Breaking News

Rossiya va Xitoy orasida harbiy va iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda


Olti a’zoli Shanxay Hamkorlik Tashkiloti 9 avgust kuni eng yirik anti-terror mashqlarini boshlagan.

To’qqiz kun davom etadigan amaliyotlar “Tinchlik Missiyasi 2007” deya nomlanib, Xitoy, Qozog’iston Qirg’iziston, Tojikiston, O’zbekiston va Rossiya mudofaa kuchlarini o’z ichiga oladi. Harbiylarning aksariyati Xitoy va Rossiyadan. Bu davlatlar orasidagi iqtisodiy hamkorlik ham yil sayin kengaymoqda.

2007 yil Rossiyada Xitoy yili deb e’lon qilingan bo’lsa, bir yil oldin Xitoy Rossiya yilini nishonlagan edi. Hozirgi kunda asosiy diqqat savdoga qaratilgan.

Ikki xalq orasidagi rishtalar haqida gapirar ekan, Xitoy rahbari Xu Tsintao energetika hamkorligini rivojlantirish lozim, deydi. Shuningdek, neft, gaz va o’rmonchilik xo’jaligida.

Xitoy Rossiyadan eng ko’p xomashyo import qiluvchi mamlakat. Davlatlar orasidagi savdo aylanmasi so’nggi 10 yil ichida 7 milliardga oshib, bugunda 40 milliard dollarni tashkil etadi.

Boshqa imkoniyatlar chetda qolayotgani yo’q, deydi Xitoy bo’yicha ekspert Vladimir Myasnikov.

“Energetika, mashinasozlik, atom energiyasi zavodlari qurish, Xitoyga turbinalar yetkazish, fazoni birgalikda tadqiq etish, yuqori texnologiya sohalari”, - deydi mutaxassis.

Xitoy va Rossiya o’tgan yillar ichida bir necha bor harbiy mashg’ulotlar o’tkazgan. Rossiya qurollarining eng katta xaridori ham Xitoy. G’arb tahlilchilari nazarida bunday hamkorlik AQSh va NATO ta’siriga qarshi qaratilgan. Rossiya bosh vaziri birinchi o’rinbosari, avval mudofaa vaziri bo’lib ishlagan Sergey Ivanov esa, bu qarashlarni rad etadi.

“Biz harbiy blok tuzayotganimiz yo’q. Harbiy mashg’ulotlar hech qanday davlatga qarshi qaratilmagan”, - deydi Ivanov. .

Xitoy rasmiylari ham bu fikrni tasdiqlaydi.

“Harbiy amaliyotlar”, - deydi mudofaa vazirligi rasmiysi general Liang Guanli, “BMT nizomi va qoidalariga zid emas. Hech qaysi mamlakat nishonga olinayotgani yo’q.”

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar ishtirokida amaldagi harbiy mashg’ulotlarda ham Rossiya va Xitoy katta qo’shin safarbar etgan. Tashkilotning navbatdagi sammiti 16 avgust kuni, Qirg’iziston poytaxti Bishkekda o’tadi.

XS
SM
MD
LG