Breaking News

Saylovda amaldagi prezident g'alaba qilishi kutilmoqda


O’zbekistonda o’tgan prezident saylovlarida dastlabki natijalar aniq.

Markaziy Saylov Komissiyasi ma’lumotiga ko’ra, amaldagi prezident Islom Karimov yetakchilik qilmoqda.

Saylov uchastkalaridan birida ovoz bergan prezident Karimov “xalq mamlakat kelajagi, barqarorligi va taraqqiyoti uchun ovoz bermoqda”, -degan.

O`zbekistonni 1989 yildan buyon boshqarib kelayotgan Islom Karimov qonunga binoan ikki bor prezidentlikka saylanib bo’lgan. Konstitusiya unga uchinchi bor saylanishni man etadi.

Markaziy Saylov Komissiyasi 23 dekabr ovoz berish jarayoni haqida kun davomida ma`lumot tarqatib turgan. Dastlab, soat 12.00 largacha 60 foizga yaqin saylovchi ovoz bergani ta`kidlangan.

Soat 16.00 dan keyin esa saylovchilarning 80 foizga yaqini ovoz bergani ma`lum qilingan.

Mavjud qonunchilikka ko`ra saylovchilarning 33 foizi ovoz bergan taqdirda saylov o’tgan hisoblanadi.

Hozirgacha saylov qonunlari va saylovchilar huquqi buzilgani haqida ma`lumot yo`qligi ta`kidlanadi. Markaziy saylov komissiyasi aholi faol ishtirok etganini qayd etgan.

Biroq ayrim saylov uchsatkalaridagi holatni faol deb baholash qiyin.

Toshkentdagi 135-saylov uchastkasida ertalab soat o`nlarda ovoz beruvchilar siyrak edi. Saylov uchastkasida bir kishining uch kishi uchun ovozi berishiga hech kim e`tiroz bildirmaydi.

Uchastka noziriga uchta pasport tutqazgan kishi Amerika Ovozi bilan suhbatda o`g`li va xotini uchun ham ovoz berganini aytdi.

“Oila a`zolarim, yaqinlarim o`rniga ovoz berish mumkin emasligi haqida eshitmaganman” - deydi u.

Toshkentdagi 102-saylov uchastkasida soat 11.00 lar atrofida odamlar siyrak, lekin kelib turishgan. Uchastka xodimlaridan biri odamlar kamligini hamma o`z vaqtiga qarab kelayotgani bilan izohlaydi.

“Lekin faol ishtirok [kuzatilyapti], hamma kelib ovoz berayapti, g`am-tashvish yo`q”, - deydi u.

Boshqa bir fuqaroning aytishicha, O`zbekistondagi siyosiy tadbirlar hamisha shunday sokinlikda o`tgan, biror qizg`inlikka umid qilish samarasiz.

Toshkentdagi 107-saylov uchastkasida soat 12.00 larda saylovchilar juda kam ko`rindi.

“Saylov yaxshi o`tmayapti. Avallari bir to`yga kelgandek kelardik, hozir hatto muzika ham yo`q”, - deydi ovoz berib chiqqan fuqarolardan biri.

Ovoz beruvchilarning kamligi xususida shunday deydi:

“Men domkom, shuning uchun bu yerda bo`lishim kerak. Odamlar kamligi haqida, ehtimol ishonch qolmayotaganligi uchun shundaydir.”

XS
SM
MD
LG