Breaking News

Toshkentdagi qurilish ishlari ayrimlarni uy-joysiz qoldirmoqda


Toshkent shahrida so`nggi paytda amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari ayrim shaharliklarni ko`chada yashashga majbur qilmoqda.

Poytaxtning eski shahar mavzesida O`zbekiston prezidenti tashabbusi bilan “Xastimom” (Hazrati Imom) masjid-majmuasining qayta qurilishi, kengaytirilishi tufayli bu mahalladagi 120 ga yaqin hovli buzilgan.

Yaqinda majmuaning yonida Islom Universiteti talabalariga mo`ljallangan yotoqxona qurila boshlangan. Mazkur yotoqxona qurilishi ham mahalladagi bir qancha uylarning buzilishiga sabab bo`lgan.

Sobir Rahimov tuman hokimiyati uyi buzilgan aholini zudlikda uy bilan ta’minlashga va’da bergan, faqat va`da hamon va`daligicha qolayotgani bildrilmoqda.

“Qo`rqitishdi, hokimiyatdan, keyin uyni buzishga rozi bo`ldik. Ikki kundan keyin 26 iyul kuni hokimiyatdan militsiya bilan kelib, uch million so`m kompensatsiyaga imzo chektirib, yana qaytarib olishdi, domga qo`shamiz deyishdi. Bizni o`t-betga borib turasizlar, ikki kunda uy qilib beramiz, deb mehmonxonaga chiqarishdi. Mehmonxonaga borsak, hech qanaqa joy zakaz qilinmagan. 14 kundan buyon uy-joy berilgani yo’q. Chillasi chiqmagan chaqaloq bilan ko`chada qolganmiz”, - deydi Zarqaynar ko`chasida yashagan Sobir Sultonov.

"Zarqaynar" mahalla qo`mitasi vakilining aytishicha, tuman hokimiyati tomonidan uyi buzilgan bir necha kishini uy bilan ta`minlangan, biroq qolgan fuqarolar bilan nega bunday vaziyat yuzaga kelayotgani unga tushunarsiz.

“Hokimiyatda mablag` bilan bo`gliq muammolar vujudga kelgan bo`lishi mumkin”, - deydi u.

Uysiz qolgan fuqarolardan birining so’zlariga ko`ra, hokimiyat vakillari va`da qilingan uy uchun 600 dollar yetmayotganligini ro`kach qilishgan.

“ 22 ming dollar bera olamiz, undan uyog`iga 600 dollar yetmasa, o`zing qo`shasan, deyishdi. Chunki yerni narxi 22 ming dollar belgilangan ekan. O`g’limning domiga 600 dollar, o`zimning domimga to`rt ming dollar qo`shishim kerak ekan”, - deydi besh farzandi bilan ko`chada qolganini ta’kidlayotgan bu fuqaro.

Mahalla orasidagi gap-so`zlarga ko`ra, “Xastimom” majmuasini qurish-obodonlashtirish ishlari uchun ziyoratgohni ko`rib ketgan arab shayxlari tomonidan millionlab dollar mablag` ajratilgan.

Bu uzunquloq gaplarga ko`ra, homiylar hokimiyat vakillaridan uylari buzilishi rejalangan fuqarolarni rozi qilishni alohida iltimos qilishgan.

XS
SM
MD
LG