Breaking News

Jurnalist ayol Turkmaniston qamoqxonasida jon berdi


Turkmanistonda esa yaqinda olti yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan “Ozodlik” radiostansiyasining 58-yoshli muxbiri Og’ulsapar Murodova kecha qamoqda jon bergan.

Hukumat Murodovaning o’z ajali bilan o’lganini qayd etmoqda, biroq matbuot erkinligi uchun kurashadigan va bosh idorasi Parijda joylashgan “Chegarabilmas Muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, Og’ulsapar Murodova qamoqxonada qattiq do’pposlangan.

Tashkilotning Vashingtondagi vakili Lyusi Moriyonning aytishicha, bunga uning oila a’zolari amin bo’lishgan.

"Murodovaning farzandlari onasining o’limidan xabar topgach, morgga borganlar va u yerda onalarining boshi va tanasining boshqa joylarida chandiq va izlar borligiga guvoh bo’lganlar. Bu zo’ravonlik oqibatida olingan tan jarohatlaridir," - deydi Moriyon xonim.

Og’ulsapar Murodovaning o’limi haqidagi xabar tarqalgach, “Chegarabilmas Muxbirlar” tashkilotining 20 dan ziyod faoli Turkmanistonning Parijdagi elchixonasiga bostirib kirgan.

Tashkilot vakili Lyusi Moriyonga ko’ra, faollar jurnalist ayolga aslida nima bo’lganini bayon qilishni va Murodova bilan bir vaqtning hibsga olingan muxolifatning ikki nafar faolining ozod etilishini talab qilgan.

Biroq elchixona xodimlari politsiyaga murojaat etgandan so’nggina, “Chegarabilmas Muxbirlar” tashkiloti faollari elchixona binosini tark etishga majbur bo’lgan. Tashkilot Murodovaning o’limi bo’yicha tergov o’tkazilishiga chaqirmoqda. Iyun oyida hibsga olingan Og’ulsapar Murodova qurollarni noqonuniy ravishda saqlaganlikda ayblanib, avgust oyida qamoqqa tashlangan edi.

XS
SM
MD
LG