Breaking News

Ijtimoiy himoya qarori tadbirkorlar cho'ntagidan qoplanishi mumkin


O`zbekiston prezidentining ijtimoiy muhofaza bo’yicha yangi qarori e`lon qilindi. Kuzatuvchilarga ko`ra, qaror siyosiy maqsadni ko`zlaydi. Hukumatning ijtimoiy himoya dasturi tadbirkor fermerlar uchun qimmatga tushishi aytilmoqda.

O`zbekiston prezidentining 8 sentyabr kuni e`lon qilingan qarori “2007-2010 yillarda keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy muhofaza qilish va ularga ijtimoiy xizmat ko`rsatishni yanada kuchaytirish chora tadbirlari dasturi to`g`risida” deb nomlanadi.

Prezident qarorida mamlakatda keksalarni va nogironlarni qo’llab-quvvatlash ishlari izchil amalga oshayotganligi ta`kidlanar ekan, yolg’iz qariyalar yashayotgan bir qancha saxovat uylari ta`mirdan chiqarilgani, keksalarga, nogironlarga, ko`p bolali oilalarga beriladigan yordam hajmi 47 milliard so`mga yetgani aytiladi.

Dastur vazifalari sifatida ijtimoiy yordam tizimini takomillashtirish, yolg`iz qariyalarga qarashli yu-joylar ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy xizmatda yangi usullarni joriy etish belgilanadi.

Shuningdek, qarorning uchinchi bandida mazkur amaliyotlar uchun homiylik mablag`larini keng jalb etish belgilab qo`yilgan.

Kuzatuvchilarga ko`ra, qaror amaliyoti yana majburiy ravishda tadbirkorlar zimmasiga tushadi. Misol tariqasida bundan sal avval qabul qilingan “nisbatan kambag`al oilalarni qoramol bilan ta’minlash haqidagi qaror” keltiriladi.

O`zbekistonlik fermerlardan biri prezidentning qashshoq oilalarni qoromol bilan ta’minlash haqidagi qarori asosan joylardagi fermerlarga yuklatilganini, har bir fermerdan 50 ming so`mdan so’ralganini ta’kidlaydi.

“Ayrim fermerlar bizga kim yordam beradi, deb qoramol uchun pul berishmadi, lekin shifokorlar va homiylar yili munosabati bilan tumandagi har bir fermerdan 100-150 ming so`mdan yig`ib olishdi. Viloyatda katta zavod-fabrikalar yo`qligi uchun butun to`lov fermerlar zimmasiga yuklatilgan emish”, - deydi fermer.

Oddiy fuqarolarning aytishicha, O`zbekistonda ijtimoy muhofaza dasturi mahalliy hokimiyatlar tomonidan qo’yilayotgan turli to`siqlarga uchrayapti. Ijtimoiy yordam evaziga aholi majburiy mehnatga jalb qilinadi.

Andijonlik fuqaro, ikkinchi guruh nogironi Dilshod Po’latovga ko`ra, mahalla qo`mitalarida ko`p bolali ayollarga 9-10 kilodan temir yig’ib kelish buyurilgan. Faqat aytilgan miqdorda temir yig’ib kelganlarga ijtimoiy yordam ko`rsatiladi.

“Men o`zim guvohi bo`ldim, sababini so’rasam yuqoridan berilgan topshiriq deyishdi. Axlat titkilab temir yig’ishga majbur, bo`lmasa ayollarga ijtimoiy yordam puli berilmaydi”, - deydi u.

Mahalla qo`mitalaridan ijtimoiy yordam oluvchilarga nisbatan qo’yilayotgan bu shartlar O`zbekiston prezidentining yaqinda e`lon qilingan boshqa bir qaror – qora, rangli metallar nazorati, bu sohani rivojlantirish haqidagi farmonidan so`ng qo`llanila boshlangani ta’kidlab o`tilmoqda.

Mustaqil kuzatuvchilar mazkur qarorni O`zbekistonda yaqinlashayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog’lashadi.

Jizzaxlik huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev fikricha, saylov yaqinlashishi bilan odatda bu kabi qarorlar chiqa boshlaydi, lekin O`zbekiston hukumatida qarorda belgilangan choralarni bajarish uchun imkoniyat yo`q.

“Bu shunchaki xalq og`zida bo`lish uchun chiqarilyapti. Qarorda falon kvadrat metr joy ta`mirlangan deb yozilgan, lekin Jizzaxdagi qariyalar uyi nomigagina usti oqlandi xolos. Boshqa joylarda ham xuddi shu qabilida ish tutilgan. Bu qariyalar uyini ichkarisiga kirsangiz dahshat - hojatxona umumiy, berilayotgan yordam kundalik ehtiyojlarni qoplamaydi”, deydi Baxtiyor Hamroyev.

Ijtimoiy yordam, deydi huquq faoli, sal o’zini tiklayotgan fermerlar, tadbirkorlar hisobiga ko`rsatiladi va endigina oyoqqa turayotgan tadbirkorlarni xonavayron qiladi.

Kuzatuvchilar hisobicha, O`zbekiston aholisining 80 foizdan oshig`ini ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamga qo`shish mumkin. Bu aholiga yordam ko`rsatish birinchi navbatda iqtisodiyot ustidan nazoratni bekor qilishni, aholiga tanlash, saylash erkinligini berishni talab etadi.

XS
SM
MD
LG