Breaking News

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti besh yilligini nishonlash arafasida


Keyingi vaqtlarda Markaziy Osiyo respublikalarining nafaqat siyosatga qiziquvchi ziyolilari orasida, balki oddiy odamlar orasida ham Shanxay iqtisodiy hamkorligiga kelajakda taraqqiy etuvchi tashkilot sifatida qarovchilar ko’paymoqda.

Tojikistonda mehmon bo’lib turgan qozog’istonlik tadbirkorga ko’ra, kelajakda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) faqat Yevrosiyoda emas, jahonda ham hukmini o’tkazadigan katta kuchga aylanishi mumkin. Yaqin orada yadro quroliga ega bo’lgan Hindiston, Pokiston va Eronning tashkilotga a’zo bo’lishi yuqoridagi fikr isboti bo’lib xizmat qiladi.

“Bir-ikki yildan so’ng Eron yadro quroliga ega bo’ladi degan taxmin bor. Hozir esa Shanxay tashkiloti yetakchilari nima bo’lsa ham Eronni Amerika bosimidan himoya qilishlari lozim. Shunda jahonning besh yadroviy davlati dunyoda qutblashgan kuch markazini tashkil etadi”, -deydi nomini tilga olishni istamagan qozog’istonlik tadbirkor.

ShHT a’zolarining Pekindagi uchrashuvida Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Talbak Nazarov tashkilotga yangi a’zolar qoshmaslik borasida so’z yuritgan edi. Qozog’istonlik tadbirkor bu kabi gaplar uning yurtida ham, Rossiyada ham, Xitoyda ham aytilayotganini, ammo bu shunchaki siyosiy o’yin ekani gapiradi. "Kim o’z salohiyatini oshirshni istamaydi? Bu mantiqqa zid tushunchadir”, -deydi suxbatdoshimiz.

Tojikistonlik jurnalist Maqsud Jo’ra, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Eronning kuzatuvchi sifatida taklif etilishiga nisbatan G’arb bildirayotgan xavotirlar o’rinsiz, deydi.

“AQSh Shanxay tashkilotida Eronning paydo bo’lishidan cho’chimasligi lozim. Chunki, Eron bu tashkilotda faqat kuzatuvchi sifatida qatnashadi, xolos. Shanxay tashkiloti a’zolarining ham, Eronning ham mintaqada iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatlari bor. Maqsad Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, tinchlikni saqlash va terrorizmga qarshi kurashni rivojlantirishdan iborat xolos”, -deydi jurnalist Maqsud Jo’ra.

Tojikistondagi “TONG” ijtimoiy-siyosiy mustaqil gazetasi bosh muharriri Mirzohakim Qobilov, mintaqada, Amerika o’z ta’sirini kuchaytirishga ishtiyoqmand ekaniga urg’u berarkan, vaqti kelib tashkilot jahonda muqobil kuch sifatida maydonga chiqishi mumkinligini ta’kidlaydi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Afg’oniston va Mo’g’ilistonning ham kirishi ehtimoldan yiroq emas, deydi Mirzohakim Qobilov. Unga ko’ra, agar AQSh bu tashkilot a’zolariga bosim qilishda davom etsa, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti harbiy siyosiy blokka ham aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyodagi kuzatuvchilar hozircha Shanxay Tashkilotiga boshqa davlatlar a’zo qilinmasligini aytmoqda. Biroq, jurnalist Maqsud Jo’raga ko’ra tashkilotga Eronning a’zo bo’lishi, AQShning mintaqadagi nufuziga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Mahalliy siyosathunoslar Tojikiston bilan milliy va madaniy birlikda bo'lgan va mamlakat uchun muhim iqtisodiy hamkor bo’lib qolayotgan Eronning Shanxay Hamkorlik Tashkilotida bo’lishi respublika aholisi tomonida quvvatlanmoqda. Ammo siyosiy andisha tufayli, bu haqda rasmiy Dushanbe ochiq aytmaydi.

XS
SM
MD
LG