Breaking News

O'zbekistonda amnistiya e'lon qilindi


O`zbekiston Oliy Majlisi Senatining Yalpi kengashi qaroriga ko`ra, Konstitutsiyaning 14 yilligi munosabati bilan aministiya e`lon qilingan.

Unga ko'ra, o`ta og`ir bo`lmagan jinoyatlar uchun birinchi marta sudlangan 18 yoshga yetmagan shaxslar, ayollar va 60 yoshga to`lgan erkaklar jazodan ozod qilinadi.

Amnistiyaning diniy guruhlarga a`zolik aybi bilan qamalganlarga nisbatan qo`llanilishi mavhum. Amnistiya matnida taqiqlangan tashkilotlarga a`zolikda ayblanib, 10 yilgacha muddatga qamalgan va keskin tuzalish yo`liga o`tgan shaxslarning jazodan ozod etishi belgilangan.

Shu bilan bir qatorda taqiqlangan tashkilotga a`zolik uchun qamalganlar amnistiya qo’llanilishi mumkin bo`lmagan shaxslar ro`yxatiga ham kiritilgan. Biroq huquq himoyachisi Surat Ikromov fikricha, diniy tashkilotga azolik uchun qamalganlarning asosiy qismi ana shu taqiqlarga to`g`ri keladi:

“Mana shu “b” qismi diniy tashkilotga a`zolikda ayblanib qamalgan ko`pchilikka nisbatan qo`llangan, 244-moddaning birinchi qismi. Bultur ham ana shu modda bilan qamalganlarga nisbatan amnistiya qo`llanilmagan edi.

Shuning uchun bu taqiqlar qo’yilmasligi kerak edi, masalan, 10-15 yildan buyon qamoqda yotgan odamlarga baribir amnistiya tegmaydi”, - deydi Surat Ikromov.

Bundan tashqari, amnistiya jazo o`tash tartibini muntazam buzayotgan, amnistiya bilan chiqib yana qayta qamalgan shaxslarga nisbatan q`ollanilmaydi.Amnistiya O`zbekistondagi muxolifat vakillari, huquq himoyachilari va jurnalistlarga nisbatan qanchalik tegishli bo`lishi borasida ham turli muloharalar mavjud.

Yaqinda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati qamoqdagi muxolifat vakillari, huquq himoyachilari, jurnalist va yozuvchilarni amnistiya qilish talabi bilan bayonot tarqatdi. Bu bayonotda huquq himoyachilari, jurnalist va yozuvchilardan iborat 25 kishining ism-sharifi keltiriladi.

“Ezgulik” bayonotiga ko`ra, ular o`zlarining muxolif qarashlari uchun qamalgan aybsiz fuqarolar.Ro`yxatda keltirilgan kishilarning ko`pchiligi yaqin bir yil ichida qamoqqa olingan huquq himoyachilaridir. Ma`lumotlarga ko`ra, muassasalarda huquq himoyachilari va muxolifat vakillariga nisbatan jazoni o`tash tartibi bo`yicha qo`chimcha jazolar belgilangan.

Muxolifatdagi “Serquyosh O`zbekistonim” koalitsiyasi raisi Sanjar Umarov, huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaga, qamoqda o`tirgan sobiq deputat Murod Jo`rayev, Ahmadjon Odilovlarni shular jumlasidan. Mo`tabar Tojiboyevaning opasi Muhharram Tojiboyeva bildirishicha, huquq himoyachisiga nisbatan qasddan jazoni o`tash tartibini buzish haqidagi buyruq chiqarilgan.

“Ular amnistiya chiqib, ketib qolmasin degan maqsadda, ustma-ust Mo`tabarni jazo kamerasiga tiqishayapti”, - deydi Tojiboyeva. Inson huquqlari harakati tashkiloti rahbari Suhrob Ismoilovga ko`ra, O`zbekistonda qancha muxolifat vakillari va huquq himoyachilari qamoqdaligi aniq emas, har bir tashkilot o`zidagi ma`lumotlarga tayangan holda axborot tarqatadi.

Suhrob Ismoilovga ko`ra, Murod Jo’rayevga nisbatan ham uch marta qamoqxona ma`muriyatining talablariga bo`ysunmaslik aybi bilan hukm chiqarilgan, bunday ayb bilan esa u amnistiyaga chiqa olmaydi. Amnistiya sog`lig`i yomonlashgan shaxslarni ham jazo chorasidan ozod etishni nazarda tutadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, uzoq yillardan buyon qamoqxonada o`tirgan yozuvchi Mamadali Mahmudov “Erk” partiyasi a`zosi Muhammad Bekjonlar salomatligi keskin yomonlashgan, biroq bu holatning qanchalik inobatga olinishi ham mavhum.

Huquq himoyachisi Surat Ikromovga ko`ra, amnistiya e`lon qilinishidan qat`iy nazar hukumat siyosiy qarashlari uchun qamoqda o`tirgan kishilarni ozod etish yoki etmaslik vakolatini o`zida saqlab qolgan.

“Qamoqxonaning “Shizo” deyiladigan qismiga qamab, tartibni buzuvchi degan narsani qo`shib amnistiya qo`llamasligi mumkin”, - deydi Ikromov.

Ayrim kuzatuvchilar ta`kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasidagi munosabatdan kelib chiqib, rasmiy Toshkent bir qator siyosiy mahbuslarni ozod etishi ham mumkin. E`lon qilingan amnistiya uch oy mobaynida ijro etilishi belgilangan.

XS
SM
MD
LG