Breaking News

BMT Inson huquqlari kengashida O'zbekiston masalasi ko'rildi


22 mart kuni BMTning Jenevada joylashgan Inson huquqlari bo’yicha kengashida O’zbekiston masalasi ko’rildi. Brifingga taklif etilgan o’zbekistonlik huquq faollari kengashni O’zbekistondagi inson huquqlarining poy-mol etilishi bilan bog’liq taftishni ochiq o’tkazishga chaqirdi.

O’zbekistonda inson huquqlarining poy-mol etilishi va ayniqsa Andijon voqealari bo’yicha O’zbekiston hukumatiga qarshi surilgan ayblovga muvofiq Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo’yicha kengashi ishni “1503” nomini olgan tartib doirasida taftish qilmoqda. Bu yopiq jarayon bo’lib, uning doirasida kengash vakili ayblovni O’zbekiston hukumati bilan muhokama qiladi. Taftish tafsilotlari jamoatchilikka e’lon qilinmaydi. O’zbekiston Inson huquqlari kengashi raisi Tolib Yoqubov va bir qator xalqaro tashkilotlar BMT kengashidan O’zbekiston ishini jamoatchilikka oshkor qilishni so’rab kelmoqda.

Tolib Yoqubov bu bo’yicha qaror dushanba kuni ma’lum bo’lishini aytdi.

Brifingga raislik qilgan Inson huquqlari bo’yicha xalqaro Xelsinki Federatsiyasining ijrochi direktori Aaron Roudsning (Aaron Rhodes) aytishicha, BMT Inson huquqlari bo’yicha kengashiga a’zo 47 davlatning ba’zilari va ayniqsa inson huquqlarini tez-tez poy-mol qilib turadigan davlatlar, jumladan Rossiya, O’zbekiston ishiga barham berilishini talab qilgan.

"Kengash a’zolarining bir qismi O’zbekistonda inson huquqlari buzilishi hollarini ko’rib chiqishni va davlatlar ichki ishlariga aralashishni to’xtatishga chaqirmoqda. Agar haqiqatdan ham shunday bo’lsa, unda o’rinli savol tug’iladi: Inson huquqlari kengashining maqsadi nima? Axir O’zbekiston inson huquqlarini ashaddiy poy-mol qilayotgan davlatlardan biriku!"

“1503-sonli tartib”ga ko’ra Kengash taftishni O’zbekiston hukumati bilan kelishgan holda ko’rib chiqishi kerak, biroq Xyuman Rayts Uotch (Human Rights Watch) xalqaro inson huquqlari tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, O’zbekiston shu paytgacha BMT kuzatuvchilarini mamlakatga kiritmagan. Xabarlarga ko’ra, ulardan biri, fransiyalik huquqshunos Mishel Pikar (Michele Picard) dushanba kuni BMT kengashiga O’zbekiston bo’yicha uchinchi hisobotini yopiq eshiklar ortida taqdim etgan.

Hisobot nusxasini qo’lga kiritgan Xyuman Rayts Tribyun (Human Rights Tribune) tashkiloti chop etgan ma’lumotga ko’ra, O’zbekistonga shu paytgacha kiritilmagan Mishel Pikar ham BMTning O’zbekistonda inson huquqlari bo’yicha o’tkazayotgan taftishini keng jamoatchilikka oshkor qilishni tavsiya qilgan. Hisobot O’zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlarga solinish hollari, sudlarning adolatsiz amaliyoti, muxolif guruhlarning faoliyat yurita olmasligini yoritgan.

Tolib Yoqubov fikricha, kengashda uch toifadagi a'zo-davlatlar bor. Ularning biri O'zbekiston hukumati bilan hamnafas, yana biri respublikadagi inson huquqlari buzilishini keskin tanqid qiladi. Uchinchi toifaga ikkilanib turgan davlatlar kiradi. Brifingda O'zbekistondagi inson huquqlari ahvoli bo'yicha ma'ruza qilgan Tolib Yoqubov uning hisoboti ana shu uchinchi toifaga tegishli davlatlarga yetib boradi, degan umidda.

Inson huquqlari bo’yicha xalqaro Xelsinki Federatsiyasining ijrochi direktori Aaron Roudsning aytishicha, BMT kengashida O’zbekiston hukumatiga qator musulmon davlatlar ham yon bosmoqda.

"O’zbekiston hukumati ko’plab musulmonlarni ozodlikdan mahrum qilganiga qaramay, BMT kengashiga a’zo Yaqin Sharq davlatlari ham ushbu masalada O’zbekistondagi qonxo’r tuzumni qo’llab-quvvatlamoqda."

BMTning Inson huquqlari bo’yicha kengashi 1946 yildan beri faoliyat yuritgan Inson huquqlari bo’yicha komissiya o’rniga roppa-rosa bir yil burun tashkil etilgan edi. Kengash tanqidchilariga ko’ra, bu o’zgarish o’zini oqlamagan, chunki nomini o’zgartirgan idora ish uslubini o’zgartirmagan. Inson huquqlarini muntazam ravishda buzayotgan kengashga a’zo davlatlar bloklarga bo’linib, bir-birini tanqiddan himoya qilishni odat qilib olgan.

XS
SM
MD
LG