Breaking News

Sobiq Sovet hududi aholisi kamayib bormoqda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti chiqargan yangi hisobotga ko’ra, bugun sobiq Sovet respublikalari hududida 285 million kishi istiqomat qiladi. 2025 yilga borib aholi soni 13 millionga kamayadi va 272 millionni tashkil etadi, deyiladi hisobotda.

Ushbu bashoratlar BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo’yicha boshqarmasi o’tkazgan demografik tadqiqotlarga asoslanadi.

Sobiq Sovet hududi aholisining 50 foizi Rossiyaga to’gri keladi, ammo mamlakat aholisi yildan yilga kamayib borayotgani aytilmoqda. 2025 yilga borib bu ko’rsatkich 47 foizga tushadi, deyishmoqda BMT ekspertlari.

Ayni paytda hududdagi umumiy aholining 16 foizi yashayotgan Ukrainada ham aholi kamayayapti. 20 yildan so’ng bu ko’rsatkich 2 foizga tushadi.

O’zbekistonga kelganda, iqtisodiy tanglikka qaramasdan, aholi sonining o’sishi kuzatilmoqda, deyishadi BMT vakillari. Ular hisobiga ko’ra, hozirda O’zbekiston sobiq Sovet hududi aholisining 9 foizini tashkil qilmoqda. 2025 da bu ko’rsatkich 12.5 foizga yetadi.

Sobiq Sovet respublikalari orasida aholisi o’sib borayotgan mamlakatlar qatorida Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Ozarbayjon ham qayd etilgan. Qozog’iston va Armanistonda aholining tabiiy ko’payishiga qaramasdan, migratsiya jarayonlari aholi sonining kamayishiga olib kelmoqda, deydi BMT mutaxassislari.

XS
SM
MD
LG