Breaking News

Kofi Annan AQShni xalqaro qonunlarga rioya qilishga chaqirmoqda


BMT Bosh kotibi Kofi Annan shu yil oxirida muddatini yakunaydi.

Xayrlashuv nutqida Annan AQShni terrorizmga qarshi kurashda umumbashariy qadriyatlarga amal qilishga chaqirdi.

Kofi Annan Bush ma’muriyatini tilga olmagan bo’lsa-da, AQSh siyosatidan norozi.

"O'tgan asr davomida Amerika ko'p-davlatli tizimga asoslangan Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzib, ulkan ishni amalga oshirgan edi. Bugunga kelib tashkilot kerak bo'lmay qoldimi yoki tashkilotga Amerika kerak bo'lmay qoldimi?" - deya so'raydi Annan.

Xalqaro muammolarni birgalikda yechich uchun, bizga samarali global tizim kerak. AQShdan esa prezident Garri Truman davridagidek yetakchilik qilishni kutamiz, deydi BMT bosh kotibi.

BMTga 1945 yilda AQShning 33-prezidenti Garri Truman davrida asos solingan.

Tashkilotni 10 yil davomida boshqargan Kofi Annan AQShga terrorga qarshi kurashda xalqaro qoidalarga rioya qilishni eslatmoqda.

“AQSh tarixan inson huquqlariga sodiq bo’lib kelgan, ammo terrorga qarshi kurashga kelganda bu tamoyil unutilsa, tabiiyki, boshqa davlatlarni ajablantiradi,” - deydi janob Annan.

U, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashini kengaytirishga chaqirdi.

Kofi Annan izohlariga javoban, AQSh Davlat departmanti so’zlovchisi BMT raisi AQSh va boshqa davlatlar siyosatini ma’qullashi shart emas, deb ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG