Breaking News

Iqtisodiy nochorlik radikalizm omili sifatida ko'rilmoqda


Mutaxassislar fikriga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiy taraqqiyot radikal diniy oqimlar kuchayishining oldini oladi, biroq shu bilan birga deydi ular, hukumatlar dindorlarga nisbatan tazyiqqa chek qo'yishi lozim.

2005 yil avgust oyida O’zbekistondan chiqarib yuborilgan jurnalist Igor Rotarning aytishicha, O’zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida dinga nisbatan eng repressiv davlat hisoblanadi.

Tazyiqlar ham qonuniy, ham noqonuniy asosda o’tkazilmoqda. Hukumat siyosati aholining radikallashishiga olib kelmoqda, deydi diniy erkinlik haqida axborot tarqatuvchi Norvegiyadagi Forum 18 axborot xizmatining Markaziy Osiyo bo’yicha muxbiri.

“O’zbekistonda hal qilinishi kerak bo’lgan asosiy muammo – iqtisodiy qoloqlikdir. Diniy erkinlikni ta’minlashdan oldin bozor iqtisodiyoti uchun sharoit yaratish kerak. O’zbekistonda bugungi kundagi turmush darajasi Markaziy Osiyo bo’yicha eng yomon. O’zbekiston boshidan fuqarolik urushini o’tkazgan Tojikistondan ham qoloq”.

Igor Rotarga ko’ra, Andijon voqealariga ham xalqning iqtisodiy tushkunligi sabab bo’lgan. Biroq hukumat ta’kidlaganidek, diniy oqim faollarining ham qo’li bo’lgan.

“Andijon voqealaridan oldin o’sha paytda sudga tortilgan ishbilarmonlar bilan suhbatlashganimda ular tashkilot borligini, biroq uning “Akromiya” emas “Birodar” deb atalishini ta’kidlashar edi. Biroq 2005 yil may oyidagi voqealardan so’ng ular o’z so’zlaridan qayta boshlagan, G’arb matbuoti esa ularga qo’shilib, bunday tashkilot yo’q, uni hukumat to’qib chiqargan, deya xabar tarqatgan”, - deydi jurnalist.

Jurnalist Igor Rotarning so’zlariga qaraganda, ayrim manbalarda “akromiylar”, ayrimlarida esa “birodarlar” nomini olgan ushbu tashkilot sobiq mufti Muhammad Sodiq tomonidan bid’atchilar deb tan olingan.

Chunki ularning rahbari Akrom Yo’ldoshev ta’limotiga ko’ra, islomda besh vaqt namoz o’qish yoki Ramazon oyida ro’za tutish shart emas.

“Andijon voqealaridan oldin shayx Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq bilan suhbatlashganimda, u Yo’ldoshev izdoshlarini ta’qib qilish emas, ular bilan muloqot qilishni taklif etgan edi. Chunki aynan muloqot orqali ular targ’ib qilayotgan oqimning bid’at ekanini odamlarga tushuntirib berish mumkin, degan edi”.

Mutaxassislar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi diniy vaziyatni ham tahlil qildilar.

AQSh hukumatiga qarashli xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya vakili Katerin Kozmanning aytishicha, masjidlarda Qur’on o’rniga Ruhnomani o’qish va Hadisdan voz kechishni buyurgan, mamlakatda 7 ta masjidni buzdirgan, 2006 yilda haj safariga borishga umid qilgan 4,500 nafar turkmanistonlik musulmonlarning atigi 188 tasiga ruxsat bergan marhum prezident Saparmurod Niyozov islom dinini o’z mafkurasi bilan almashtirmoqchi bo’lgan.

Bunday siyosatga norozilik bildirgan Turkmaniston muftiysi esa 2004 yili 22 yilga qamalgan.

“Turkmanistonda Niyozovdan so’ng bu borada siyosat qanday yuritilishini bashorat qilish qiyin. Chunki prezidentlikka asosiy da’vogarlardan hisoblangan Qurbonguli Berdimuhammedov bir tomondan konstitutsiyaga xilof holda muvaqqat prezident etib tayinlandi, biroq boshqa tomondan u saylovoldi kampaniyasi davrida Internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga va’da berdi”.

Mutaxassislar Qozog’istonda din ta’sirining kuchli emasligi va shu bois hukumatning ham diniy guruhlarga nisbatan munosabati mo’tadilligini ta’kidlaydi. Tojikistonda esa diniy guruhlar faoliyatini qattiq nazorat ostiga olishni ko’zlagan qonun loyihasining muhokamasi xalqaro hamjamiyat bosimi ostida qoldirildi.

Muhokamada qatnashgan yana bir olim, yaqinda Qirg’izistonga safar qilgan Erik MakGlinchining fikriga ko’ra, respublikada dinga qiziqish kuchaymoqda, ayniqsa o’zbeklar yashaydigan janubda. Bunga hukumatning din ta’sirini cheklashga qaratilgan siyosati ham sabab bo’lmoqda, deydi yosh olim.

“Hukumat tomonidan ta’qibning kuchayayotgani odamlarni din atrofida birlashishga majbur qilmoqda. Bu xavotirli hol, biroq Qirg’izistonda radikalizm kuchaymoqda, deyishga hali erta”.

XS
SM
MD
LG