radim.

“-Tirikchilik. Ikkita bolam bor. Farzandlarim uchun shu ish bilan shug’ullanaman. Narsalarni arzon olib, qimmatroq sotaman. Eski narsalar, kiyim-kechaklar, oyoq kiyimlar olamiz. Bularni bozordagi eski narsalar sotib o’tiradiganlarga sotamiz. Bir kunlik xarajatimga yetishi uchun, bolalar och qolmasligi uchun. Men shu ish orqasidan ikki-uch ming so’m topaman”, deydi ismini Sanobar deb tanishtirgan bu ayol.

Uning aytishicha, uning ikkita bolasi bor. Turmush o’rtog’i qorovul bo’lib ishlaydi. Biroq uning oyligi ro’zg’or tebratishga yetmaydi. Bunday ish bilan shug’ullanayotgan faqat men emasman, deydi u.

“-Bu ish bilan shug’ullanadigan ayollar ham ko’p. Ko’pchilik, hammasi ro’zg’or uchun, bola-chaqasi uchun shu ish bilan shug’ullanadi. Eski narsalarini ruslar ham, o’zbeklar ham, qiyinchilik ko’rganlar, ro’zg’origa yetmaganlar, non uchun qiynalganlar beradi”, deb aytadi Sanobar.

Kuzatuvchilar so’nggi yillar xoh rus, xoh mahalliy xalq vakillari orasida bo’lsin, non, oziq-ovqat topib farzandlarini boqish ilinjida uydagi eski kiyim va buyumlarini sotishga majbur bo’layotganlar ko’payganini aytishadi. Bu holga poytaxtning ayrim bozor hamda do'konlari atrofida duch kelish mumkin.

Farhod bozori yaqinidagi savdo do'konlari etagida joylashgan yoyma bozorlarning birida bo’ldim. Beixtiyor ko’zingiz yerga to’shalgan qog’ozlar ustidagi mixdan tortib to kiyim kechag-u, idish tovoqqa qadar va uni sotish ilinjida xaridor kutayotgan erkak va ayollarga tushadi. Ular orasida bir paytlar prokuraturada ekspert bo’lib ishlagan bir ayolni uchratdim. Uning aytishicha, nafaqasi ro'zg’or tebratishga yetmagani sabab, uydagi narsalarni sotishga majbur bo’lmoqda ekan.

“-Majburman, soat to’rt yarim, beshdan turib, joy olib, uyimizdagi eski-tuski, ishqilib o’tadigan biror narsalarni sotib, 1-2 ming so’m non puli bo’ladimi deb kelib, shu erda kechgacha o’tiramiz. Pensiyamiz kam, o’qiydigan bolam bor. Qiynalganimdan, majburligimdan shu yerga kelib o’tiribman. Uyimdagi kiyilmaydigan eski kiyimlar, anavi yerga to’shab qo’yibman, temir-tersak, bir-lkkita kastryulkam, tog’oracham, lagancham bor. Sababi yetishmovchilik. Yetsa, mana shu yerga tuproq yutib kelib o’tirarmidik”, deydi ayol.

Bu yoymalar atrofida turli buyumlar narxi bilan qiziqayotgan yoki xarid qilayotgan kishilarni uchratish mumkin. Bir paytlar birovning eskisini irim qilib olmaydigan mahalliy xalq vakillari bugun bunday narsalarni bemalol xarid qilishayotgan ekan, buning boisini xaridorlardan biri shunday izohlaydi.

“Eski narsalar sotiladigan bozor magazinlarga nisbatan, ro’zg’orga narsa olish uchun ancha arzon. Shuning uchun biz shu yerga ro’zg’orga narsa olish uchun xarid qilgani kelamiz. Bugun ro’zg’orga tarelka, kastryulka, shunday narsalar olgani chiqqanmiz. Endi nisbatan arzon, tutilganligi uchunmi, ancha arzon. Ro’zg’orga tutilsa bo’ladi, yaxshi, sifatli. Uydagi toza narsalarini sotgani olib chiqqan. Ro’zg’or uchun bemalol ishlatsa bo’ladi”, deb aytadi xaridor ayollardan biri.

Kuzatuvchilarga ko’ra, bundan 10-15 yil ilgari Toshkentning faqat “Tezikov” nomli bozoridagina eski narsalar sotib olish mumkin bo’lgan. Keyingi yillar shaharning turli go’shalarida eski buyumlar yoymalarining paydo bo’lgani va unda nafaqaxo’rlar-u, nogironlar, turli yoshdagi erkagu ayollarning eski narsalarni sotish bilan mashg’ul bo’layotgani ko’pchilik aholi turmushi farovonligidan dalolat bermayotgandek.

XS
SM
MD
LG