Breaking News

Muxolifat prezident saylovlarida qatnashmoqchi


O`zbekiston hukumati o’zini muxolif deb e’lon qilgan hech bir siyosiy partiyani ro`yxatga olmagan. Shu bois muxolif partiyalar faqat tashabbuskor guruhlar orqali prezident saylovida qatnashishga majbur.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi O`zbekiston Adliya vazirligidan rasman ro`yxatdan o`tganini ma’lum qilsa-sa, O`zbekiston hukumati buni tan olmayapti.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi Adliya vazirligidan ro`yxatdan o`tishga uringan, lekin bu harakatlar natijasiz tugagan. Partiya vakillari saylovda tashabbus guruhlari orqali qatnashishni rejalamoqda.

Muxolif partiya vakillaridan tashqari, O`zbekiston huquq himoyachilari alyansining uch nafar a`zosi prezident saylovlarida qatnashishini bildirgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, jamoatchilikka unchalik tanish bo`lmagan olim, jamiyatshunos Akbar Aliyev ham davlat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda.

21 sentyabrdan saylov kampaniyasi rasman boshlanadi. Muxolif partiyalar bu siyosiy jarayonga tayyorgarlik ko`rmoqda.

Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripovning aytishicha, saylov kampaniyasi partiyada umid va xavotir uyg`otgan.

“Umid shuki, saylov oldingilaridan farqli, tanlov va demokratik asosda o’tsa kerak. Shuning uchun saylovlarda qatnashishga umid bor. Xavotirli tomoni – bu saylovlar ham avvalgisi kabi imitatsiya, soxta saylov bo`ladi. Imitatsiyada bizning qatnashish niyatimiz yo`q. Hozir tayyorgarlikni boshlayveramiz. Ko`ramiz. Markaziy saylov komissiyasining birinchi qarorlari e’lon qilinganda aniq bo`ladi”, - deydi muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasining bosh kotibi Otanazar Oripov.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasining faoli, partiya matbuot kotibi Abdurahmon Tashanov fikriga ko`ra, partiya hozir tashabbus guruhlar tuzish ustida ishlamoqda.

“Partiya faollari tashabbus guruhiga kiruvchi shaxslarning huquqiy bilimini oshirish bilan shug’ullanayapti. Menimcha, partiya bu saylovlarga katta bir xomxayol bilan kirayotgani yo`q. Bu saylovlar yaqin kelajakda muxolifatning tiklanishi uchun tajriba vazifasini o`tashi mumkin”, - deydi muxolifatdagi “Birlik” partiyasi vakili Abdurahmon Tashanov.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili, O`zbekiston prezidentligiga nomzod Adham Shoyimardonov mustaqil nomzodlar mahalliy ommaviy axborot vositalarida chiqish qilishdan umidvor deydi.

O`zbekistondagi rasmiy partiyalardan hozircha prezidentlik uchun nomzodlar ko`rsatilgani yo’q.

Kuzatuvchilar nazarida nomzodlar ko`rsatilgan taqdirda ham ularni muxolif nomzod sifatida baholab bo`lmaydi.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabek fikricha, (Baxtiyor Isabek - muxolifatdagi “Erk” partiayasining a`zosi, tilshunos olim, xorij OAV da kuzatuvchi sifatida qatnashadi) tashabbus guruhlaridan ko`rsatilgan nomzodlarning saylanish ehtimoli kam.

“15 million saylovchi bo`lar. 15 million kishidan nomzod tasdig`i uchun 200 ming imzo yig`ish og`ir. Uarga yo`lni lang ochib qo`ygan paytda ham. Masalan, 200 ming imzoni men to`pladim, uni to`g`riligini tekshirish uchun ancha vaqt ketadi-ku! Tekshirish yana hukumatning qo`lida”, - deydi Baxtiyor Isabek.

Ma`lumotlarga ko`ra, rasmiy partiyalar tomonidan prezidentlikka beshta nomzod ko`rsatishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG