Breaking News

Saylov va bosh qonun yuzasidan savollarga javob yo'q


O’zbekiston matbuotida prezidentlikka nomzodlar ro’yxati e’lon qilingan.

Prezident Islom Karimov uchinchi marta nomzod, vaholanki konstitutsiya buni man etadi.

Markaziy Saylov Komissiyasi Karimovni nomzod sifatida tasdiqlar ekan, buning nimaga asoslanganini izohlamagan.

Nomzodlar va partiyalar ham bu haqiqatni tilga olmayapti.

Tanqidchilar butun tuzumni mas’uliyatsizlikda, qonunni oyoqosti qilayotganlikda ayblamoqda.

Saylov komissiyasi tasdiqlagan ro`yxatda amaldagi prezident Islom Karimovdan tashqari Xalq demokratik partiyasidan Asliddin Rustamov, “Adolat” partiyasidan Dilorom Toshmuhammedova va tashabbus guruhi vakili Akmal Saidov bor.

Komissiyaga ko`ra nomzodlar endi targ`ibot va tashviqot kampaniyasini boshlaydi.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi saylov komissiyasini Karimov nomzodini konstitusiyaga xilof ravishda tasdiqlaganlikda ayblab, Oliy sudga ariza bilan murojaat qilgan.

“Biz ularni qonunda ko`rsatilgan holat yuzasidan hech qanday chora ko`rmaganlikda aybladik. Saylovda qalloblik qilgani, faktlarga e`tibor bermagani uchun Markaziy Saylov Komissiyasi a`zolarini tarqatib yuborishni talab qildik”, - deydi alyans vakillaridan biri Jahongir Shosalimov.

Biroz avval huquq himoyachilari Islom Karimov nomzodini uchunchi muddatga ko`rsatgan O`zbekiston Liberal-demokratlar partiyasini (O’zLDP) javobgarlikka tortish yuzasidan sudga murojaat qilishgan edi.

O`zbekiston prezidentligiga Akmal Saidov nomzodini ko'rsatgan tashabbus guruhi faollaridan biri, huquqshunos Gulnora Eshonxonova nomzodlar tasdiqlanishidan biroz avval bu masalada o`z munosabatini quyidagicha bildirgan edi:

“Konstitusiyaga kiritilgan o`zgarish tahlilini qiladigan bo`lsak, muddat yetti yilga uzaytirilgan. Buni bilmiz. Muddat ikki marotoba bo`lishi ham belgilangan. Shuning uchun uni qanday tushunishimiz mumkin. Mana yetti yil o’tdi, bu birinchi muddat hisoblanadimi? Keyingi yetti yil ikkinchi muddat hisoblanadimi? Hozir O’zLDP u kishini nomzodini ko’rsatayotgan ekan, konstitusiyaning shunaqa talqini berilayapti deyish mumkin ”.

Jamiyatshunos Komron Aliyev esa konstitusiyada president muddatlari haqida emas, bir kishi shaxsi haqida gap boradi deydi.

"Konstitusiyada faqat bir kishining ikki muddatga saylanish huquqiga egaligi ko`rsatilgan. Keyin u bir yil prezident bo`ldimi, to`qqiz yil bo`ladimi, ko`rsatilmagan. Konstitutsiya to’g’ridan-to’g’ri amalga oshiriladigan qonun. Unga boshqa qo’shimchlar ta’siri bo’lmaydi. Bu yerda javobgar Markaziy saylov komissiyasi bo’lishi kerak", - deydi Aliyev.

Tahlilchi fikricha saylovda qatnashyotgan boshqa nomzodlardan Karimov muddati yuzasidan munosabat kutish qiyin.

"Ular faqat qo’llab- quvvtalashi mumkin. E’tiroz bildirish iqtidoriga ega emas. Agar saylov kampaniyasidan chiqqan avvalgi ikki nomzod haqida to’xtalsak, Markaziy saylov komissiyasi ular yetarli miqdorda imzo yig’magan deb bayonot berdi. Biroq ular imzo yig’ishga harakat ham qilmagan. Hozir ular saylovda ishtirok etishdan qutulganidan xursand bo’lib yurgan bo’lsa kerak", - deydi Aliyev.

Prezident saylovida o’zini muxolif deb biluvchi hech kim ishtirok etmaydi. Tan olinmagan muxolifatdan vakillar komissiya tomonidan qabul qilinmagan.

Ro’yxatdan o’tishga harakat qilganlarning aytishicha muqobil nomzod yo’q ekan, xalq "ssenariy asosida rejalangan saylov o’yini" ga guvoh bo’ladi xolos.

O’zbekistonda turmush sharoiti og'ir, odamlar saylov haqida o’ylanayotgani yo'q deydi muxolifatchi Isoqjon Zokirov.

“O’zbekiston fuqarolari bu saylovning qachon bo’lishini ham bilmaydi. Nomzodlarni ham bilmaydi. Odamlar bu saylovdan umidini uzgan. Kim prezident bo’lishidan qat’iy nazar xalq o’zgarish kutmayapti, ya’ni siyosiy-iqtisodiy islohotlar.”

Isoqjon Zokirov O’zbekistonda diktatura hukmron, bunday vaziyatda adolatli saylov bo’lishi mumkin emas deydi.

“Karimov o’zi qo’l qo’ygan konstitutsiyasini qo’pol ravishda buzayapti. Bu saylovda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti qatnashmaydi. Qatnashgan taqdirda ham bu saylovni tan olmaydi. Xalqaro tashkilotlarga aytgan bo’lardimki, O’zbekistonda saylovlar zudlik bilan to’xtatilsin, bekor qilinsin. Bahorda, balki may oyiga qoldirib, xalq istagan haqiqiy nomzodni qo’yish kerak. Bu saylovda Karimov yuz foiz g’alaba qiladi”.

O’zbekistonda hamma ham bu fikrga qo’shilmaydi. O’zbekiston mustaqil davlat, saylovlarga hech kim aralasha olmaydi deyayotganlar bor. "Amerika Ovozi" ga yozgan saylovchilardan biri "Islom Karimov hokimiyatda qolsin. Sababi tinchlikka hech narsa yetmaydi",- deydi. Biroq bu o’zbekistonlik nazarida ham hukumat uchun xalqni o'ylashga, uning dardini eshitishga vaqt yetgan.

XS
SM
MD
LG