Breaking News

AQSh: Markaziy Osiyo Rossiyaga tobe bo'lib qolmasligi lozim


Markaziy Osiyo Rossiya va Xitoy ta’siri ostida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida o’z o’rnini mustahkamlashga urinar ekan, AQSh mintaqada iqtisodiy taraqqiyot, demokratiya va islohotlar ahvolidan tashvishda.

Amerika diplomatlari nazarida Rossiya va Xitoy, shubhasiz, muhim va yirik davlatlar, shuningdek iqtisodiy hamkorlar.

Biroq, AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays (Condoleezza Rice) fikricha, Markaziy va Janubiy Osiyo o’rtasidagi qadim savdo yo’lini tiklash - zamon talabi.

AQSh Davlat kotibining yangi muovini Jon Negroponte (John Negroponte) keksa va tajribali diplomat. Ko’p davlatlarda, jumladan yaqin yillarda AQShning Iroq va BMTdagi elchisi bo’lgan. Shuningdek, o’tgan ikki yil davomida AQSh razvedkasini boshqargan.

Biroq Negroponte Markaziy Osiyo yoki O’zbekiston haqida kam gapiradi. Shu sabab Amerika Ovozi undan avvalo, AQSh uchun Markaziy Osiyo shu kunlarda qanchalik muhim, mintaqadagi siyosiy ahvol, bugungi manzara haqida qanchalik bilasiz deb so’radi.

"Markaziy Osiyo AQSh uchun juda, o’ta muhim mintaqa. Ham xavfsizlik bobida, ham iqtisodiy hamkorlik bobida. Mintaqa katta kuchga ega. Uning taraqqiyotiga hissa qo’shishni maqsad qilganmiz. Bugungi muammolarga qaramasdan, biz uning kelajagi yorug’ deb bilamiz",- deydi Negroponte.

Negroponte shu yilning fevral oyida AQSh Kongressida hisobot berganida, Markaziy Osiyoni tashvishga molik mintaqa deb atagan edi. Uning fikricha mintaqa davlatlari siyosiy erkinlikka yo’l bermay, xalqqa zulm o’tkazmoqda.

Natijada, deydi Negroponte, O’zbekiston kabi yirik davlatlarda hukumatdan norozilar ko’payib, ularning turli radikal kuchlarga, mutaassib guruhlarga, aqidaparast tashkilotlarga kirib ketish ehtimoli ortib bormoqda.

Amerika Ovozi bilan suhbatda ham AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Markaziy Osiyoda jamiyatlar o’sishga, farovon hayot qurishga qiynalmoqda dedi. Lekin, deya so’radik Jon Negropontedan, Qo’shma Shtatlar siyosatdonlar nazarida mintaqaga nisbatan yaxlit, mukammal, Markaziy Osiyoni ham xavfsizlik, ham iqtisodiy taraqqiyotga yetaklovchi bir siyosat bilan chiqqan emas.

"Bu qarashga qo’shila olmayman",- deydi Negroponte. "AQSh mintaqada nima qilmasin, uning istiqbolini nazarda tutadi. Biz Markaziy Osiyo davlatlari hali yosh ekanini, tashqi yordamga muhtoj ekanini bilamiz. Mintaqa yirik tabiiy boyliklarga va katta ishchi kuchiga ega. Bizning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatimiz shundan iboratki, mintaqa xalqi siyosiy-iqtisodiy jihatdan tanlash huquqiga ega bo’lsin. O’zi uchun o’zi imkoniyatlar yaratsin".

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Markaziy Osiyo ko’p jihatdan Rossiyaga tobe deydi. Bu tobelik, uning va boshqa diplomatlar nazarida, mintaqani faqat bir yo’nalishga qaratib qo’yadi, ya’ni shimol. Jon Negroponte so’zi bilan aytganda, sobiq ittifoqning bosh davlati - Rossiyaga.

"Markaziy Osiyo janubda katta imkoniyatlar kutayotganini unutmasligi kerak. Afg’oniston, Pokiston, Hindiston. Bu rivojlanayotgan davlatlarda O’zbekiston kabi qishloq xo’jaligiga asoslangan, yonilg’i boyliklariga ega va eng asosiysi o’qimishli mutaxassislar va ichki tizimi rivojlangan davlat uchun bitmas-tuganmas imkoniyatlar bor".

AQSh diplomatlari Afg’onistonning hali ham o’ta notinch mamlakat ekani, Pokiston esa o’z yog’ida qovurilayotgani, Hindiston ham ko’proq G’arb bilan hamkorlikka intilayotganini tan oladi.

Markaziy Osiyo G’arb nazarida repressiv jamiyatlar hisoblangan Rossiya va Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlayotgani Vashingtonda tez-tez tilga olinadigan xavotirlardan biri.

Geo-iqtisodiy jihatdan AQSh Rossiya yoki Xitoy taklif qilayotgan imkoniyatlar bilan chiqa olmaydi. Lekin Amerika hukumati mintaqa yonilg’i boyliklarini Janubiy Osiyo tomon yo’naltirishni moliyalashni maqsad qilgan. Hozircha bu maqsad faqat qog’ozda.

Yana bir mavzu - O’zbekistonda bu yil kutilayotgan saylovlar. AQSh saylovlar bo’lishi kerak, bo’lsa ham adolatli saylovlar deyishda davom etmoqda. Jon Negroponte Amerika Ovozi bilan suhbatda bu borada gapirmadi, biroq AQSh Davlat departamenti O’zbekiston hukumatini saylovlarni ochiq va erkin o’tkazishga chaqirib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG