Breaking News

AQSh-O'zbekiston aloqalari mahalliy matbuotda muhokama ostida


AQSh O`zbekiston suvereniteti va mustaqilligini to`la qo`llab-quvvatlashini ta’kidlamoqda. O`zbekiston matbuoti esa mustaqillikka bag`ishlangan sonlarida O`zbekiston-AQSh munosabatlariga nazar tashlagan.

AQSh prezidenti Jorj Bush - O`zbekiston mustaqilligi munosabati bilan mahalliy matbuotda e`lon qilingan tabrigida - AQSh va O`zbekiston o`rtasida 2002 yilda imzolangan strategik sheriklik bitimida ikki tomonlama munosabatlarni xalqaro terrorchilikka qarshi kurash va demokratik islohotlar yo`lida rivojlantirishga kelishilganini ta`kidlab o`tadi.

Prezident Jorj Bush mustaqillikning 15 yilligini nishonlayotgan O`zbekiston xalqini tabriklar ekan, AQShning strategik bitimda ifodalangan keng ko`lamli dasturga, demokratik islohotlarga, O`zbekistonning to`la suvereniteti va mustaqilligini ta`minlash pozitsiyasiga sodiq qolishini bildiradi.

Rasmiy matbuotda mustaqillik munosabati bilan AQShda O`zbekiston elchixonasi tomonidan o`tkazilgan brifing haqida maqola chop etilgan. O`zbekiston prezidentining kitoblaridan biri ingliz tilida chop etilgani munosabati bilan o`tkazilgan brifingda AQSh-O`zbekiston munosabatlari muhokama qilingan.

Maqolada Andijon fojeasi rasmiy Vashington tomonidan no`to`gri tushunilgani, mutaxassislarning terrorizmga qarshi kurashda O`zbekiston qo`llab-quvvatlanishi haqidagi fikrlariga o`rin beriladi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, ayni paytda G`arb va O`zbekiston o`rtasidagi keskinlashgan munosabatni muhokama qilish harakatlari boshlangan.

AQSh davlat kotibi muovini Richard Baucher va qisman Yaponiya bosh vazirining O`zbekistonga tashrifi, O`zbekiston matbuotida AQSh bilan rasmiy aloqalarga doir maqolalarning paydo bo`lishi - shunday jarayon boshlanayotganidan dalolat deb baholanmoqda.

AQSh bilan aloqalarning keskinlashishi yuzlab tinch aholi qurbon bo`lgan Andijon fojeasini mustaqil tergov qilish talabi rad etilgach boshlangan edi. Hozirgacha bu borada tomonlar pozitsiyasida o`zgarish bo`lgani ma`lum emas.

Mahalliy ekspertlardan biri Toshpo’lat Yo`ldoshev fikricha, AQSh pozitsiyasi bu borada o`zgarishsiz, va bu pozitsiya xalqaro jamoatchilik pozitsiyasini ham ifoda etadi:

“AQSh ma`muriyatining bu boradagi siyosatini shakllantirishda xalqaro tashkilotlar, demokratik kuchlar muhim o`rin tutadi, AQSh siyosatiga o`z ta’sirini o`tkazadi. AQSh uchun demokratik islohotlar, inson huquqlari o`ta muhim. Lekin keskinlik bor joyda kelishuvga borish uchun harakat qilish kerak. Yaponiya bosh vazirining tashrifi chog’ida ham inson huquqlari, demokratik islohotlar keskin talab sifatida qo`yildi. Hozirgi vaziyatni nazarga oladigan bo`lsak, AQSh va O`zbekiston aloqalarining iliqlashishida biror imkoniyatlar borligini ko`rmayapman”, - deydi Toshpo’lat Yo`ldoshev.

AQSh davlat kotibi muovini Richard Baucher O`zbekistonga tashrifi chog’ida AQSh va O`zbekiston o`rtasida imzolangan strategik sheriklik bitimi o`z kuchida qolishini ta`kidlab o`tgandi.

Mazkur strategik shartnoma O`zbekistondan demokratik islohotlar o`tkazishni ham talab etadi.

Kuzatuvchilarga ko`ra, ayni paytda bu bitim faoliyati O`zbekiston tomonidan mutlaqo to`xtatilgan, mamlakatda AQShga qarashli tashkilotlar tugatilmoqda, hukumat demokratik islohotlarni rad etmoqda, muxolif partiya vakillari, huquq himoyachlari tazyiq ostida. Iqtisodga erkinlik berilmayapti.

Siyosatshunoslar nazarida, hukumat tomonidan yuritilayotgan bu siyosat O`zbekistonning tashqi imkoniyatlarini tor doiraga tushirgan, milliy manfaatlar himoyasini cheklagan.

XS
SM
MD
LG