Breaking News

O'zbekiston yoshlari tashqi dunyoga darvoza qidirmoqda


O’zbekistonlik yoshlar uchun xorijda o`qish imkoniyati cheklangan. Almashinuv dasturlari kam, ularni taklif qiluvchi tashkilotlarning ko’pi O’zbekistonni siyosiy bosim ostida tark etgan.

Yoshlarning bevosita chet elda ta’lim olishlariga yaqindan yordam beruvchi bir qancha xalqaro tashkilotlar O`zbekistondan chiqarib yuborildi. Hozir talabalar va ilmiy tadqiqotchilar uchun ochiq ishlab turgan dasturlar deyarli yoq.

Biroq yoshlar orasida intilish so’nmagan.

“Niyatlarimizni amalga oshirish uchun sharoit tu`gilmaydi, sharoit tu`gilsa mablag’ topilmaydi. Biz yoshlar xorijda o`qish imkoniyatalri bo`lishini xohlaymiz, shuning uchun yoshlarni qo’llaydigan tashkilotlar bo`lishini juda xohlar edik”, - deydi talabalardan biri.

Avval O`zbekistonda ham iqtidorli yoshlarni chet elda o`qitishni tashkil etuvchi va hukumat tomonidan moliyalanuvchi “Umid” jamg’aramasi faoliyati yo`lga qo`yilgan edi. Biroq jamg’arma bir necha yilgi faoliyatidan so`ng tugatildi.

O`zbekiston yoshlari inson huquqlari tashkiloti rahbari Suhrob Ismoilovga ko`ra jamg`armaning tugatilishi chet eldagi ko`pchilik yoshlarning O`zbekistonga qaytmagani bilan bog’liq.

“Bu yerda muammo qaytib kelayotgan yosh mutaxassislarga [mos] ish o`rinlari va maosh yo’qligida”, - deydi Ismoilov.

Mutaxassislarning aytishicha yoshlar chet eldan katta bir orzu umidlar bilan qaytadi, lekin O`zbekistondagi ahvolni ko’rib, xafsalasi pir bo`ladi.

Shu bois yoshlar O`zbekistonda beriladigan arzimagan maoshga ishlashdan ko`ra og’ir mehnat bo`lsa ham xorijda qolishni ma`qul deb topadi.

Suhrob Ismoilov deydiki O`zbekistonda tugatilgan Umid jamg’armasi kabi tashkilot Qozog`istonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Unga ko`ra Qozog’istondagi tashkilotda ham dastlab shunday muammolar bo`lgan, biroq Qozog`istonda o`zgatirishlar kiritilgan, yosh mutaxassislarga maoshlar qariyb xalqaro kompaniyalar darajasida belgilangan.

“Shundan so`ng bu tashkilotga nisbatan yana yoshlarning qiziqishi ortdi ”, - deydi u.

Hozirda O`zbekistondagi ayrim xorij elchixonalarida yoshlarni grant orqali o`qishga jo`natish dasturlari bor, lekin ular ko’p emas.

Ayni paytda yoshlar o`rtasida ko`proq internet orqali dunyoning turli mamlakatlaridagi universitetlar bilan aloqa bog`lash va imkoniyatlar topish harakati kuchaygan.

Talabalardan biriga ko`ra hozir AQSh, Angliya kabi mamlakatlarda emas, balki Germaniyada o`qish imkoniyati kengroq.

“Germaniyaga borish osonroq, shuning uchun nemis tilini puxta o`rganayapman. Ajabmas Germaniyaga ketsam”, - deydi u.

Aytish joizki, G`arb davlatlari ichida faqat Germaniya rasmiy Toshkent bilan yaqin aloqalarini saqlab kelmoqda.

Mutaxassislarga ko`ra O`zbekiston yoshlarini ommaviy tarzda xorijga chorlaydigan narsa mamlakatdagi og’ir iqtisodiy-ijtimoiy sharoit.

Yana bir muhim omil – O’zbekistonda ta’lim sifatining pastligi. “Ta’lim ingliz tilida olib boriladi. Biznikidan kuchliroq. Har bir talaba chet elda o`qishni xohlaydi. [Sifatli ta’lim] berilsa, shu yerda ham o`qiyverardik”, - deyishadi ayrim yoshlar.

Kuzatuvchilar nazarida so`nggi yillarda xorijda ta’lim olgan yoshlar O`zbekistonga katta iqtidor va shijoat bilan qaytgan. Biroq mamlakatdagi qog’ozboz tuzum va chuqur korrupsiya bu yoshlardagi o`zgarishlar qilish tashabbusini so`ndirgan. Natijada ularning ko`pchiligi mamlakatdan chiqib ketgan, qolganlari esa tuzumga moslashishga majbur bo`lmoqda.

XS
SM
MD
LG