Breaking News

Yaqin o'tmish sarhisobi: qatag'onga uchragan insonlar


Tarixchilar fikricha Sovet hukumati millatning guli bo’lgan, xalqning eng ma’rifatli vakillari bo’lgan ziyolilarni qatag’on etgan.

Qatag’onlar mexanizmi nafaqat Iosif Stalin hukumat tepasida bo’lgan davrda, balki undan keyin ham to’xtamagan.

Mutaxassislar nazarida Sovet davri qatag’onlari o’tgan asrning 80-yillari o’rtalarigacha davom etgan. Ba’zilarga ko’ra, bu mexanizm yashovchan va u hamon o’z kuchini saqlab qolgan bo’lishi mumkin.

Tarixchi Sobir Mirvaliyev so’zlaydi:

“Mana masalan otamni ‘Kirovni otganlarning dumi’ deb, shu statya bilan qamalib ketgan. Bizning otamizga 10 yil Sibirga surgun berilgan, amakimizni otishga hukm qilingan. Yig’lab yuborgim keladi, chunki o’zingiz tasavvur qiling, bitta mushtipar onaning etagida 6 ta bola qolgan. Eng kichkinasi 3 oylik, kattasi 12-13 yashar”.

“Birov bir burda non bergandir, birov oyog’iga eski tufligini bergandir. Oltita jonning hammasi o’lib ketdi. Onamiz ham, otamiz ham o’tib ketdi. Biz endi xayriyat mana istiqlol davriga kelib, shularni otganlarni, hukm qilganlarning ustidan istiqlol tufayli biz boshqa hukm chiqardik, prezidentning farmonini”.

O’zbekistonda qatag’onlik davri bir necha bosqichlarda davom etgan bo’lsa, har bir bosqichda ko’plab ziyolilar yo qamalishgan, yoki surgun etilgan va yohud qatl etilgan.

"1938 yili bir kunda o’nlab ziyolilar otib tashlanganini aytarkan, men o’zbek xalqining mustamlakachilik davridagi tarixini hasratli tarix deb atagim keladi", - deydi olim Naim Karimov.

“Mening to’liq bo’lmagan ro’yxatimda otib tashlanganlarning orasida Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Otajon Hoshim, Ziyo Said, katta tilshunos o’zbek olimi G’oziolim Yunusov, Mo’min Usmonov, Muhammad Hasanov, Qosim Sorokin, Ziya Gimadinov degan o’nlab kishilar bor. Bular hammasi o’zbek adabiyotining, o’zbek madaniyatining yirik namoyandalari bo’lgan".

"Ularning birortasining ustidan sud jarayoni bo’lmagan. Besh minutning ichida u so’roq qilingan, so’rog’iga bergan javoblari asosida uni xalq dushmani ekanligi isbot qilingan. Sho’ro hukumati har qanaqa demokratiya normalarini yig’ishtirib qo’yib, O’rta Osiyoda, xususan O’zbekistonda olib borgan siyosatida nihoyatda vahshiy bir tuzumni yaratgan davlat sifatida ish ko’rganligini va o’zbek xalqining eng ilg’or ziyolilarini qirib tashlaganligini aytmoqchiman”, - deydi Naim Karimov.

Mutaxassislarga ko’ra, Sovet hukumati tomonidan mamlakatda ruslashtirish, dinsizlashtirish, tilsizlashtirish siyosati amalga oshirila borilar ekan, bu siyosatga qarshi bosh ko’targanlar qattiq jazolangan.

Tarixshunos Sobir Mirvaliyev:

“Bir to’da ziyolilar, yozuvchilar hammasiga bir xilda “61”, “61a”, “62” qo’yilgan. Ya’ni “inqilobga qarshi, sovetga qarshi, kommunistik mafkuraga qarshi degan g’oyalarni tashiydi” deb qamayvergan. Lekin mana endi o’shalarning bergan tergovlarini olib qaraydigan bo’lsangiz, mana Maqsud Shayxzoda 7 ta papkadan iborat. Shu Ozarbayjon xalqining vakili-ku, o’zbek shoiriman deb shu yerda yashab, shu yerda ijod qilgan. 25 yilga qamalgan shu. Bitta aybi nimadi, “oktyabr revolyutsiyasini inqilob, partiyani firqa degan”.

