Breaking News

Qonli tarix: Sho'ro davridagi qatag'onlar yodga olinmoqda


O’zbekistonda mustaqillikning 15 yilligi nishonlanar ekan, ayrim o’zbekistonliklar mustamlakadan ozod bo’lish qonsiz, ortiqcha to’s-to’polonsiz qo’lga kiritilganidan shodliklarini bildirishadi. Biroq aslida ham shundaymikan?

Mutaxassislar fikricha, Chor Rossiyasi, so’ng esa Sovet Rossiyasi tomonidan bosib olingan O’zbekistonda 130 yildan ortiq mustamlaka sharoitida - mustaqillik uchun kurash uzoq yillar davom etgan.

Mamlakat ozodligi uchun kurashgan o’zbekistonliklar shafqatsizlarcha qatl etilgan. Tarixshunoslarga ko’ra, Iosif Stalin hukmronlik qilgan davrda barcha respublikalardagi kabi O’zbekistonda ham qatag’on siyosati ming-minglab odamlar umriga zomin bo’lgan.

“Mana, hozir turgan joyimiz tabarruk joy. Shu joylar bir jarlik, ovloq joy edi. Bu Yunusobod tomonga o’tib bo’lmagan. Shu yerlar chakalakzor, to’qayzor, yovvoyi hayvonlar ham bo’lgan, uning ustiga hamma yoqdan kelgan o’g’ri-o’truklar mana shu Alvastio’rikning tagiga tushib, kim o’tsa, to’nab, o’ldirib, talash boshlashgan. Bo’zsuvdan buyog’i Yunusobod tomonga o’tish xavfli bo’lgani uchun hech kim o’tmagan. KGB ham hech kim yo’q joyni tanlagan-da, mana shu yerda uchta qatilgoh yaratgan,” - Toshkentning Shahidlar xiyobonidagi Bo’zsuv anhori yonida suhbatdoshim, tarixshunos olim Sobir Mirvaliyev eslaydi.

“Shaxsan biz bolaligimizda shuni o’zimiz ko’rganmiz. Mana shu tepalikda 3-4 ta quduqsimon o’ra bo’lardi. Shu o’ralarning atrofi ertalab o’tayotganda axlatga to’lib qolardi. Kechasi kelib odamni otarkan-da, ustidan aravalarda axlatni to’kib ketilaverarkan,” - deb eslaydi Sobir Mirvaliyev.

O’zbekistonda qariyb 130 yil mobaynida mustamlakachilik siyosati tufayli bir necha bosqichlarda qatag’onlar davom ettirilgan. Ayniqsa, Stalin davri qatliomida millat ham, kasb ham tanlanmaganini aytishadi mutaxassislar.

1930 yilda, 3 yoshlik chog’imda bedarak yo’qoldi, deb hisoblangan otamni 63 yoshga kirganimda daragini topdim, deydi jurnalist va tarjimon Xolida Ahrorova:

“Uch yoshimda otam ishga ketgancha, bedarak ketganlar. Muallim, jurnalist, diplomat Said Ahroriy shu ketgancha bedarak yo’qoldilar. Oyim ham, qarindosh-urug’larimiz ham hech nimani bilmaymiz. Tasodif tufayli men otam izini topdim. Men arxivdan otam haqidagi materialni so’raganimda, menga 18 tomlik jinoyat ishi va 2 tomlik ularni oqlashga, 20 tom ishni menga berishdi. Bu ishning nomi “Munavvar qori Abdurashidov, Salimxon Tillaxonov va boshqalar” deb ataladi. Shunda bildimki, bizning O’zbekistonda mustaqillik uchun juda katta kurash borgan ekan. Said Ahroriy, Munavvar qori Abdurashidov, Salimxon Tillaxonov va yana ikkitalari Moskvada 1931 yilda otilgan yashirincha va “Vaganka” qabristoniga qo’yilgan,” - deydi Xolida Ahrorova.

O’zbekistonda qatag’on etilganlar to’g’risida gap ketganda ayollar nomi deyarli tilga olinmaydi. Biroq “Shahidlar xotirasi” xayriya jamg’armasi rahbari Naim Karimov fikricha, ba’zi o’zbek ayollari Germaniyada o’qib kelishgani uchun, ma’lum qismi esa davlat arboblar, yozuvchi va ziyolilar xotini bo’lgani uchun ham qamalgan, otib tashlangan yoki surgun etilgan.

“O’sha 1937 yilda Xadicha Aliyeva degan bir ayol bo’lgan. U G’ozi Yunus degan bizning mashhur jurnalistimiz, yozuvchimizning rafiqasi. O’sha paytlarda o’zbek kishilarining ayollari uy bekalari bo’lishgan. Ular endi albatta erlarining nima bilan shug’ullanayotgani to’g’risida mukammal tasavvurga ega bo’lishgan emas. Shunga qaramasdan, Xadicha Aliyevani ham, boshqa yozuvchilarimizning ko’pchiligining xotinlarini ham qamoqqa olishib, ‘sen xalq dushmani bo’lgan eringni kontrrevolyutsion, aksilinqilobiy faoliyati to’g’risida tegishli tashkilotlarga xabar yetkazmagansan’, deb ularga ayb qo’yishgan va qamashgan. Bitta kamerada bir qancha ayollarimiz yotishgan ekan. Shunda bir kuni bitta xat chiqarishibdi-da, bu xat Cho’lpondan chiqarilgan ekan. Cho’lpon qo’shni xonada ayollarning yotganini bilib, ularga xat chiqarib, ‘siz zamonamizning qahramonlarisiz’ deb atagan ekan,” - deydi Naim Karimov.

90-yillardan beri arxiv hujjatlarini o’rganayotgan Xolida Ahrorova, sovet davri qatag’onlari yillar davomida, hukumat ko’rsatmalari asosida olib borilgani xususidagi hujjatlarga ham duch kelganini aytadi.

“Sovetlar mamlakatidagi respublikalar, oblast va o’lkalar bo’yicha qatag’on qilinajak sovet kishilari soni oldindan belgilab qo’yilgan ekan. 1937 yili 66 adresdan qanchadan odam qatag’on qilinishi ko’rsatilgan. Mana, misol uchun O’zbekiston SSRdan birinchi turkumda 750 kishi, ikkinchi turkumda 4 ming kishi, hammasi bo’lib 4050 kishi. Bu VKPB Markaziy Komiteti politbuyurosining qarori. Iosif Vissarionovich Stalin imzosi bilan.”

Mutaxassislarga ko’ra, O’zbekistonda sho’ro davridagi qatag’onlarda 100 mingdan ortiq odan hibs etilgan bo’lib, shulardan 20 mingga yaqini qatl etilgan. Tarixshunos olim Sobir Mirvaliyev:

“Bizning tariximiz juda murakkab. Qariyb 130 yil bizning O’zbekistonda, Turkistonda deylik, mustamlakachilik siyosati tufayli qatag’onlar davom etgan, bir necha bosqichlarda. Chorizm davrida, oktyabr to’ntarishidan keyin, 1920-30 yillarda, 1937 yilda eng kulminatsiyasiga chiqqan davri bo’lgan. Kimki masalan tergovga kirgan bo’lsa, avlod-ajdodi bilan ular hammasi hibsga olinavergan. Mana bu narsa urush davrida ham davom etgan. 1950 yilda uchinchi bir katta bosqich paydo bo’ldi. Shuhrat, Shukrullo, Said Ahmad, shunga o’xshagan juda katta bir guruh ziyolilar qamalib ketdi. O’sha asr boshidan boshlangan qatag’onlik toki 80-yillarning o’rtasigacha davom etdi,” - deydi tarixshunos olim Sobir Mirvaliyev.

Sovet davrida bosmachi deb nomlangan istiqlolchilar harakati sovet rejimiga qarshi bo’lganini aytishadi mutaxassislar. Tarixshunos olim Qahramon Rajabov:

“1918 yil fevral oyida Turkiston Muxtoriyati hukumatining Toshkent soveti tomonidan yuborilgan qurolli kuchlar tomonidan ag’darib tashlanishi, Qo’qon shahrining uch kun davomida talon-taroj qilinishi natijasida mintaqada mustabid sovet rejimiga, shu jumladan bosqinchi qizil armiyaga qarshi istiqlolchilik harakati boshlandi. Ma’lumki, Sovet davrida bu harakat bosmachilik sifatida aytildi va shu nom bilan u jahon tarixida o’ziga xos o’rin egalladi,” - deydi Qahramon Rajabov.

Tarixchilarning so’nggi yillarda olib borgan tadqiqotlariga ko’ra, Turkiston mustaqilligi uchun kurashda 1918-35 yillarda bir yarim millonga yaqin odam halok bo’lgan. Keyinchalik ommaviy ravishdagi qatag’onlar bu hisobga kirmaydi.

Samarqandda Ibodulla Qo’rboshi nomi bilan istiqlolchilar harakatiga bosh bo’lgan bobom o’sha yerlik aholining ahvolidan hamisha xabardor bo’lib turgan ekan, deb eslaydi jurnalist Karim Bahriyev:

“Sovet tuzumining ateizmi, dahriyligi yoqmagan xalqqa. Ayollari yuzidan paranjini olib boshlagani, qolaversa ocharchilik, revolyutsiyani mustahkamlash uchun dehqonlarning yerini tortib olib, bug’doyini tortib olib chiqishlar. Mana shu narsalar aslida bosmachilikning kelib chiqishiga sabab bo’lgan bo’lishi kerak. Masalan, o’sha paytda aytishadiki hatto shu Ibodulla bobom tog’da jangda yo boshqada otlar, yilqilarni olib kelib, so’yib qishloq ahliga tarqatarkanlar-da kechasi, keyin kunduzi yana ketar ekanlar. U kishini bir kelganlarida qo’lga tushirib Urgutdagi Ispanza g’o’s yo’liga olib chiqib qizil askarlar otib tashlagan. Shunda 8 ta o’q bilan otganda o’lgan, deyishadi. Bizning oilamizda shu bobomning o’qlar bilan teshilgan, qonga bo’yalgan ko’ylaklari hali-hanuzgacha saqlab kelinadi,” - deydi Karim Bahriyev.

