Breaking News

Qirg'izistonda prezidentlik uchun olti nomzod kurashmoqda


Markaziy saylov komissiyasi raisi Damir Lisovskoyning aytishicha, jarayonni 48 davlatdan 516 mutaxassis kuzatadi.

Ayrimlar nazarida ikkinchi muddat uchin kurashayotgan prezident Qurmanbek Bakiyevning lavozimda qolish ehtimoli katta.

Prezidentlikka yana besh nomzod da’vogar:

Temir Sariyev – 46 yoshda. Muxolif “Oq Shunqor” partiyasi rahbari. 2000 va 2005 yillarda parlamentga saylangan. 2006 yilda Almazbek Atambayevning “Sotsial Demokratik” Partiyasi raisi muovini bo’lib ishlagan.

Almazbek Atambayev - muxolifatdagi “Sotsial Demokratik” partiya rahbari. Qirg’iziston parlamentida o’rin olgan yagona muxolif partiya. 2007 yilning mart-oktyabr oylarida bosh vazir bo’lib ishlagan. 52 yoshli Atambayev avval biznes bilan shug’ullangan. 2005-2006 yillarda sanoat va savdo vaziri lavozimida xizmat qilgan. Bakiyevning ashaddiy tanqidchisi, 2000 yilda prezident saylovlarida qatnashib, olti foiz ovoz olgan.

Toxtaim Umetaliyeva – prezidentlik uchun ikkinchi bor kurashayotgan ayol nomzod. 2005 yilda 0.6 foiz ovoz to’plagan. 2000 yildan beri Qirg’iziston Nodavlat va Notijorat tashkilotlari Uyushmasiga rahbarlik qilib keladi. Umetaliyeva g’alabaga umid qilmasa-da, fursatdan foydalanib, ijtimoiy muammolar va ayollar huquqlari masalasiga e’tibor qaratish niyatida.

Jenishbek Nazaraliev – 48 yoshda. Qirg’izistondagi bir necha kasalxonalar sohibi, vrach. Narkomaniyadan davolashning yangi usulini kashf qilib, nafaqat mamlakatda, balki xorijda ham nom qozongan. “Asaba” partiyasi a’zosi.

Nurlan Motuyev – eng yosh nomzod (38 yosh). 2005 yilda Kara Keche ko’mir koni aksiyalarining ko’p qismini qo’lga kiritib, “konchi qirol” deya shuhrat qozongan. 2006 yil mayida noqonuniy biznes, qiymati 800 ming dollarga teng ko’mirdan tushgan daromadni o’zlashtirganlik gumoni bilan qamoqqa olingan. Motuyev va unga aloqador yana 10 kishining tergov ishi vaqtincha to’xtatilgan. Hozir ozodlikda, ammo Qirg’izistondan chiqishi man qilingan.

Qirg’izistonda ko’pchilikda saylovda qatnashish - fuqarolik burchim, degan fikr hukmron. Bu yondashuv sho’rolar davridan qolgan, deydi tahlilchilar. Saylovchilar esa Qirg’izistonda jiddiy iqtisodiy- ijtimoiy o’zgarishlar darkorligini aytishadi.

Yozuvchi Saltanat Fayzullayevaning aytishicha, xalq bo’lajak prezidentdan ishsizlik muammosini hal qilishni, zavod va fabrikalarning faoliyatini tiklashni so’ramoqda.

Siyosatshunos Alisher Hamidov fikricha, rasmiy Bishkekning hozirgi siyosatida bir taraflamalik, Rossiyaga yon bosish ko’zga tashlanadi. Bu esa o’lkaning g’arb davlatlari bilan munosabatlari rivojiga ziyon qilmoqda. Hamidovning aytishicha, saylovchilar qo’shni davlatlar - O’zbekiston, Tojikiston hamda Xitoy bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirish tarafdori. Ushbu yo’nalishda qator yechilmagan masalalar mavjud.

Xalqaro kuzatuvchilar nazarida Qirg’izistondagi prezident saylovlari Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida ma’lum darajada demokratik tamoyillarga javob beradi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG