Breaking News

AQShda saylovoldi kampaniyasi va mulla jiring


AQSh siyosatini molu-dunyo tebratadi. Jahonning boshqa davlatlarida ham shu ahvol desa bo'ladi.

Lekin Amerikada saylovoldi kampaniyalarini millionlab dollarsiz tasavvur qilish qiyin.

Prezident saylovlariga hali bir yil bor, lekin nomzodlar hozirgacha, respublikachi va demokratlarni birga hisoblaganda, yarim milliard dollarga yaqin mablag’ jamlagan.

2008 yilning noyabrigacha bu raqam bir milliarddan oshishi mumkin. Tabiiyki, katta pul o’zi bilan katta mashmashalar ham olib keladi.

Oq Uyda to’rt yil yashash uchun AQShdagi ikki yirik partiya, demokratlar va respublikachilar, yuzlab million dollarni targ’ibot va omma ko’nglini ovlash uchun sarflashga tayyor.

Prezidentlik uchun poygada esa moliya tobora o’sib boradi. 1992 yilda prezidentlikka nomzodlar atigi 135 million yiqqan bo’lsa, 2004 yilda bu miqdor 671 millionga chiqqan. Partiyalar va ularning homiylari boyib bormoqda.

Tahlilchi Brayan Darling (Brian Darling) respublikachilarni quvvatlovchi siyosiy jamg’arma xodimi. Amerika Ovozi bilan suhbatda Amerikada siyosiy partiyalarga nima uchun shuncha ko’p pul kerakligini tushuntirishga urinadi.

"Siyosiy reklamalar juda qimmatga tushadi, xoh radioda, xoh televideniyeda bo’lsin. Nomzodlarning mamlakat bo’ylab safarlari… Har kuni qaysidir shtatda bo’lish, ommani jalb etish, targ’ibot qilish, kampaniyani yuritish, tashkiliy masalalar. Har bir qadam katta mablag’ talab qiladi",- deydi Darling.

1970-yillar boshida AQSh Kongressida qator qonunlar qabul qilinib, Federal Saylov Komissiyasi tuzilgan. Komissiya so’zlovchisi Bob Biyersak (Bob Beirsack) "biz nazoratchimiz",- deydi.

"AQSh prezidentligi uchun harakat qilmoqchi bo’lsangiz, qator qonunlarga amal qilasiz. Siyosiy mablag’ qanday yig’iladi, qanday sarflanadi, kim sizga qancha pul beryapti. Hammasi oshkor etiladi".

AQSh federal qonunlariga binoan, nomzodlar bir shaxsdan 2300 dollardan ortiq pul ololmaydi. Tashkilotlar nomzodlarga 5000 dollardan ortiq berolmaydi.

Federal Saylov Komissiyasi nomzodlardan har uch oyda saylovoldi moliya va xarajatlar haqida hisobot talab qiladi. Ma’lumotlar omma e’tiborida. Axborot vositalari ularni tahlil qiladi.

Lora Makkliri (Laura MacKleery) Vashingtondagi nohukumat tashkiloti vakili. Jamoatchilikning siyosatga munosabatini o’rganadi. 1970-yillarda, deydi u, xalq saylov kampaniyalari erkin bo’lsin deb chiqqan. U paytlarda tartib va qoidalar boshqa edi.

"O’sha davrdan boshlab, Kongress prezidentlikka nomzodlarga hukumat cho’ntagidan pul olishiga ruxsat bergan",- deydi Makliri.

Lekin hukumatdan moliyaviy yordam olsa, nomzodning xarajatlari va boshqalardan pul olishi cheklanadi. Shu bois ko’p hollarda nomzodlar davlat ko’magini rad etadi. Bu safar prezidentlikka intilayotganlar ham mablag’ni xususiy manbalardan olmoqchi.

Lekin ayrim amerikaliklar, jumladan Lora Makkliri, bunga tamoman qarshi. Moliya cheklangani ma’qul deydi u.

"Nomzodlarni davlat teng ravishda moliyalasa, saylov adolatliroq kechadi. G’olibni uning puli belgilamaydi".

Aksariyat amerikaliklar fikricha esa nomzodlarga pul berish cheklanmasligi lozim.

Bu so’z va fikr erkinligi, deydi ular, nomzod sizga ma’qulmi, demak uning saylanishini istaysiz.

Nomzodlarni, ham ma’nan, ham moliyaviy jihatdan quvvatlash, ular nazarida, fuqaro huquqlarining bir qismi.

XS
SM
MD
LG