Ayni paytda, dunyo sportidan joy olgan o’zbek kurashi uslublaridan biri “hamroyi” deb nomlanadi. Bu uslub bobom Hamro polvon uslubi bo’lib, u kishi yurt ozodligi uchun shahid ketganlar, deydi buxorolik Hamro polvonning nabirasi Ixtiyor Hamroyev.

“Bizning bobomiz Hamro polvon Buxoroda nomlari chiqqan, oriyatli, halol kurashib kuraklari yerga tegmagan katta polvon bo’lganlar. 1920 yillardan keyin yurtimizga sho’rolarning bostirib kelishida u kishi o’zlarining vatanlari uchun milliy ozodlik harakatiga qo’shilib, yurt mustaqilligi uchun kurashganlar. Bobomizning milliy ozodlik harakatiga qo’shilganlari uchun u kishini bosmachi, deb qoralangan. 20-yillardan keyin u kishi mehnatga, Qizilqum cho’llarini obodonlashtirish, yangi yerlar ochishga o’z mehnat kuchlarini sarflaganlar. 1941 yillar oxirida u kishini “bosmachi” tamg’asi ostida, keyin ichki dushman sifatida olib ketilgan. Shahid bo’lganlar,” - deydi Hamro polvonning nabirasi Ixtiyor Hamroyev.

Istiqlolchilarning oila a’zolariga nisbatan ham sovet tuzumi vahshiyona munosabatda bo’lgani aytiladi. Bu avlod vakillari 80-yillargacha bosmachilar avlodi sifatida kamsitilgan.

“Aytib berishlariga qaraganda, bobomizni bosmachi deb otib tashlagandan keyin kolxozlar tuzilgan. Shu qo’rboshini ayoli, qizlari, bolalari oddiygina bir molboqar bo’lib, otboqar bo’lib ishga kiraman desayam, hech kim ishga olgan emas. Bularga bir mehnat haqi ham yozgan emas, don-dun ham bergan emas. Oxiri ochiq-oydin kolxoz rahbarlari bosmachisizlar, ketinglar, degandan keyin qishloqdan chiqib ketib cho’lga borib yashaganlar. 1990 yil Oliy Kengash deputatligiga nomzod bo’lganimda hatto menga raqobat qilgan nomzodlar ‘bu bosmachining evarasi, nega sovet hokimiyatining parlamentiga saylanishi kerak’ deb ham da’vo sifatida surganlar,” - deydi jurnalist Karim Bahriyev.

O’zbekistonda “bosmachilik” deb yuritilgan istiqlolchilar harakati 17 yil davom etgan. Istiqlolchilar xalqning turli tabaqasiga mansub kishilar: dehqonlar, hunarmandlar, ziyolilar ekanini aytarkan, bu harakat agar xalq tomonidan qo’llab-quvvatlanmaganida edi, 17 kun ham yashay olmasdi, deb hisoblaydi tarixshunos olim Qahramon Rajabov.

Biroq Madaminbek, Ibrohimbek singari rahnamolari bo’lgan bu harakatning bosmachilik, talonchilik deb yuritilishida ham oz bo’lsa-da jon borligini aytadi u.

“Istiqlolchilik harakatining bosh maqsadi Turkiston mustaqilligi uchun kurash bo’lib qolaverarkan, aynan mana shu holat Turkiston xalqlarini istiqlolchilar tomonidan qo’llab-quvvatlanishiga olib keldi. Qachonki 1920 yillarning oxiri 30- yillarning boshida endi Sovet rejimi mintaqada to’liq hukmronligini o’rnatib, o’z saflarida o’sha paytdagi soxta kommunistik g’oyalarga ishonch sifatida qabul qildirgandan keyin, kurash jarayoni endi shafqatsiz ketayotgandan keyin istiqlolchilarni moddiy jihatdan ta’minlash ham pasayib qoldi. Mana shunday holatda ayrim talonchiliklar ham bo’lib turgani rost. Mana bu harakatda ham xalq manfaatidan o’z manfaatini ustun qo’ygan kaslar, ham sotqinlar borligi uni keyinchalik mag’lubiyatga olib kelgan sabablardan biri bo’ldi,” - deb fikr yuritadi Qahramon Rajabov.

Sovet qo’shinlari bilan janglarda mag’lubiyatga uchragan istiqlolchilar shafqatsizlarcha jazolangan. Ularning ko’pchiligi otib tashlangan. Ayrimlari esa qo’shni mamlakatlarga qochishga majbur bo’lgan.

Ularning yosh bolalari boshqa nomlar bilan qarindosh-urug’lar qo’lida tarbiyalangan. Yillar davomida bu bolalar o’z ismlariy-u haqiqiy ota-onalari kimligini bilmay o’tishganini aytishadi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG