Breaking News

Turkmanistonda jurnalistlarga qarshi tazyiqlar kuchaymoqda


Turkmaniston jurnalistlarning faoliyat olib borishlari uchun xavfli maskanlardan bo’lib qolmoqda. Prezident Saparmurat Niyozov hukumati mamlakatda inson huquqlarining keng buzilish hollari haqida ochiq gapirganlarga qarshi tez-tez tazyiq o’tkazib turadi. Tazyiqlar kaltaklash, asossiz hibsga olish va istalgan vaqtga ushlab turish, tibbiy zaruriyatsiz ruhiy kasalxonaga joylashtirish, uy qamog’ida saqlash va qiynoqlarga solish ko’rinishida amalga oshiriladi.

Ayni damda bir necha jurnalist Turkmaniston qamoqxonasida saqlanmoqda. Ular orasida “Ozodlik” radiosi muxbiri Ogulsapar Murodova ham bor. U 18 iyun kuni hech qanday tushuntirishsiz hibsga olingan. Uning balog’atga yetgan uch farzandi ham ushlangan edi, biroq keyinchalik qo’yib yuborilgan. “Ozodlik” radiosini nazorat qiladigan AQSh Radio va televideniye boshqaruvchilarining kengashi Turkmaniston hukumatidan Murodovani ozod etishni va jurnalistlarning axborotni to’plash va uzatish huquqlariga xuruj qilmaslikni so’ragan. “Ozodlik” radiosining yana ikki mahalliy muxbiri mart oyida hibsga olingan edi, biroq axborot uzatmaslikka va’da bergach, qo’yib yuborilgan.

Repressiv turkman hukumatining yana bir jabrdiydasi Onnaqurbon Omonqilchevdir. U Turkmanistondan turib Fransiyaning “Chet-el muxbiri” deb nomlangan teledasturiga axborot bergani tufayli chet-el davlati foydasiga josuslikda ayblangan. Fransiyaning Ikkinchi telekanalida namoyish etilgan hujjatli filmda prezident Niyozovga sig’inish hollari va inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yoritilgan. “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, iyun oyida hibsga olingan Omonqilichev qiynoqlarga solingan. Oilasining ba’zi a’zolari ishlaridan, farzandlari maktabdan haydalganlar, do’stlari kuzatuv ostiga olingan.

Sapardurdi Hojiev Murodova bilan bir kunda hibsga olingan. U Inson huquqlari bo’yicha Xalqaro Xelsinki Federatsiyasida ishlaydi.

Onnaqurbon Omonqilichev, Ogulsapar Murodova va Sapardurdi Hojievlar Turkmaniston hukumati tomonidan qamoqqa adolatsiz ravishda mahkum etilgan va butunlay ozod etilishlari kerak. Qo’shma Shtatlar, deydi Davlat kotibasi Kondoliza Rays, inson huquqlari bo’yicha olgan majburiyatlaridan qaytgan davlatlarni tartibga chaqirishi kerak. Ayniqsa jurnalistlarga qattiq tazyiq o’tkazayotgan Turkmaniston kabi davlatlarni.

XS
SM
MD
LG