Breaking News

AQSh matbuoti Qozog'iston va Afg'oniston haqida


AQShning nufuzli gazetalaridan “Vashington Post”ning yozishicha, Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi Rohat Aliyev odam o’g’irlaganlik va mafiya tarmog’iga bosh bo’lganlikda ayblanib, Interpol orqali xalqaro qidiruvga e’lon qilingan. Yaqingacha Avstriyada elchi bo’lgan va shanba kuni prezident tomonidan lavozimidan bo’shatilgan Aliyevning ayni damda qayerdaligi aniq emas. Uni hibsga olib Qozog’istonga qaytarish uchun Venaga bir guruh tergovchilar va Qozog’iston bosh prokurorining muovini yo’l olgan.

Gazetaga ko’ra, Rohat Aliyevning prezident bo’lmoqchi ekani haqidagi gaplari yaqindagina cheksiz muhlatga saylanish huquqiga ega bo’lgan Nazarboyevni xavotirga solgan va kuyovini siyosiy raqibiga aylantirgan. Rohat Aliyev o’z qo’li ostidagi matbuot orqali Nazarboyevni demokratik tamoyillardan chekinganlikda ayblagan. Biroq Qozog’iston muxolifati, deb yozadi “Vashington Post” Rohat Aliyevni muxolifatchi deb qabul qilmayapti va qaynota-kuyov o’rtasidagi tortishuvning demokratik tamoyillar emas, hokimiyat uchun kechayotganini aytmoqda.

Ayni mavzu AQShdagi yana bir gazeta “Nyu-York Tayms”ning bugungi sonida ham yoritilgan. Unda ta’kidlanishicha, Rohat Aliyevning rafiqasi va Qozog’iston prezidentining to’ng’ich qizi Dariga Nazarboyeva avjga chiqayotgan mojaro bo’yicha lom-lim demagan. Muxolif partiyalardan birining yetakchisi Oraz Jandosovning “Nyu-York Tayms”ga aytishicha, Rohat Aliyevning siyosatchi sifatida kuni bitgan, biroq hozir hamma Dariga Nazarboyeva kimga yon bosishini kutmoqda.

“Nyu-York Tayms”, shuningdek, Afg’onistonning o’zbeklar yashovchi shimolidagi ahvolga ham nazar tashlagan. Kecha mamlakat shimolidagi Shibirg’on shahrida mahalliy o’zbeklar sardori general Abdulrashid Do’stim tarafdorlari politsiya bilan to’qnashgan. Natijada 7 kishi o’lgan, 34 kishi jarohat olgan.

“Nyu-York Tayms”da yozilishicha, mojaro general Do’stim qo’li ostidagi “Junbeshi Milliy” siyosiy partiyasiga a’zo mingdan ziyod yoshlar Shibirg’onda Jovjan viloyati hokimining ishdan olinishini talab qilib namoyishga chiqqach va hokim idorasini ishg’ol qilishga uringach, boshlangan. Politsiya bilan to’qnashuvda halok bo’lganlarning aksariyati “Junbeshi Milliy” a’zolari.

Namoyishchilar Ahmad Xon ismli qonun chiqaruvchi hayotiga suiqasd uyushtirmoqchi bo’lib, hibsga olingan olti kishining ozod etilishini talab qilgan. Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, Ahmad Xonning yaqinda Abdulrashid Do’stim bilan orasi ochilgan. Namoyishchilar nazarida Jovjan viloyati hokimi Juma Xon Hamdard ham Do’stim bilan hibsga olingan olti kishi yuzasidan nizolashgan. Vaziyatni nazorat ostiga olish maqsadida hukumat hududga harbiylarni yuborgan. “Nyu-York Tayms”ga ko’ra, Afg’oniston shimolida hokimiyat uchun kurash avj olmoqda.

XS
SM
MD
LG