Breaking News

Xitoyda yangi qonun xorijiy muxbirlar ishini biroz osonlashtiradi


Huquq faollari Xitoy hukumatini jurnalistlar, yozuvchilar va huquq himoyachilarini ta’qib qilayotganlikda ayblamoqda. Yaqinda Xitoyda o’tgan norozilik namoyishida politsiya 10 dan ortiq xorijiy jurnalistni hibsga olgan.

Namoyish Chegara Bilmas Muxbirlar tashkiloti a’zolari tomonidan Pekinda, Olimpiya o’yinlari tashkiliy qo’mitasi oldida o’tkazilgan. Bunday namoyishlar Xitoyda noodatiy hol.

Parijda asoslangan bu tashkilot bosh kotibi Robert Menardning aytishicha, rasmiy Pekin kelasi yili Olimpiya o’yinlari oldidan matbuot erkinligi va inson huquqlarini yaxshilash va’dasini bajarmayapti.

“Xitoy katta va’adalar bergan edi, ammo mana olti yildirki hech qanday o’zgarish kuzatilmayapti,” - deydi janob Menard.

Xitoy jurnalistlar eng ko’p qamoqqa tashlanadigan davlat. Bugunda 30 dan ortiq muxbir va yozuvchilar, minglab faollar panjara ortida.

“Boykot qilishga chaqirayotganimiz yoq’. Chora ko’rishga undayapmiz. Olimpiya o’yinlariga bir yil bor, Xitoy siyosiy mahbuslarni ozod etishi lozim,” - deydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti rahbari.

Rasmiy Pekin matbuotdagi tanqidlarga qarshi emasligini bildiradi. Biroq mamlakatda hukmron senzura buning aksidan dalolat. Mahalliy matbuot hamon iskanjada, xorijiy va tanqidiy mazmunga ega internet sahifalari taqiqlangan.

Yaqinda Xitoy hukumati matbuot borasida yangi qonun qabul qilgan. Unga ko’ra, xorijiy jurnalistlar Olimpiya o’yinlari yakuniga qadar Xitoy bo’ylab hukumat aralashuvisiz erkin faoliyat yuritishi mumkin.

Biroq Chegara Bilmas muxbirlarning norozilik namoyishidan so’ng 10 dan ortiq jurnalist politsiya tomonidan hech qanday izohsiz bir necha soatga ushlab turilgan.

Xitoyda yangi qonun qabul qilingach xorijiy muxbirlarning mamlakatda ishlashi sal osonlashgan, ammo ta’qib va bosim o’tkazish hollari davom etayotgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG