Breaking News

Aksar o'zbekistonliklar harakatda barakat deb yashamoqda


Ko’pchilik o’zbekistonliklar ruhiyatidagi tushkun kayfiyat boisi - kelajakka bo’lgan umidning so’nib borayotganida, deb hisoblashadi ayrim kuzatuvchilar.

Kelajakka ishonch esa, ba’zi o’zbekistonliklar ta’kidlaganidek, kishining ijtimoiy holati, oilasining moddiy ta’minoti, ishli yoki ishsizligi, qolaversa jamiyatdagi ahvol, davlat rahbari, uning davlatni qanday boshqarayotgani bilan ham chambarchas bog’liq ekan.

Taqdirni qo’l bilan yaratur odam,
G’oyibdan kelgan baxt, bu bir afsona.

Bundan 80 yilcha ilgari yozilgan, O’zbekiston xalq shoiri G’ofur G’ulom qalamiga mansub bu satrlar uzoq yillar ko’pgina o’zbekistonliklarning hayot shioriga ham aylangandi. Bugun ham ayrim fuqarolar o’z kelajaklari o’z qo’llarida ekanini urg’ulasharkan, tushkun kayfiyatdan xalos bo’lishning yo’li ham harakat bilan kelajak sari intilishda, deb hisoblashadi.

“Kelajagim o’zimga bog’liq, boshqa hech kimga bog’liq bo’lishi mumkinmas. Men o’zimning kelajagimni o’zim yaratishim kerak, o’z taqdirim o’z qo’limda. Ba’zida bo’ladi menda ham tushkunlikka tushishlar, lekin baribir hammasi o’tkinchi. Harakat qilish kerak, faqat oldinga yurish kerak”.

“Men o’tirsam qo’l qovushtirib, kelajagim yaxshi bo’lsin, jamiyatim bir narsa qilib bersin, deb. Hamma o’zi uchun qiladi. Hamma kelajagini o’zi uchun yaratadi. Har bir odam o’zining kelajagini ta’minlasa, har bir odam o’zining hayotini yaxshilashga harakat qilsa, demak jamiyatning hayoti yaxshilanadi”.

“Inson hayotga kelgandan keyin uning missiyasi bo’ladi. O’sha missiyasini bajarishi kerak. Qanaqangi holatda bo’lmasin, odamga xudo aqlni bergan, demak aql imkoniyatlarini ishga solishi kerak. Men shaxsan o’zimning kelajagimni gapiradigan bo’lsam, neki qilayotgan bo’lsam, hammasining mevasini ko’ryapman, to’g’risi”, - deyishadi ayrim o’zbekistonliklar.

Ba’zilar qismat peshonaga yozib qo’yilgan, demak odamning kelajagi ham oldindan belgilangan, deb bilishadi. Ayrim o’zbekistonliklar esa, shu jamiyatda yashayotgan odamlar kelajagi va unga ishonchni davlat rahbari tutayotgan yo’lning jamiyat farovonligi uchun naqadar xizmat qilayotgani bilan bog’laydi:

“Kelajagimiz hamma narsaga bog’liq. Birinchidan, davlat rahbariga ham bog’liq. Jamiyatga ham, davlatga ham, davlat rahbariga ham, yoshlarga ham, hammasiga bog’liq bo’ladi. Nega deganda, jamiyatni kim tashkil qiladi? Yoshlar, aholi, davlat rahbari uni boshqaradi. Boshqarganda ham qanaqa, o’zini bilimdonligi bilan boshqargandan keyin uni oxirigacha yetkazish, bironta ishni, muvaffaqiyatga erishish. Demak, davlat rahbarlarining qanaqa ish tutishi ham jamiyatdagi insonlarning ham hayotini yaxshilanishiga, farovon hayot kechirishiga albatta zamin yaratadi”.

“Meni kelajakka ishonchim shu jamiyatning, odamlarning, xalqning yaxshi yashashiga, davlat boshqaruviga ham bog’liq”.

Ba’zi mutaxassislar fikricha, odamlar jamiyatdagi o’zgarishlarga tez moslasha oluvchilarga va bu o’zgarishlarga ko’nika olmayotganlar toifasiga bo’linadi. Davr o’zgarishini ham odamlar turlicha qabul qilayotgani ularning ruhiy holatida ham aks etayotgani aytiladi. Psixolog Nigora Muhammedovaga ko’ra, so’nggi yillar ba’zi yoshlardagi tushkun kayfiyat ularning yuz qiyofalariga ham o’z ta’sirini ko’rsatmoqda:

“Agarda bo’lar-bo’lmasga inson o’zini ezib qo’ysa, albatta qarilik vaqtli boshlanadi. Qabulimizga kelgan hattoki 18-19, 20-22 yashar qizlarda ham ajinlar ko’p, vaqtli ajin tushgan. Ko’p o’ylayversa, ko’p fikrlayversa, o’zini ko’p ezib qo’ysa kishi albatta vaqtli qarishi mumkin. Hayotdagi qiyinchilik hamma zamonda, hamma vaqtda bo’lgan. Lekin inson qaysi jinsdan bo’lishidan qat’iy nazar, albatta ruhiy kuchli bo’lishi kerak. Agar inson ruhan tetik bo’lsa, ruhan tushmasa, ana unda kelajakka qarab intilsa bo’ladi-da”, - deydi ruhshunos.

Ba’zilar kelajakka ishonch tuyg’usining naqadarligi iqtisodiy ahvol bilan bog’liq, deyishadi. Ayni paytda Ozbekistonda kelajakka ishonch bilan qaraydigan optimistlardan, tushkun kayfiyatdagi pessimistlar ko’proq ekanligi aytiladi:

“Umuman, hamma jamiyatda ham, juda rivojlangan davlatlarda ham optimistlar faqat 20 foizni tashkil qiladi. Asosiy pessimistlar hisoblanadi. Optimistlarning hisobiga jamiyat shunchalik ushlab turilibdi-da hozir. O’zbekistonda ham 20 foiz optimistlar bor”.

“Masalan, bugungi yoshlar ko’pchiligi “ertaga hammasi yaxshi bo’ladi” deb yurishibdi-da. Tushkunlikka tushganlari ham bor, ko’p. Kelajagiga ishonmasdan yurganlari ham ko’p”.

“Menimcha, optimistlar oramizda ko’p. Bu uchun ko’z tegmasin, xudoga shukur. Ular, xudo xohlasa, O’zbekistonimiz uchun ko’p ishlarni qilib beradi”.

“Yoshlarimiz orasida albatta tushkunlik hodisalari ro’y berib turadi. Ular tushkunlikka tushgan paytida kelajakka ishonchsizlik ham qo’shilib o’tiladi. Lekin ba’zi birlari bor, o’zini yengishga iroda topa ola biladi, ba’zi birovlari toza qattiq tushkunlikka tushgan bo’lsa, giyohvandlikkami, yo bo’lmasa ichkilikkami, shu narsalarga ruju qo’yib, o’zining sog’ligini, o’zining kelajagini o’zi barbod qilib qo’yadigan yoshlarimiz ham uchrab turadi”.

“Hozir endi qimmatchilik, misol uchun, odamga pul yetmaydi, demak pessimistlar qatori ko’payadi. Bu hamma zamonda, hamma xalqda shunaqa bo’lgan”, - deyishadi ayrim poytaxtliklar.

O’qituvchi Dilbar Karimovaga ko’ra, so’nggi paytlar mamlakatda o’z joniga qasd qilish holatlari ko’zga tashlanayotir. Ba’zi odamlarning iqtisodiy nochor ahvoli kelajakka umidni ham so’ndirayotganini aytadi u:

“Odamlarning ertangi kunini tasavvur qilishi baribir ko’p narsaga bog’liq-da. Ko’pchilik tasavvur qilolmay yakun yasashyapti hayotiga. Bolalari ham hatto ko’ziga ko’rinmaydi. Juda ko’p voqealarning guvohi bo’lganman, masalan oilaviy uyida xonaga qamalib, gaz bilan dimiqtirgan, 4 ta bolani bitta uyga qamab, o’zi ham zaharlangan gazdan. Haddan tashqari nochor oila bo’lgan-da, ota-ona ishlamaydi hech qayerda, ish yo’q. Tashqaridan qaraganda chiroyli hayotga o’xshayapti, lekin bundoq ichiga kirsangiz-chi, hamma yoqda og’riq tochkalar-da. Joningiz og’riydi, eslashingizni o’zida joningiz og’riydi-da. O’sha uchun endi xudoga suyanib, ishonib, yaxshi umid bilan yashayapmiz”.

Biroq psixolog Nigora Muhammedova, ba’zi odamlarning o’z joniga qasd qilish holatini iqtisodiy nochorlikdan emas, balki tushkunlik, ya’ni depressiya holatidan chiqib keta olmaslik oqibati, deya baholaydi.

“Agar puli yo’q ekan, ana unaqa ekan-mana bunaqa ekan, deydigan bo’lsak, eshitib qolasan Gollivud yulduzlarining o’zini o’ldirgani, joniga suiqasd qilganini. Iye, ular milliarderlar, ularda qanaqa katta pullar! Depressiyaga ko’p tusharkan. Qani pullar yordam berayotgani? Taajjublanarli hol. O’ziga, joniga suiqasd qilayotganlar asosan, psixologik qanaqadir o’zgarishlar. Har bir insonning psixologiyasida qanaqadir kechinmalari bo’ladi, yonidagilariga aytib berolmaydi. Hayotining qaysidir jarayonida singan psixologik, yo birovni qattiq sevib qolishda, yo bir ishini qanaqadir o’xshamay qolishida, yoki birovni gapi qattiq ta’sir qilishida, ichki stresslarda odamlar sinib qolgandan keyin, qaytib tiklanmaganlar bo’ladi-da. Ana o’shanaqalarda-chi, oxiri joniga qasd qilganlarni ham bilamiz”, - deydi psixolog Muhammedova.

Mustaqillikdan so’ng, “Ozbekiston – kelajagi buyuk davlat” mamlakatning davlat shioriga aylangan. Ko’pchilik o’zbekistonliklar buyuk kelajak g’oyasiga ishonishlarini bildirisharkan, mamlakat kelajagi bilan yo’g’riladigan o’z kelajaklari ham farovon bo’lishiga umid bildirishadi. Kelajakka ishonch esa, odamlar ruhiyatiga ijobiy ta’sir etuvchi omillardan hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG