Breaking News

O'zbekiston hukumati Internetni cheklashda davom etmoqda


Fransiyada asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining tahlil qilishicha, O’zbekiston - internetga dushman 12 davlatdan biri.

Respublika rahbariyati demokratik jamiyat qurilmoqda deya bong urib keladi.

Lekin xalqning oddiy axborot olish huquqi cheklangan.

Global tarmoqqan mustaqil ma'lumot izlash imkoniyati mavjud emas.

O'zbekistonda internetdagi mustaqil axborot saytlarini ommaviy to'sish tajribasi 2005 yildan keyin boshlandi.

Avvallari asosan muxolif partiyalarning internetdagi sahifalarini taqiqlagan hukumat keyinchalik O'zbekiston haqida mustaqil xabar tarqatuvchi barcha axborot saytlarini to'sishni boshladi.

O'tgan yillar davomida cheklash siyosati kuchayib, hatto Rossiya, qo'shni Qozog'istondagi ayrim saytlarni ham O'zbekistondan turib o'qish imkoniyati yo'qoldi.

2005 yildan “Ozodlik”, “Bi-Bi-Si”, “Fergana.ru” va boshqa ko'plab mustaqil axborot vositalarini internetdagi sahifalariga kirish taqiqlandi. Shu qatorda “Amerika Ovozi” sayti ham batamom to'sib qo'yildi.

“Fergana.ru” axborot sayti muxbiri Aleksey Volosevich fikricha internetga to’siqlar qo’yish ayniqsa Qirg’izistondagi inqilobdan keyin kuchaydi.

“2005 yilgacha O'zbekistonda axborot saytlari to'silmagan edi. Hukumatga yoqmagan biror maqola chop etilgan taqdirda bir muddat blokirovka qilish holatlari bo’lgan, biroq hozirgidek keng qamrovli blokirovka amaliyoti o'tkazilmagan”, - deydi Volosevich.

“Hukumat internet xalqni maydonga chiqib nimanidir talab qilishga sabab bo’ladigan axborot tarqatishi mumkinligini anglab yetdi. Ayniqsa Andijon voqealari ketidan internet ustidan mustahkam temir senzura o'rnatildi”, - deydi jurnalist.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra O'zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni oshib bormoqda. Bu boradagi so'nggi statistika internet xizmatidan foydalanuvchilar soni 2 million 800 mingga yetganini ta'kidlaydi.

O'zbekistonda mustaqil televideniye yoki matbuot yo'q. Davlat iznidagi “axborot vositalari” esa faqat maqtov yoki hukumat muvaffaqqiyatlarini sanashdan nariga o’tmaydi.

Aholi axborotga bo'lgan ehtiyojni internet orqali qondirishga harakat qiladi.

“Ko'proq axborotni internetdan olamiz, turli aylanma yo'llar yordamida. Mustaqil axborot saytlarining hammasiga to'siq qo'yilgani kundek ravshan. Zamon taraqqiylashib borayotgan bir paytda internetni to'sib qo'yish yaxshi narsa emas”,- deydi mahalliy jurnalistlardan biri.

“Internetda har qalay ozroq erkinlik bo'lgani uchun o’zbek jurnalistlari taxallus bilan yoki asl ism-sharifi bilan u yerda maqolalar yozishga harakat qilmoqda. Lekin bu materiallarning oddiy xalqqa yetishi qiyin”, - deydi u.

Aleksey Volosevich nazarida hukumat axborot oqimiga xavf sifatida qaraydi.

“Chunki mustaqil axborotni o'qiydigan odamlarning vaziyatdan xabardorligi oshadi, nazariy jihatdan qaraganda ular hukumatda o'tirgan odamlardan joyni bo'shatib qo'yishlarni talab qilishalri mumkin. Bu esa tabiiyki ularga yoqmaydi”, - deydi jurnalist.

Jurnalistlarning aytishicha mamlakatda internetni cheklash tobora kengayib, mukammallashib bormoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG