Iroqdagi vaziyatni o’rgangan maxsus komissiya AQSh hukumatiga amaldagi siyosatni har tomonlama o’zgartirishni maslahat bermoqda.
Sobiq Davlat kotibi, respublikachi Jeyms Beyker (James Baker) va sobiq kongressmen, demokrat Li Gamilton (Lee Hamilton) boshchiligidagi guruh nazarida Iroqni fojiaviy ahvoldan chiqarishning yo’llari bor.
Komissiya Bush rahbariyatiga 79 bandlik maslahat bilan murojaat qilmoqda. Kutilgan va kutilmagan tavsiyalar orasida Iroqdagi vaziyatga yechim topishda uning qo’shnilari bilan hamkorlikni boshlash g’oyasi ham bor. Komissya a’zolari fikricha, Iroq urushi mintaqaviy masalaga aylanib bo’lgan.
Uni hal etish uchun Eron va Suriya ishtirokida “Iroq Xalqaro Yordam Guruhi” tuzish taklif etilmoqda. Komissiya bilan ishlagan mutaxassis Larri Daymondning aytishicha, Iroqdagi urush uning qo’shnilariga ham qimmatga tushmoqda. Tinchlik ularga ham kerak, deydi janob Daymond.
"Iroqning mintaqa hayotiga xavf ekanini tan olish lozim. Iroq fuqaro urushi yoqasida va mamlakat parchalanishi mumkin. Uning atrofidagi davlatlar bilan gaplashish vaqti yetgan. Ularga Iroq notinch bo’lsa, siz ham notinch bo’lasiz, deya tushuntirish kerak. Aks holda, barqarorlikka erishib bo’lmaydi",- deydi yaqinda Iroqdan qaytgan Larri Daymond.
AQSh hukumati dushman deb hisoblovchi Eron va Suriya bilan bevosita muloqot qilmasligini qayd etmoqda. Gamilton nazarida Iroqni rasmiy Tehron va Damashq aralashuvisiz tinchlantirish mumkin emas.
"Eron va Suriya bilan gaplashmasak, o'zgarish bo'lmaydi. Mintaqada ekansiz, har tomon bilan yuzma-yuz muloqot qilishga majbursiz. Yaqin Sharqda hamma narsa bir-biri bilan uzviy bog'liq. Bu achchiq haqiqatni tan olaylik", - deydi Li Gamilton.
"Lekin",- deya ogohlantirmoqda Yaqin Sharq bo’yicha AQSh harbiy oliygohida dars beruvchi Larri Gudzon (Larry Goodson), "Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod bilan murosaga kelish oson kechmaydi".
"Eronni AQSh bilan ishlashga ko’ndirish ko’p narsa talab qiladi. Chunki undan o’z manfaatini chetga surib, Iroqqa nisbatan Amerika maqsadi asosida ish tutish so’ralayotgandek. Suriya bilan ham shunday",- deydi siyosiy sharhlovchi.
Prezident Bushga qo’shinlarning ko’pini Iroqdan 2008 yil boshigacha chiqarish va Iroq kuchlariga amerikalik murabbiylar tayinlash maslahat berilmoqda.
Bush tavsiyalarni o’rganayotganini va qo’shimcha tekshiruvlar o’tkazilayotganini ma’lum qilgan.
AQSh Kongressi maxsus komissiya tavsiyalarini yuqori baholamoqda. Respublikachilar ham, demokratlar ham tub o’zgarishlarga chaqirmoqda.
"Biz Iroqda abadiy qolmoqchi emasmiz",- deydi respublikachi senator Charlz Grassli. (Charles Grassley) "Isyonchilarni bartaraf etish, Iroqqa ijtimoiy birdamlik yo’lida yordam berish haqida o’ylaylik. Iroqdan albatta chiqamiz".
Senatdagi demokratlar sardori Garri Rid (Harry Reid) esa bu yo’gi Oq uy qo’lida, deydi. "Qarorni prezident Bush qabul qiladi. Tavsiyalarga quloq tutish ham uning vazifasi".
Kongressda hukmronlikni qo’lga olayotgan demokratlar Iroqqa ajratilayotgan moliyani kesish payida. Iroq Amerika xalqi xazinasini yemirib bo’ldi, deydi demokrat kongressmen Dennis Kusinich (Dennis Kucinich).
"Pulni, insonlar hayotini ko’kka sovurishni bas qilaylik. Askarlarimiz uyga qaytsin, urushni davom ettirish uchun pul ajratmaylik",- deydi Kusinich.
AQSh Mudofaa vazirligining sobiq rasmiysi, hozirda tahlilchi Lorens Korb (Lawrence Korb) nazarida Iroqda birdaniga tub o’zgarishlar bo’lmaydi.
"Hozir Bush siyosatida burilish davri. Amerika xalqi o’tgan saylovda demokratlarni sayladi. Respublikachi prezident xalqning toqati bitganini biladi",- deydi Korb.