Breaking News

O'zbekistonda partiyalar prezidentlikka nomzod tanlamoqda


Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzoulug`bek Abdusalomov O`zbekistonda prezident saylovlarini o`tkazish jarayoni va nomzodlarni ro`yxatga olish tartibi haqida ma`lumot bergan.

“O`zbekiston prezidentligiga nomzod ko`rsatish saylovga 60 kun qolganda boshlanadi va 45 kun qolganda tugallanadi. O`zbekiston prezidentligiga nomzodlarni ro`yxatga olish saylovga 35 kun qolganda tugallanadi".

Abdusalomovning aytishicha saylovoldi tashviqoti nomzodlar ro`yxatga olingan kundan boshlanadi. "Nomzodlarga, siyosiy partiyalarga, tashabbuskor guruhlarga ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq beriladi".

Amaldagi prezident Islom Karimovning O`zbekiston qonunlarida belgilangan ikki bor prezidentlikka saylanish huquqi tugagan.

Saylovlarda rasmiy partiyalardan kimlar prezidentlikka nomzod sifatida qatnashishi hozircha noma`lum.

“Bizda hozir ro`yxatdan o`tgan beshta siyosiy partiya bo`lsa, ular ham tayyor bo`lib qolgan bo`lsa kerak deb o`ylayman. Nomzodlar ko`rsatish partiyalarning s`yezdlari orqali amalga oshadi deb o`ylayman. Har bitta partiyada bittadan nomzod ko`rsatish huquqi bor”, - deydi Abdusalomov.

O`zbekistonning tan olinmagan muxolifati saylovlarda ishtirok etish niyatida. Mulohazalarga ko`ra, ular tashabbuskor guruhlar orqali o’z nomzodlarini ko’rsatishni rejalamoqda.

Mustaqil nomzodlarni ro`yxatga olish ikki bosqichdan iborat bo’lib, birinchidan, 300 kishidan iborat tashabbus guruhini tuzish, ikkinchidan, nomzodni qo`llab-quvvatlovchi imzolar to`plash kerak.

O`zbekiston huquq himoyachilari al’yansining uch a`zosi – Jahongir Shosalimov, Abdulla Tojiboy o`gli va Adham Shoyimardonov tashabbus guruhlari orqali prezidentlik uchun kurashish istagini bildirmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi saylov demokratik va erkin o`tishini kafolatlab, saylovlarda xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar taklif etilishini ma’lum qilgan.

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi va undan tashqari, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qoshida tuzilgan inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi tashkilotlardan. Ularni ham taklif qilishni ko`zda tutganmiz. Xalqaro birlashmalar, kopchilik bizga xayrixoh davlatlardan kuzatuvchilarni taklif qilmoqchimiz. Kuzatuvchilar saylovlarni demokratik tarzda o`tganini xalqimizga, dunyo davlatlariga ko`rsatish uchun kerak”, - deb ta`kidlagan Markaziy saylov komissiyasi raisi.

XS
SM
MD
LG