Breaking News

Amudaryo va Sirdaryo suvini tejash usullari izlanmoqda


Aholisining asosiy qismi qishloq xo’jaligi bilan kun ko’radigan Markaziy Osiyoda suv hamisha hayot manbai bo’lib kelgan.

Suv tanqisligi qo’shni davlatlarni ba’zida hatto urushtirib ham qo’yadi.

Mutaxassislar nazarida suv muammosi mintaqada, xususan, O`zbekistonda eng dolzarb masalalardan. Yaqin o`n yillikda mintaqada keskin suv tanqisligi kuzatiladi.

O`zbekiston esa Markaziy Osyodagi asosiy iste’molchi hisoblanadi, qishloq xo`jaligi mahsulotini yetishtiruvchi asosiy davlat bo`lish bilan birga aholisi eng ko`p mamlakat hamdir.

So`nggi paytda Sirdaryo o`zanlari joylashgan Qirg`iziston va Amudaryo boshlaridagi Tojikistonda yangi elektrostansiya qurish rejasi O`zbekistonda xavotir bilan kutib olindi.

Hozirda mintaqa davlatlari o`rtasida suvdan foydalanishni yo`lga qo`yuvchi komissiya tashkil etilgan, ammo suv taqsimoti bo`yicha aniq kelishuv mavjud emas.

Masalan, Qirg`iziston suv iste’moli uchun pul talab qilayotgan bo`lsa, O`zbekiston suv umumiy ekanini aytmoqda.

“ECOSAN” xalqaro jamg’armasi rahbari Yusuf Shodimetov fikricha, hozirda Qirg’iziston va Tojikistonga elektr energiyasi yetkazish bo`yicha kelishuvga kelingan, qo’shni davlatlar ham suvni qishloq xo`jaligi mavsumiga moslab oqizishga harakat qilmoqda.

“Hozir davlatlar o`rtasida suvdan foydalanish bo`yicha biror tushunmovchilik yo’q, hamkorlik yaxshi rivojlanayapti”, - deydi Shodimetov.

Bir qator ekologik tashabbuslar bilan chiqqan huquq himoyachisi Adham Shoyimardonov fikriga ko`ra, suvdan foydalanish borasidagi to`qnashuvlar tobora keskinlashish yoqasida.

“Tojikiston va Qirg`iziston xalqaro sarmoyalarni jalb qilgan holda yangi elektrostansiyalarni ishga tushirishi Amudaryo va Sirdaryodan kelayotgan suvning katta miqdorini ushlab qolishi mumkin. Ehtimol, aynan ekologik muammolar mintaqa davlatlarini haqiqiy ma’noda hamkorlikni yo`lga qo’yishlari va bir muammo atrofida birlashishlari uchun turtki bo`lib xizmat qilar”, - deydi Shoyimardonov.

Yusuf Shodimetov Markaziy Osiyo mintaqasi suv tanqisligi bo`yicha jiddiy xavf ostida deb hisoblaydi.

“Yaqin o`n yillikda bu tanqislik ancha ko`tariladi. Bunday sharoitda Sibir daryolarini mintaqaga burish loyihasi yana kun tartibiga chiqadi”, - deydi Shodimetov.

Yusuf Shodimetovning aytishicha, suvdan oqilona foydalanish ham tanqislikni bartaraf etishining yo’li, biroq umumiy tanqislik oldida suvni iqtisod qilishning ham chegarasi bor, shu bois loyiha amaliyoti uchun ham ruhiy, ham siyosiy jihatdan tayyorlanib borish kerak.

Ekologik vaziyat bilan shug`ullanuvchi “Logos” nodavlat tashkiloti rahbari Saidrasul Sanginov ta’biricha, mintaqadagi suv zahirasi yetarli, asosiy muammo suvdan foydalanish tizimini yaratishdir.

“Mutaxassilar Amudaryo va Sirdaryodagi suv zahirasi mintaqani suv bilan taminlashga yetarli degan fikrda. Muammo faqat suvdan to`g`ri foydalanishni yo`lga qo`yishda. Imkoniyatlardan to`liq foydalanilmayapti”, - deydi Sanginov.

Sibir loyihasining amaliyoti moddiy jihatdan mavhum bo’lish bilan birga, u amalga oshgan taqdirda ortiqcha suv olib kelish bilan suvdan foydalanish tizimi yaratilmaydi, deb hisoblaydi Sanginov.

Qishloq xo`jaligi fanlari professori Sunnatulla Sulaymonov ta’biricha, muammoni bartaraf etishning texnik yechimlari e’tiborsiz qolayapti.

“Texnik yechimlar anchagina yi`gilib qolgan, lekin ularga ehtiyoj yo’q, chunki suvni isrof qilish hech kimga ortiqcha xarajatga tushayotgani yo’q, agar suvga yonilg`i yoki boshqa boyliklar kabi yondashilsa, o’shanda texnik yechimlarga nisbatan ehtiyoj tug`iladi, bunday yechimlar bor, muammoni iqtisodiy-tashkiliy yo`l bilan hal etsa bo`ladi”, - deydi u.

Malumotlarga ko`ra, 2007 yilda O`zbekistonda 2006 yilga nisbatan suv kam bo`lishi kuzatiladi. O`zbekistonda 30 foizga yaqin aholi toza ichimlik suvidan mahrum.

Buning sababi aynan suv tanqisligi emas, balki aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash infratuzilmasining yo`lga qo`yilmaganida.

XS
SM
MD
LG