Breaking News

Rohat Aliyev Vena prokuraturasi qarorini kutmoqda


“Washington Post” gazetasiga ko’ra, Rohat Aliyev Avstriya poytaxti Venada. 45 yoshli Aliyev Avstriya adliyasining qarorini kutmoqda. Qozog’iston rasmiy Venadan Aliyevni ekstraditsiya qilishni so'ragan.

Yuzaga kelgan vaziyat tufayli, deyiladi gazetada, Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning to’ng’ich qizi Dariga 25 yillik turmush o’rtog’i bilan ajrashishga majbur bo’lgan.

Gazeta olgan ma’lumotga ko’ra, yangi parlament saylovlariga nomzodlar ro’yxatidan Dariga Nazarboyevaning nomi olib tashlangan. Muxolifat yetakchilaridan biri Amirxon Kossanovning “Washington Post”ga aytishicha, mamlakatda hamma narsa bir kishiga, Nursulton Nazarboyevga bog’liq va bu Rohat Aliyev yodidan ko’tarilgan ko’rinadi. Aliyevga odam o’g’irlash, tovlamachilik va mafiyaga aloqadorlik ayblari qo’yilmoqda.

Ayblovga ko'ra, Rohat Aliyev Avstriyaga elchilikka tayinlanishidan avval, Milliy Xavfsizlik Qo’mitasining rahbarlaridan biri bo’lgan davrda, Nazarboyevga qarshi fitna rejalashtirgan.

Aliyevning o’zi bu kabi ayblovlarni “bo’hton” deydi. Sobiq bosh vazir muovini, endilikda muxolifatchi Oraz Jandosovning aytishicha, Rohat Aliyev ishidan so’ng rafiqasi Dariga Nazarboyevaning siyosiy yulduzi bir muncha so’nishi va uning o’rnini singlisi Dinara va badavlat turmush o’rtog’i Timur Kulibayev egallashi mumkin.

“New York Timess” gazetasida yozilishicha esa Aliyevni ekstraditsiya qilish masalasi bo’yicha Vena prokuraturasi hali-beri qaror chiqarmaydi. Aliyevning gazetaga aytishicha, Qozog’istonda 2005 yildagi prezident saylovlari vaqtida bir nechta qo’shimcha saylov byulletenlari chiqarilgan va Nazarboyev 91 foiz ovozning kamida 20 foizini soxta byulletenlar hisobiga to’plagan. Rohat Aliyev qaynotasini Qozog’iston taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan inson deydi, biroq uning hokimiyat tepasida uzoq qolganini olqishlamaydi.

“Qozog’istonda Nazarboyevning o’rnini bosa oladigan yangi avlod rahbarlari yetishib chiqqan,” - deydi uning sobiq kuyovi.

XS
SM
MD
LG