Breaking News

Qo'shma Shtatlarda ishlashga qiziqqanlarga amaliy maslahat


Kasbning yomon-yaxshisi bo’lmaydi. Lekin gap maoshda ekanini ham yaxshi bilamiz.

Sovet Ittifoqi davrida o’qimishli odamlar odatda o’qimaganiga qaraganda ancha ko’p pul topgan. Bozor iqtisodiyoti esa bu haqiqatni ancha o’zgartirgan. Endilikda ko’p pul topish uchun uddaburon, pulni qanday aylantirishni eplay olganlar bilan bellashish kerak.

Amerikada ish topish ilinjida yurganlarga asl manzarani tasvirlab bersak.

Qo’shma Shtatlarga kelib ishlashga qiziqqan odam bu davlatda hayoti bir kunda yaxshilanib, bir zumda boyib qo’lmasligini anglashi lozim. AQShda maosh vatandagidan ancha yuqoridir, biroq bu jamiyatda yashash ham arzon emas. Oilali bo’lsangiz, undan-da qiyin. Turar-joy haqi, yo’lkira, tibbiy va avto sug’urta, kiyim-kechak hamda kunlik oziq-ovqat uchun har oy minglab dollar xarajat qilasiz.

AQShda eng katta maoshni boshqa jamiyatlardagi singari xususiy sektorda ishlaydiganlar topadi.

Amerika oliygohlari uyushmasi vakili Andrea Konzning aytishicha, Qo’shma Shtatlar iqtisodiy jihatdan jahonning eng yirik davlati ekan, bu jamiyatda ish o’rinlari ko’payaveradi.

Eng noyob mutaxassislar, deya xabar beradi AQSh matbuoti, bugungi kunda dizaynerlar (experience designer): yengil sanoat, qurilish, tibbiyot va ommaviy axborot vositalari kabi sohalarda yangi mahsulot namunalari yaratadigan mutaxassislar.

Informatsion texnologiya, raqamli texnologiya, kompyuterlar va Internet sohasi egalari (web designer)ga ish ko’p. Yillik maosh kamida 50 ming dollar.

AQShning yirik farmatsevtika kompaniyalari xavfli kasalliklarga qarshi tibbiy vositalar ustida tinimsiz izlanar ekan, mikrobiologlar va kimyo sohasi mutaxassislari (medical researcher)ham ishsiz qolmaydi.

Mamlakatda hamshiralar (health care) yetishmaydi. Asosan Hindiston va Filippin kabi ingliz tilida gaplashadigan, rivojlanayotgan davlatlardan yiliga minglab hamshira yollanadi. Tibbiy xodimlarning maoshi ham yiliga 50 ming dollardan kam emas.

AQShda xavfsizlik tizimida ishlovchi muhandislarning (security systems engineer) bozori chaqqon. Maosh 65 mingdan 110 ming dollagacha.

Uy-joy qurilishi bilan shug’ullanuvchi quruvchi-muhandislar va arxitektorlarga (urban planner) ham talab katta. Qurilish xususiy sektordagi yirik sohalardan biri bo’lgani uchun, oylik ham muntazam o’sib boradi.

Qo’shma Shtatlarda imkoniyatlar ko’p, biroq raqobatbardosh bo’lish talab qilinadi. Ish topish va muvaffaqiyat qozonish uchun odam o’z ustida tinimsiz ishlashi kerak.

Avvalo, ikki narsa haqida o’ylang. Birinchidan, til bilasizmi? Ikkinchidan, yot jamiyatda yo’l topish uchun qanchalik tayyorsiz?

AQShda ishlashga qiziqqanlarga bu davlatning immigratsiya qonun-qoidalari bilan yaqindan tanishib chiqish maslahat beriladi.

XS
SM
MD
LG