Breaking News

Xalqaro Matbuot Kuni: kimgadir sitam, kimgadir bayram


O`zbekistonda jurnalistlar matbuot erkinligi haqida fikr bildirishni mamlakatda ta`qibga uchragan jurnalistlar nomini sanashdan boshlashadi.

Eng so`nggisi – siyosiy tuzumga qarshi ma'lumot tarqatganlikda va bu bilan jamoat tinchligiga rahna solganlikda aybdor deb, yetti yilga qamalgan Umida Niyozova.

Mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid fikricha o`zbek matbuotida tanqidiy yozish mumkin emas. Yozsang, sudda javob berasan.

O`zbekistonda o’tgan ikki -uch yil davomida O`zbekiston jurnalistlar ijodiy ushumasi tomonidan “Oltin qalam” milliy mukofoti taqdim etila boshlagan. Biroq bu mukofot tanqidiy maqolalar uchun emas, hukumatni maqtagan, “milliy mafkura va mustaqillikdan keyingi taraqqiyot” haqida yozgan odamlarga tegadi.

Jurnalist Abdurahmon Tashanov nazarida hukumat xalqaro matbuot kunidan G`arbni tanqid qilish uchun foydalanmoqda.

“2000-yillar boshida, tuli xalqaro tashkilotlarning O`zbekistonda faoliyat yuritishi bilan xalqaro matbuot erkinligi kuni nishonlana boshlangan edi. Bu tadbirlarda hukumat, o’zbek matbuoti tanqidga olinardi. Keyinchalik hukumatni o`zi bu tanqidlarga javoban targ`ibot boshladi va xalqaro matbuot erkinligi kuni shu asnoda nishonlana boshladi”, - deydi u.

Abdurahmon Tashanov fikricha hukumat bayramdan foydalanib, o`z pozitsiyasini yoritgan jurnalistlarni taqdirlaydi.

“Vaqti kelib jamiyat erkinlikka erishadi va matbuotimizni siquvda ushlab turgan shaxslar yo`q bo`lib ketadi. Lekin eng achinarlisi matbuotni siquvga olgan diktatorlar taqdiri nima bilan tugayotganligini ko`rib turibmiz. Saddam, Pinochet, Turkmanboshi, vaqti kelib O`zbekistonda ham shu jarayon bo`ladi” , - deb hisoblaydi Tashanov.

Jurnalist Aleksey Volosevich o`zbek matbuoti haqida to`xtalar ekan, mahalliy matbuot hamon yuqoridan berilgan topshiriq asosida ish ko`radi deydi.

“Yaqindagi xabar - hamkasblarimning aytishiga qaraganda - “Uzbekistan Today” (“Bugungi O’zbekiston”) gazetasida milliy futbol jamoasining yutqizgani haqida maqola chop etishni ta`qiqlab qo`yishibdi. Agar yutsa mumkin, yutmasa mumkin emas. Shuning o`zidanoq mahalliy matbuot haqida xulosa chiqarish mumkin”, - deydi u.

Hozirgacha O`zbekistondan o`nlab jurnalistlar tazyiqlar tufayli chiqib ketgan. Mahalliy jurnalistlardan birining aytishicha shunday vaziyatda xalqaro matbuot erkinligi kunini nishonlash va ta`qibga uchragan jurnalistlar taqdiri haqida eslamaslik so'z erkinligini tahqirlash emasmi?

XS
SM
MD
LG