Vashington Iroqdan qanday chiqish masalasi ustida bosh qotirar ekan, terrorga qarshi urush bugun qanday kechayotgani ham muhokama ostida.
AQSh razvedkasi terrorizm xavfi hali ham katta ekani haqida ogohlantirmoqda. Oq Uy xalqqa murojaat qilib, amerikaliklarga terrorizm xavfi so’nganicha yo’q deya ma’lum qildi.
Bayonot ayniqsa Kongressni xavotirga solmoqda. AQSh shu kungacha terrorga qarshi kurash deb yuzlab milliard dollar sarfladi. Afg’oniston va Iroqda minglab amerikaliklarning yostig’i quridi. AQSh qonunchilari, nahotki, shuncha say-harakat Al-Qoidadek guruhni yo’q qila olmadi, deb so’ramoqda.
Demokratlar, prezident Bushni urushni eplay olmaganlikda ayblasa, respublikachilar terrorga qarshi uzoq kurashishga majburmiz deb qayd etadi.
"Al-Qoida 2001 yildagidek qudratli emas",- deydi respublikachi kongressmen Roy Blant. "Biroq guruh Afg’oniston-Pokiston chegarasida joylashib olgan. Tog’li mintaqada ularni tag-tugi bilan yo’q qilish qiyin".
Yana bir respublikachi qonunchi Adam Putnam esa Osama bin Ladenning timsoli musulmon dunyosida ko’plarni ruhlantirishda davom etmoqda deydi.
"AQSh ana shu g’oyaviy ta’sirga qarshi kurashishi kerak",- deydi kongressmen Putnam. "Amerikani barbob qilishga bel bog’laganlarni yengish uzoq vaqt talab qiladi".
Demokratlar fikricha esa Bush ikki davlatda urush ochib, na Afg’onistonda, na Iroqda tinchlikni tiklay oldi. Diqqatni afg’on-Pokiston cheragasiga qaratib, asosan Al-Qoidaga zarba berish kerak edi, deydi ayrim demokrat qonunchilar.
Keksa senator Ted Kennedi Al-Qoida Iroq urushidan foydalanib, Afg’onistonda yo’qotgan salohiyatini tiklab oldi deydi.
"Iroq urushi terrorga qarshi kurashning beliga tepdi. Lekin bizning o’zboshimcha ma’muriyatimiz siyosatni hali ham o’zgartirmoqchi emas",- deya tanqid qiladi demokrat senator.
Iroqdagi urushni qanday tugatish borasida ikki tomon turlicha fikrda, biroq Kongressda ko’pchilik Bushdan amaldagi strategiyani o’zgartirishni talab qilmoqda.
Gap AQShning Iroqda bir kunmas bir kun g’alaba qozonishida emas, u yerda har kuni o’nlab insonlarning yostig’i quriyotganida, deydi kongressmen Lantos. "Gap AQSh qo’shinlarini tezroq olib chiqishda, javobgarlikni Iroq hukumatiga topshirishda".