Breaking News

Bush AQShdagi hujjatsiz muhojirlarni vataniga qaytarmoqchi emas


Prezident Bush bu yil AQSh immigratsiya qonunlari isloh qilinadi deya so’z bermoqda.

Natijada mamlakatdagi millionlab noqonuniy muhojirlarga vaqtinchalik ishlash huquqi berilishi mumkin. Shuningdek, mamlakat chegaralaridan o’tish tartibida ham o’zgarishlar kutilmoqda.

Prezident Bush nazarida immigratsiya bo’yicha eski qonunlar va mamlakatda ishlab kun ko’rayotgan 12 milliondan ortiq noqonuniy muhojir AQShda yechimini kutayotgan asosiy muammolardan biri.

"AQSh chegaralari savdo va qonuniy immigratsiya uchun ochiq turishi, ammo jinoyatchi va qoradori savdogarlari uchun batamom yopilishi kerak. Inson savdosi bilan mashg’ul kishilar uchun ham",- deydi Bush.

Kongressda esa respublikachi va demokrat qonunchilar prezidentning bu boradagi takliflarini qabul qilishga shoshmayapti. AQSh iqtisoditiyoti muhojir ishchilarga tobe ekan, nega masalani yechish shuncha vaqt olyapti, deydi Bush.

"Texas shtatini boshqargan paytimda ham muhojirlar Amerikada katta kuch derdim. Odamlar chet eldan bu yerga oilasini boqish, amerikaliklar qilmayotgan ishlarni qilish uchun keladi".

Prezident Bush AQShda hujjatsiz yurgan muhojirlarga hujjat berishni va ularni ish bilan ta’minlayotgan korxonalarni javobgarlikka tutishni taklif qilmoqda.

"Bu bilan noqonuniy muhojirlarni avf etmoqchi emasmiz",- deydi Bush.

Lekin Amerika millionlab muhojirlarni mamlakatdan haydab chiqarmoqchi ham emas. Ularga vaqtincha ishlashga ruxsat bermoqchi.

"AQSh qonun chiqaruvchilari ham muhojirlarni, ham xalqni rozi qiluvchi bir qonun qabul qilsinki, muammo shu yerda yechim topsin. 11-12 million hujjatsiz muhojirni ushlab, vataniga badarg’a qilaylik, deyish bilan ish bitmaydi",- deydi Bush.

Bush va uning Respublikachilar Partiyasi masala yuzasidan turlicha fikrda. Partiya nazarida muhojirlar oqimini to’xtatish lozim.

Respublikachilar siyosatini ma’qullovchi siyosatshunoslardan Jon Fortiyer fikricha prezident balki bu borada demokratlardan yordam olishi mumkin. Demokratlar Bush taklifini yoqlamoqda.

"Kongressdagi demokratlar immigratsiya bo’yicha Bush taklif qilayotgan choralarni quvvatlamoqda",- deydi Fortier.

"Menimcha, Bushga taklifni qonunga aylantirish qiyin kechmaydi. Odatda Bushga “yo’q” deyishga odatlangan demokratlar bu safar “rozimiz” deyishi mumkin".

AQSh Senati o’tgan yili noqonuniy muhojirlarni bosqichma-bosqich qonuniylashtirishga yo’l ochuvchi qonun loyihasini ma’qullagan. Biroq loyiha Vakillar Palatasidan o’tmagan.

Noqonuniy muhojir deganda AQShga vaqtincha kelib, ruxsatsiz qolib ketgan yoki chegarani buzib o’tgan kishilar tushuniladi. Qonunan, ularning Amerikada yashash, yoki ishlashga haqqi yo’q.

Biroq, AQSh iqtisodiyotida ularga, arzon ishchi kuchiga talab katta. Soatiga 5-6 dollar topsa-da, ko’pchilik muhojirlar vatanidagi oilasini tebrata oladi.

AQSh qonunchilari noqonuniy muhojirlarni vatanga majburan qaytarish, mehr-oqibat va insofdan emas deydi. Biroq, deya bildiradi ular, Amerika hukumati mamlakatga vizasiz kirishning oldini olishi lozim.

XS
SM
MD
LG