Breaking News

O'zbekistonda xalqaro tashkilotlardan qutulish siyosati kun tartibida


6 iyun kuni Toshkent shahar apellyatsiya sudi AQShning Kounterpart Interneyshnel (Counterpart International) tashkiloti vakolatxonasini yopish haqida chiqarilgan fuqarolik sudi qarorini o`z kuchida qoldirgan. Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekistonda nohukumat tashkilotlariga bosimlar Rossiya tavsiyalariga ko’ra yanada kuchayishi mumkin.

Kounterpart Interneyshnel vakolatxonasi xodimlari Toshkent shahar fuqarolik sudining vakolatxona faoliyatini tugatish haqidagi qaroriga nisbatan o`z noroziliklarini bildirishgan va shikoyat tartibida murojaat qilishgan edi.

Matbuotda berilgan xabarga ko`ra, vakolatxona himoyachisi avvalgi sud jarayonida qonunchilik holatlari buzilganini bildirgan. Apellyatsiya tartibida o`tgan sud jarayoni advokat tomonidan bildirilgan e`tirozlarni inobatsiz qoldirgan va O`zbekistonda Kounterpart Interneyshnel tashkiloti faoliyatini tugatish haqidagi qarorni asosli deb topgan.

Kuzatuvchilarga ko`ra, ayblovlardan qat`iy nazar O`zbekistonda faoliyat yuritayotgan xalqaro tashkilotlarni tugatish siyosati izchil davom etmoqda.

Samarqandda o`tgan sud jarayoni natijalariga ko`ra, AQShga qarashli CAFÉ xalqaro tashkilotining Samarqand viloyat bo`limi missionerlikda ayblanib tugatildi. Xuddi shunday ayblov bilan tashkilotning Nukusdagi, Farg`onadagi va Qo`qondagi bo`limlari tugatilgan edi. Yaqinda esa Adliya vazirligi Britaniyaga qarashli “Taraqqiyot uchun Hamkorlik” (Partnership for Development Organization) tashkilotining faoliyati bo`yicha o`z e`tirozlarini bildirib o`tdi.

Bundan avval esa O`zbekistonda ta`lim sohasidagi hamkorlikda faoliyat yuritib kelgan IREX va ACCELS kabi AQShga tegishli xalqaro tashkilotlar faoliyati tugatilgan edi.

Rasmiy Toshkent nodavlat tashkilotlarni nizomdan tashqari faoliyat yuritganlikda, rasmiy idoralar bilan muvofiqlashtirilmagan harakat olib borganlikda, mahalliy nodavlat tashkilotlarga qonunga xilof ravishda ko`mak ko`rsatganlikda ayblab kelmoqda.

Kuzatuvchilar xalqaro tashkilotlarni mamlakatdan chiqarish bir qator maqsadlarni ko`zda tutganini urg`ulashadi. Jumladan, G`arb bilan turli yo`nalishdagi aloqalarni to`xtatish, nodavlat tashkilotlarni faollashuviga to`sqinlik qilish, yoshlarni demokratik g’oyalardan uzoq saqlash va hukumatning faol fuqarolik jamiyati barpo etilishidan manfaatdor emasligidir.

Kuzatuvchilar talqin etayotgan siyosatning davomiyligi, jumladan yoshlarning tashqi dunyo bilan aloqalarini chegaralash, talabalar tomonidan bir qator e`tirozlarga sabab bo’lmoqda.

Ilmiy izlanish qilayotgan yoshlardan biriga ko`ra, hozirda talabalarda Rossiya yoki Xitoyga borib ta`lim olish xohishi emas, balki ta’lim tizimi shakllangan AQShda va Yevropa mamlakatlarida o`qish istagi kuchli.

“G`arb tashkilotlari Markaziy Osiyo, O`zbekiston yoshlarining ana shu maqsadlariga yordam ko`rsatib kelayotgan edi. Bu tashkilotlarning yopilishi ularga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Endilikda xorijga borib o`qishni orzu qilgan talabada yoki pul bo`lishi kerak yoki rostdan ham omadi chopgan bo`lishi kerak”, - deydi talaba.

Ayrim kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekiston hukumatining G`arbga va xalqaro tashkilotlarga nisbatan ko`rsatayotgan bosimida Rossiya tomonidan yo`naltirilgan siyosat ham ahamiyatga ega.

Yaqinda MDH davlatlarining xafsizlik xizmatlari uchrashuvida, Rossiya xavfsizlik xizmati rahbari Nikolay Patrushev buni ochiq e`tirof etganligi urg’ulanadi. Patrushev sobiq ittifoq hududidagi hamkasblariga MDH hududidagi g`arbiy nodavlat tashkilotlarini ayg`oqchilik asoslarida tekshirishni kuchaytirish haqida tavsiyalar bergan.

Ekspert Toshpo`lat Yo`ldoshevning ta`kidlashicha, Patrushev tavsiyalari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nodavlat tashkilotlarga qarshi uyushtirayotgan bosimlari ruhida aytilgan.

Unga ko`ra, bunday tavsiyalar bilan Rossiya AQShga qarshi bo`lgan ittifoqchilarni yig`ishdek siyosiy maqsadni ko`zlayapti. Bu tavsiyalar natijasida O`zbekistondagi nodavlat tashkilotlarga bosimlarning yanada kuchayishini kuzatish mumkin.

Kuzatuvchilar nazarida, Rossiya vakili tomonidan strategik manfaatlar maqsadida berilgan tavsiyalar aynan O`zbekiston tomonidan siyosiy yo`nalishlardan biri sifatida qabul qilingan.

XS
SM
MD
LG