Qozog'iston harbiylari, NATO tinchlikparvar kuchlari safida, Afg'onistonga safarbar etilishi mumkin degan xabarlarni Tashqi ishlar vaziri Qosimjomart Tokayev inkor etmoqda.
Qozog’istondagi afg’on urushi qatnashchilari tashkiloti, “Jangavor Birdamlik” rahabariyatiga ko`ra, Qozog`iston mudofaa vaziriligi vakillari Afg`oinistonda bo`lib qaytgan.
Safardan maqsad Afg`onistonga yuborilishi ko`zda tutilgan 200 qozoq askarini joylashtirish shart-sharoitlari bilan tanishish bo`lgan.
“Jangavor Birdamlik” tashkiloti matbuot anjumani o`tkazib, Qozog`iston harbiylarini Afg`onistonga yubormaslik haqida parlamentga murojaat qabul qilmoqchi.
Afg`on urushi qatnashchilari nazarida Qozog`iston Afg`onistonga insonparvarlik yordami ko`rsatish bilan cheklanishi kerak.
Janubiy qoizog`istonlik ekspert Aleksey Gancharovning aytishicha, bu masala qozoq matbuotida keng yoritilmagan. Bunday tahsabbusning yaqin orada amalga oshishi esa ehtimoldan yiroq.
“Qozog`iston BMTga a`zo. BMT vakolatidagi harakatlarda qatnashishi mumkin, lekin bu masalani baribir parlament tasdiqlashi kerak. Hozircha parlamentda bunday masala ko`rilayotgani yoq, lekin lozim topilsa Afg`onistonga yuboriladigan odamlar topiladi. Qozog’iston o`z harbiylari bilan qatnashishi mumkin”, - deydi Gancharov.
Aleksey Gancharov Markaziy Osiyo respublikalari harbiylarining tinchlikparvar kuchlar tarkibiga jalb qilinishini tanqidiy baholaydi.
Afg’onistonda mintaqadagi turli millat vakillarining istiqomat qilishi bois, deydi mutaxassis, bu harakat pushtunlar tomonidan noto`g`ri tushuniladi. Uning fikriga ko’ra, Afg`onistonda bu mintaqada mutlaqo yashamaydigan millatlarga mansub harbiylar faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq.
O`zbekistondagi afg`on urushi qatnashchilari uyushmasi raisi Tal’at Murodov ta’biricha, Qozog`iston harbiylarining jangovar amaliyotlarda qatnashishi amrimahol. Qozog’iston xalqi harbiylarini urushga jo’natishga yo’l qo’ymaydi, deydi u.
Siyosatshunos Farxod Tolipov nazarida ko`tarilayotgan tashabbus shubhasiz ijobiy. Bu bilan mintaqa davlatlari katta geosiyosiy tuzilmadagi harakatga o`z hissasini qo`shadi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun katta tajbira bo`ladi.
“Buni faqat Qo`zo`giston kuchlari deb tushunish kerak emas. Qozog’iston bir vaqtning o`zida Markaziy Osiyoning vakili bo`lib ham ishtirok etadi. Xalqaro hamjamiyatda Markaziy osiyoliklar ham hissa qo`shayapti degan fikr paydo bo`ladi. Bundan tashqari shimoliy viloyatlarda bizga yaqin xalqlar yashaydi. O`ylaymanki bunday yordam ular tomonidan ham ijobiy kutib olinsa kerak”, - deydi Tolipov.
Qozog`iston harbiylarining Afg`onistondagi tinchlikparvar kuchlar tarkibida qanday vazifalar bajarishi yoki bu tashabbus mavjudligini tasdiqlovchi rasmiy ma`lumotlar yoq.