Breaking News

Yaponiya Markaziy Osiyodagi mavqeini oshirish niyatida


Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyatga bag`ishlanib yaqinda Tokioda o`tkazilgan xalqaro anjumanda Yaponiya Markaziy Osiyosidagi jarayonlarda foal qatnashish ishtiyoqini bildirgan.

Yaponiya tomonidan mintaqaga bo`lgan qiziqish yangilik emas. Mintaqa davlatlari mustaqillikni qo’lga kiritgan paytlarda yapon hukumatining “Markaziy Osiyo va Yaponiya” dasturi ishlab chiqilgan va bu dasturga ko`ra yapon hukumati mintaqa davalatlari bilan aloqalarni kuchaytirishni maqsad qilgan edi.

Yaponiyaning mintaqa hayotidagi aralashuvi bir qarashda ko`zga tashlanmaydi va ko`proq ta’lim, sog’liqni saqlash va boshqa ijtimoiy ko`rinishdagi moddiiy ko`maklardan iborat. Bundan tashqari Yaponiya rasmiylari tomonidan mintaqada kechayotgan siyosiy jarayonlar yoki ijtimoiy voqelikka nisbatan ochiq munosabat ham sezilmaydi.

Tokiodagi anjuman ishtirokchisi siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatlaridagi o`zgarishlkar tahlil etilgan yig’inda Yevrosiyo hamjamiyati, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti va AQSh tomonidan taqdim etilayotgan Katta Markaziy Osiyo Loyihasi kabi mavzular munozaraga qo’yilgan.

Farhod Tolipovga ko`ra Yaponiyaning mintaqaga qiziqishi ortmoqda va yapon mutaxassislari orasida bu mavzu faol muhokama qilinmoqda.

“Ayrim olimlar Markaziy Osiyoning jug`rofiy jihatdan uzoqligini, shu sababli yapon geopolitikasining ustuvor yo`nalishi sifatida qaramaslik zarurligini aytishsa, ayrim olimlar aksincha, Markaziy Osiyo Yaponiya strategiyasining ustuvor yo`nalishi bo`lishini, mintaqa davlatlariga nafaqat iqtisodiy balki siyosiy jihatdan, demokratik tamoyillarni qaror toptirish jihatidan ham ko`mak ko`rsatish zarurligini uqtirishmoqda”.

Ayni paytda mintaqadagi geosiyosiy vaziyat shimoldan Rossiya, sharqdan Xitoy, janubdan Yevropa va AQSh ifodalayotgan yo`nalishlarni ko`zda tutadi.

Bu kuchli davlatlar qarshisida Yaponiyaning mintaqaga taklif qilayotgan loyihasi nima bilan farq qiladi?

“Markaziy Osiyo taraqqiyotini faqat mintaqaviy hamkorlik hisobigagina ko`radi. Shu orqali ko`rayapti va har qanday mintaqaviy makro iqtisodiy loyihalarni moliyalashtirishga harakat qilmoqda. Agar biz uchun ham mintaqaviy integratsiya muhum bo`ladigan bo`lsa, bu loyihada Yaponiyaning ishtiroki juda katta ahimayatga ega. Ko`rinib turibdiki, eng rivojlangan davlatlardan biri bo`lgan Yaponiya ham Markaziy Osiyoning taraqqiyot yo`lini faqatgina mintaqaviy birlik orqali ko`rmoqda”.

Markaziy Osiyodagi energetik zahiralar yonilg’i istemolchisiga aylanib borayotgan rivojlangan davlatlar qatorida Yaponiya uchun ham juda muhumligi urg`ulanmoqda.

Siyosatshunosga ko`ra mintaqa energetika zahirasini, boshqa zarur tovarlarni tashqi bozorga olib chiqish turli yo`nalishdagi savdo yo`llari tashkil etishni talab etadi.

Bu esa avvalo Markaziy Osyiyo davlatlaridan yagona bir iqtisodiy siyosatga birlashishlarini, mintaqa manfaatlarini ko’zda tutgan holda ishlashni talab etmoqda.

XS
SM
MD
LG