“O’zimizning turkiy tilda yoki bo’lmasa arab tilida aytilganligi uchun [Maqsud Shayxzodaga] millatchi aybi qo’yilgan. She’rlaridan ham shunga o’xshagan narsalar topilgan-da, shularni ro’kach qilib 25 yilga Toshkent viloyat sudi hukm ijro etgan. Undan keyin yana 5 yil qo’shgan, demak 30 yil ”, - deydi tarixchi.

Hozirgi ma’lumotlarga ko’ra, Stalin davri va undan keyingi yillarda O’zbekistonda 100 mingdan ortiq odam qatl etilgan, yoki hibs qilingan. O’zbekiston Xalq shoiri Shukrullo eslaydi:

“Meni qamaganining sababi, ‘sen millatchisan’, millatchiligim nima? ‘Millatchi Usmon Nosir, Abdulla Qodiriyni maqtagansan’. Endi men bilan bitta to’dada sud qilinganlar: Hamid Sulaymon, professor, olim, Alimuhammedov. Ularni qamashiga sabab bo’lganki, ‘Pushkinni o’tgan vaqtda sening xayolingga bosqinchi Bobur kelgan. Ha, sen demak bizning hayotdan norozisan. Pyotr Birni otgan vaqtingda sening ko’z oldingga bosqinchi Temur kelgan. Ha, sen o’sha davrlarni qo’msayapsanmi? Demak, Sovet hayotiga qarshisan’, deb ularni olib kelgan.”

“Umuman Sovet hukumati odamlarni, ziyolilarni qamash uchun hech sabab kerak bo’lmagan. Xohlagan bahonasini topgan. Shuning uchun men, Hamid Sulaymon, Alimuhammedov Abdurahmon, Mirzakalon, Shuhrat hammamiz 8 kishi bir to’da bo’lib 25 yildan olganmiz”, - deb eslaydi O’zbekiston Xalq shoiri Shukrullo.

Asr ibtidosida boshlangan qatag’on siyosati to 1980-yillar o’rtalarigacha davom etgan.

“1970-yillardan boshlab Sovet mexanizmining qatag’onlarida boshqacha holat, ya’ni o’zlariga yoqmagan siyosiy rahbarlarni ular avtomobil falokatlari uyushtirib yo’qotish holatlariga o’tildi. Yoki masalan O’zbekistonda XX asr 80-yillarining o’rtalarida va oxirlarida yuz bergan ‘paxta ishi’ni eslaylik. Ha bu ham qatag’on edi. Bu o’sha Sovet rejimining mexanizmidan kelib chiqadi. Mana shu mexanizm 1991 yilda SSSR tarqalgandan keyin ma’lum ma’noda yo’qoldi, deyishimiz mumkin. Lekin bu mexanizmning yashovchanlik xususiyati bor. Bu mexanizm qaysidir jarayonlarda davom etayotgan bo’lishi ham mumkin. Mana bu narsa eng yomon”.

Tarixchilar fikricha Sovet hokimiyatidek qudratli va ulkan davlatning parokandalikka uchrashining asosiy sababi, uning boshdanoq zulm va qatag’onlar asosiga qurilganidir.

Tarixshunos Sirojiddin Ahmad:

“Sho’rolar hukumatining, zolim hukumatning parokanda bo’lishini, oxir-oqibatda o’z-o’zidan yemirilib tarqalib ketishini 20-yillarning oxiri 30-yillarda qatag’onga uchragan Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Asadullaxo’jayev, Salimxon Tillaxonov singari siymolarimiz o’sha davrning o’zidayoq tegishli bahoni berishgan edi.”

“Mana, oradan 70 yil o’tar-o’tmas ularning fikri 100 foiz amalga oshdi. Sho’rolar hukumati o’z-o’zidan ichidan kemirilib tarqalib ketdi. Ular sitam bilan, zulm bilan ushlab turgan, barpo etgan davlat parchalandi. Chunki zulm asosiga qurilgan har qanday davlat doimo qachonlardir o’z-o’zidan barham topadi. Bu – tarixiy haqiqat”, - deydi tarixshunos Sirojiddin Ahmad.

XS
SM
MD
LG