Breaking News

Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga nisbatan sanksiyalarni kuchda qoldirdi


Yevropa Ittifoqi Kengashi O'zbekistonga nisbatan amaldagi ikki turdagi sanksiya - respublikaga qurol-aslaha sotishni ta'qiqlash va O'zbekistonning maxsus ro'yxatga kiritilgan rasmiylarini ittifoq hududiga kiritmaslik haqidagi qarorlarini yana bir yil muddatga kuchda qoldirdi.

Kelasi olti oy ichida viza bermaslik haqidagi qaror biroz yumshatilishi mumkin. Lekin buning uchun O'zbekiston huquq va qonun ustuvorligi bobida xalqaro qonunlarga rioya qilayotganini isbotlashi, qamoqxonalarga xalqaro tashkilotlar vakillarini kiritishi va bu borada BMT bilan hamkorlik qilishi, nohukumat tashkilotlar, jumladan inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch tashkilotiga mamlakatda ishlashga ruxsat berishi kerak.

Kengash O'zbekistondan adliya tizimi va huquq-tartibot organlarini isloh qilishni talab qilmoqda.

Talablar bajarilmasa, viza bermaslik haqidagi qaror avtomatik ravishda yana to'liq kuchga kiradi.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi O'zbekistonda kutilayotgan prezident saylovlarini va unga tayyorgarlik jarayonini ham kuzatib, a'zo davlatlarning elchilariga bergan hisobotga asoslangan holda qaror chiqarishni rejalagan.

Yevropa Ittifoqi Kengashi O'zbekistonda o'lim jazosi bekor qilinayotganini olqishlagan.

Shuningdek, kengash nazarida rasmiy Toshkent Yevropa Ittifoqi bilan ochiq muloqot qilishga moyillik bildirmoqda. O'tgan bir yil ichida ikki bor Andijon voqealari yuzasidan fikr almashilgan va inson huquqlari ahvoli borasida muzokara boshlangan.

Kengash ikki faolning, Gulbahor To'rayeva va Umida Niyozovaning, shartli ravishda bo'lsa-da qamoqdan ozod etilganini ijobiy o'zgarishlar deb atagan.

Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga sanksiyalarni 2005 yil oxirida qo'ygan edi. Tashkilot O'zbekistondan Andijon voqealari yuzasidan mustaqil xalqaro tergov o'tkazishga yo'l berishni va inson huquqlari poymol etilmasligini ta'minlashni so'ragan.

XS
SM
MD
LG