Breaking News

O'zbekiston Shanxay-6 raisligini qo'lga olish arafasida


Toshkent shart qo'ymoqda

Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining navbatgi sammiti o`tib, unda O`zbekiston rahbari Islom Karimov ham qatnashdi.

Ertaga esa Yekaterinburgda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ikki kunlik sammiti ochiladi. O`zbekiston har ikki tashkilotga a’zo.

Yekaterinburg sammitida O`zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkiloti raisligini qabul qilishi kutilmoqda.

Biroq tahlilchilar fikricha, rasmiy Toshkent ikki tashkilot ishida faol qatnashmasdan, chetdan kuzatishni ma’qul ko’rib keladi.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi doirasida tezkor harbiy qo’shin tuzish masalasida ham shunday. O’zbekiston alohida, mustaqil pozitsiyani saqlab qolmoqchi.

Kreml Belarus sut mahsulotlari importini man qilgani uchun Minsk Rossiyada o’tgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi sammitiga kelmagan.

Bu qaror ikki davlat aloqalarini yanada taranglashtirishi mumkin. Shu oy boshida Rossiya Belarus sut mahsuloti xavfsiz emas, deya savdoni taqiqlab qo’ygan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ta’rificha, Belarus qarori sammitga ta’sir qilmaydi. Anjumandan maqsad, deydi u, tezkor mintaqaviy qo’shin tuzish rejasini muhokama qilish.

Tezkor qo'shin nega kerak?

NATO – Shimoliy Atlantika harbiy blokiga qarshi kuch sifatida Kreml yetti davlat harbiylaridan iborat qo’shin yaratish ustida ishlamoqda. 15 ming kishilik armiya asosini Rossiya va Qozog’iston harbiylari tashkil etishi kutilmoqda. Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga Armaniston, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Rossiya, Tojikiston va O’zbekiston a’zo.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Bosh kotibi Nikolay Bordyuja so’zlariga ko`ra, tahdidlarga qarshi harbiy hamkorlik hujjatlari imzolash uchun tayyor.

“Davlat rahbarlari tomonidan shunday qaror qabul qilingandan keyin, tezkor qo`shinlar tuzildi deb aytish mumkin”, - dedi u.

O’zbekiston avval tashkilotni tark etib, keyinchalik a`zolikni qayta tikladi. Mamlakat Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatidan chiqqach, navbat Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga degan taxminlar ham bor edi.

Har holda O`zbekiston prezidentining sammitda ishtirok etishi yaqingacha noma’lum qolayotgan edi.

Tahlilchilar: O'zbekiston Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasidan chiqmaydi

Tezkor qo`shinlar tuzish borasida O`zbekiston majburiyatlardan xoli qolishni istagan. Sharhlovchilar deydiki, shunday bo`lgan taqdirda ham bu O`zbekiston tashkilotni tark etishini anglatmaydi.

“Bunday fikrlarga qo’shilmayman, chunki O`zbekiston shartnoma doirasidagi hujjatlar tayyorlanishida faol qatnashib kelmoqda. To`g`ri, O`zbekiston prezidenti avval ikki tashkilotni birlashtirib yuborish haqida aytgan edi. Chunki haqiqatan ham Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatida qabul qilingan hujjatlarning birortasi amalga oshmadi. KXSh hujjatlari haqida bunday deyish qiyin”, - deydi sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Qo'shin tuzish taklifiga kim va nima uchun qarshi?

Tezkor harbiy qo`shinlar tuzish masalasi ko`tarilgach, Kollektiv Xavfsizlik doirasidagi kelishmovchilik boshlandi. Tashabbusga O`zbekiston va Belarus qarshi. Rasmiy Toshkent faqat alohida maqomda Tezkor qo`shinlar tarkibiga qo`shilishi mumkinligini aytmoqda.

Qo`shinlar a`zo mamlakatlar hududida ishlatilmasligini, yordam ko`rsatish haqidagi qaror a`zo davlatlar tomonidan mutlaq qo`llab-quvvatlangan taqdirda kuchga kirishi, shuningdek, qo`shinlar MDH hududida ham ishlatilmasligi kerak, deb hisoblaydi O’zbekiston.

Bayonotlarga ko’ra, Tezkor harbiy qo`shinlar tuzishdan maqsad tashqi xavfga hamkorlikda qarshi turish, favqulotda holatlarda a`zo davlatlarga yordam ko`rsatishdir.

Tashkilot safida qarama-qarshilik kuchli bir sharoitda Tezkor qo`shinning qanday ishlashi haqida gumon, shubhalar mavjud.

“Bularning topgan gapi xalqaro terrorizmga qarshi, deydi. Lekin maqsad eski. Yaqinda Medvedev shunga yaqin gap qildi. Qurol eksportini kuchaytirish, ta`sir doirasini saqlab qolish haqida. O`zbekistonda hozir bu narsaga qo`shilishga, qurol yarog` olishga mablag` yo`q. Lekin Rossiya beraman deyapti. Shu bilan qarzga botiradi va qaramlikni saqlab qoladi”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Mintaqa davlatlari bir-biri bilan urush boshlasachi...

Sharhlovchilar nazarida MDHdagi notinch masalalardan biri Armaniston va Ozarbayjon o`rtasidagi ziddiyat. Armaniston tashkilotga a’zo, Ozarbayjon esa yo’q. Ikki davlat o`rtasidagi harbiy to`qnashuvlar istalgan payt tiklanishi mumkin.

“Tezkor qo`shinlar haqida anchadan buyon gapirilganiga qaramasdan, undan maqsad, tashkilotning MDH doirasidagi vaziyatga munosabati noaniq qolmoqda. Deylik tekor qo`shinlar Armanistonga yordam berib, Ozarbayjonga hujum qilishi mumkinmi? Yoki hozir ayrimlar taxmin qilayotganidek, Tojikiston va O`zbekiston o`rtasida urush chiqadigan bo`lsa, Tezkor qo’shinlar Tojikistonni himoya qiladimi? Chunki O`zbekiston unda alohida ishtirok etmoqchi. Ana shu savollarga javob berilmayapti”, - deydi sharhlovchi Farhod Tolipov.

O'zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkiloti raisligini qabul qilmoqda

Moskvada Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi sammiti yakunlanib, 15 iyunda Yekaterinburgda ShHT sammiti boshlanadi. Mintaqa davlatlarini o’z ichiga olgan tashkilot yana bir qudratli davlat, Xitoy tashabbusida tuzilgan.

Sharhlovchilar fikricha, tarqoq va zaif mintaqa Xitoy va Rossiya manfaatlari o`rtasida siyosat yuritishga majbur.

Rasmiy Kreml ShHT doirasida mutlaq bosim o`tkazishi qiyin. ShHTning oldingi sammiti doirasida Gruziya-Rossiya urushi yuzasidan yig’ilish o’tgani, Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligi tan olinmaganidan buni ko’rish mumkin.

“ShHTda Xitoy bo’lmaganda, ehtimol, Rossiya buning uddasidan chiqishi mumkin edi. Bu tashkilotda hal qiluvchi rol Xitoyga tegishli. Lekin Shanxay tashkiloti ham mustaqil siyosiy kuchga aylanmadi, faqat alohida Xitoy va Rossiya kuchi bor”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Uning aytishicha, shu bois Kreml irodasi ortiqcha qarshilikka uchrashi qiyin bo`lgan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasini rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Kelasi hafta O`zbekiston Shanhay Hamkorlik Tashkilotiga raislikni qabul qiladi.

“Lekin men bundan bir umidli narsa kutayotganim yo`q, bu shunchaki rasmiyatchilik. Tashkilot faoliyatini o`zgartira oladigan tashabbuslar chiqishi qiyin. Bunday tashabbuslar esa baribir Xitoyga yoki Rossiyaga bog`liq. O`zbekistonga yoki mintaqaning boshqa davlatlariga emas.” - deydi Farhod Tolipov.

Yekaterinburgdagi sammitda ShHTning Afg’oniston bo`yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinishi ta`kidlanmoqda.

Unda prezident Hamid Karzay ishtirok etadi, Afg`oniston va Qirg`iziston prezidentlarining uchrashuvi ham rejalangan. AQSh harbiylarini Bishkekdagi harbiy bazada qoldirishi masalasi yana bir bor muhokama qilinishi kutilmoqda.

Karzay shu hafta Qirg`iziston prezidenti Qurmanbek Bakiyevga xatida shu mazmunda iltimos bilan murojaat qilgan edi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG