Breaking News

Tojikistonda o'zbek gazeta-jurnallari savdosi taqiqlangan


Тоjikiston aholisining aksariyat qismi O’zbekiston matbuotini o’qib boradi. Lekin so’nggi kunlarda Tojikistonda Ozbekiston gazeta-jurnallari savdosi nima uchundur taqiqlangan.

Tojikistonda, norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, O’zbekistonda chiqariladigan “Darakchi”, “ Bekajon”, “7x7”, “Tasvir”, “Sanam”, “Kelinchak” singari gazeta-jurnallarning 50 mingdan ortiq nusxasi sotiladi. Bu nashrlar sotuvining taqiqlanishi aholi e’tiroziga sabab bo’lmoqda.

So’g’d viloyat markazi Xo’jand shahrida tojik sotuvchilari ham bundan norozi. O’zbek gazetalari savdosi bilan tirikchilik o’tkazayotgan yigitning aytishicha, 1 milliondan ortiq o’zbeklar yashaydigan Tojikiston shimolida o’zbek gazetalari majburiy ravishda sotuvdan chiqarilgan.

”Bu diktatura o’rnatilishi noto’g’ri narsa. Taqiqlash mumkin emas! Ayrimlar davlat tili deyishadi… Bu unday emas. Alam qiladigani – asosan rus tiliga e’tibor qilishadi, o’zbek tilini umuman bir chetga surib qo’yishgan”, - deydi gazeta sotuvchi o’zbek yigiti.

Tojik matbuotida O’zbekistondan kelayotgan nashrlarning mamlakat milliy informatsion xafsizligiga putur yetkazayotgani haqidagi chiqishlarni mahalliy o’zbeklar asossiz deb hisoblaydi.

Ular fikricha, O’zbekistondan keltirib sotilayotgan barcha nashrlar sodda, ko’ngilochar, ijodiy narsalar bo’lib, ularning hech biri O’zbekiston hukumat nashrlari hisoblanmaydi va biror mafkurani targ’ib etmaydi.

“Bu yerda siyosiy gazetalarni sotib ham olishmaydi, bu yerda ayirmachilik bo’lib qolmoqda,” - deyishadi ular.

Taniqli mahalliy jurnalist Ahli Rasul Muhammad o’zbek gazetalari sotuvining taqiqlanishini siyosiy xato hisoblaydi.

“O’zbekiston gazetalari sotuviga taqiq qo’yilishi siyosatning noto’g’riligini bildiradi. Balki buning milliy siyosatga omixtalik (bog’liq) joyi border. Tojikiston siyosatchilari o’z milliyatlariga qayg’urib, g’amxo’r bo’ladigan bo’lsa, ular o’zlari chiqarayotgan huddi shunday mahsulotlarni nihoyatda kuchli qilishlari kerak edi. Chunki gap borki, har kim suygan oshini ichadi,” - deydi tojikistonlik jurnalist.

Tojikistonlik o’zbek xotin-qizlar rasmiylarning taqiq borasidagi qarorlaridan haratda.

“Kim nimani o’qisa, qanday gazeta-jurnalni o’qishni odam o’zi tanlaydi. Cheklab qo’yib, yo’q, san buni o’qishing kerak, uni o’qimasliging kerak... Bu matbuotmi, kitobmi, boshqa narsami, hamma o’zi tanlaydi. Jumhuriyatimizda ham mana shunaqa gazetalar chiqarsin, bizlar mazza qilib o’qiylik,” - deyishadi.

Bu taqiqni tojik ziyolilari mamlakatga qo’shni respublikadan axborot xuruji oldini olish deb asoslasa, o’zbeklar bu fikrga qo’shilmaydi.

“Men unday deb o’ylamayman. Men O’zbekiston, kerak bo’lsa, Rossiyadan kelayotgan OAV bilan tanishib boraman. Qashshoq Tojikistonga nisbatan kuchli bosimdagi qandaydir tajovuzkorona ruhdagi materiallarni ko’rgan emasman. Dushman ruhdagi masalalarni ko’rgan emasman,” - deydi Ahli Rasul Muhammad.

Tojikistonlik gazetxon o’zbek xotin-qizlari ham o’z mulohazalarini bildirishar ekan, “Chet tillardagi asarlarni, jurnallarni o’qinglar deyishadi, ingliz tilini o’rganing deyishadi, nega endi buni o’qish mumkin emas ekan? “Darakchi”da, masalan, Tojikistonni yomonlagan narsa yo’q, qiziqarli, hayotiy voqealar bor o’zbeklar uchun. Tojikistonnikini olamiz, lekin baribir bizga badiiy kitoblar ko’proq Ozbekistondan kirib keladi. Jahon kitoblarini ham biz O’zbekiston orqali o’qiganmiz. Tojik tilida bizga taraqqiyot endi kirib kelmoqda,” - deydi.

Jamiyatshunos O’tki Turaboyev bu masalada Tojikiston tomoni raqobatning noma’qul yo’lini tanlaganiga urg’u berarkan, “bizdagi gazetalar ham ana shunday qiziqarli, zamonaviy maqolalar bilan ko’proq boyitilsa, fuqarolarimiz o’z-ozidan mahaliy gazetalarni albatta olishadi. Raqobat endi madaniy bo’lishi kerakda. Bir-birini cheklash bilan, bir-biriga qarama-qarshilik bilan bo’lmaydi,” - deydi.

XS
SM
MD
LG