Breaking News

Qirg'izistonda norozilik namoyishlari tarqatib yuborilgan


Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida hukumat kuchlari ko’zdan yosh oqizuvchi gaz va granatalar qo’llash orqali muxolifat namoyishini majburan tarqatgan.

Muxolifatning Feliks Qulov boshiligida Birlashgan Front va “Islohotlar uchun!” harakati to’qqiz kun davomida Bishkekdagi “Olatog’” maydonida namoyish o’tkazgan.

Muxolifat tarafdorlari prezident Qurmanbek Bakiyevning to’xtovsiz iste’foga ketishini va islohotlar o’tkazilishini talab qilganlar.

Namoyish davomida hukumat va muxolifat tarafdorlari o’rtasida ziddiyatlar kuzatilgan, jurnalistlar va ig’vogarlikda gumon qilingan ayrim shaxslar kaltaklangan. Ammo namoyishlarning to’qqizinchi kuni hukumat binosi oldida to’plangan guruh va militsiya o’rtasida to’qnashuv yuz bergan.

“Men [namoyishchilar bilan] ovoz kuchaytirgich yordamida muzokara o’tkazishga urindim. Yig’ilganlardan tarqalishni so’radim, chunki bir xodimimizning boshigaga tosh bilan urishgan edi, u hushidan ketib qoldi. Menga ham tosh ota boshladilar. Shundan keyin maxsus vositalar qo’llashga majbur bo’ldik”, – deydi Ichki Ishlar vaziri Bo’lo’t No’g’oyboev.

Ma’lumotlarga ko’ra, bir necha namoyishchilar va militsiya xodimlari jarohatlanganlar. Militsiya payshanba oqshomidan tongga qadar Bishkekda namoyishchilarning o’tovlarini yig’ishtirish va tartibsizlik uyushtirganlarni qo’lga olish bilan shug’ullangan.

Tongga yaqin muxolifatga qarashli nashrlar bosmaxonadan musodara qilingan, Birlashgan Front va “Or-Nomus” partiyasi idoralarida tintuv o’tkazilib, jihoz va hujjatlar tortib olingan. Milliy Xavfsizlik bo’yicha davlat qo’mitasi muxolifatning bir necha a’zosini so’roqqa chaqirgan.

Muxolifat militsiya xodimlariga hujum va tartibsizliklar prezident Qurmanbek Bakiev tarafdorlari tomonidan maxsus uyushtirilganini ta’kidlamoqda. Birlashgan Front yetakchisi Feliks Qulov namoyishning tarqatilishini “Reyxstagga o’t qo’yish” deya baholagan.

“Mamlakatimizda ham xuddi shunday usullardan foydalanilmoqda. Shuning uchun butun mas’uliyat hukumat zimmasidadir”, – degan u.

Muxolifatning yana bir yetakchisi Qubat Baybo’lov xavfsizlik kuchlari namoyish ishtirokchilariga nisbatan shafqatsizlarcha muomala qilganini keskin tanqid qilgan.

Vaziyat bo’yicha o’tkazgan yig’ilishida qirg’iz parlamenti tartibsizliklar davomida ma’muriy va xususiy binolarga yetgan moddiy zararni qoplashni namoyish tashkilotchilari zimmasiga yuklagan. Muxolifat namoyishlarni to’xtatib turishga qaror qilgan, ammo maqsadidan ortga chekinmasligini ma’lum qilmoqda.

XS
SM
MD
LG