Breaking News

AQShda muhojirlar ko'pchilikka aylanmoqda


AQSh Statistika Boshqarmasi hisobotiga ko’ra, hozir Qo’shma Shtatlardagi okruglarning 10 foizida oq tanlilar kamchilikni tashkil etmoqda.

Mutaxassislar fikricha, etnik xilma-xillik chekka hududlarda aholi kamayishining oldini olsa-da, bir paytning o’zida ijtimoiy ziddiyatga ham sabab bo’lyapti.

Muhojirlar oqimi kuchayib, qora tanlilar va latinolar orasida tug’ilish oshib borayotgani bois, Qo’shma Shtatlar aholisi etnik jihatdan boyib bormoqda. O’tgan yili AQShda ozchilik millatlar 100 millionni ya’ni mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismini tashkil etdi.

2000-2006 yillarda yirik shaharlarda latinolar ko’paygan. Aholishunos olim Mark Mater:

“Avvallari, deylik, lotin amerikaliklar asosan Los Anjeles, Chikago, Mayami va Nyu York kabi katta shaharlarda istiqomat qilar edi. Biroq oxirgi besh-olti yil ichida muhojirlar chekka joylar, qishloqlarni o’zlashtirmoqda”.

Bu kabi kichik shaharlarda ishlab chiqarish, konchilik singari sohalarda ish kamayib, qishloq xo’jaligi, go’sht qadoqlash kabi kam maosh to’lanadigan ish joylari paydo bo’lgan. Ularni asosan muhojirlar egallaydi. Latinolar chekka joylarga ko’chib, aholi kamayishining oldi olinyapti, deydi Mark Mater.

Demografik o’sish o’z yo’liga. Ammo, deydi u, chekka joylarda immigrantlarni sovuq qarshi olish holatlari ham yo’q emas.

“O’tmishda muhojirlar bilan yuzlashmagan ba’zi jamoalar kelgindilarni chiqishtirmaydi. Tashqi ko’rinishi, tili boshqa bo’lgan odamlar bilan murosa qilish qiyin kechadi”, - deydi Mark Mater.

AQSh Statistika Boshqarmasi taxminicha, 2050 yilga borib ozchilik elatlar Qo’shma Shtatlar aholisining yarmini tashkil etib, ko’pchilikka aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG