Breaking News

Rossiyadagi saylovlarda "Yedinaya Rossiya" g'olib chiqdi


Rossiyada yakshanba kuni o’tgan parlament saylovlari natijalariga ko’ra, Dumaga to’rt partiya saylangan. Vladimir Putin boshchiligidagi “Yedinaya Rossiya” partiyasi 450 o’rindan 315 tasini qo’lga kiritgan. Muxolifat nazarida saylovlar adolatsiz o’tgan va ikki partiya sudga shikoyat qilmoqchi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham saylovlarni tanqid ostiga olgan.

Ovozlarning 98 foizi hisoblab bo’linganda, “Yedinaya Rossiya” 64 foizdan ziyod ovoz to’plagani aniqlandi. Kremlga xayrihoh yana ikki partiya – Liberal-Demokratlar partiyasi va “Adolatli Rossiya” ham Dumaga saylanish uchun zarur kamida 7 foiz to’plagan.

Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Vladimir Churovning aytishicha, saylovlarning yakuniy natijasi bir necha kundan keyin e’lon qilinadi, biroq unda katta o’zgarishlar kutilmaydi.

Dumaga Kommunistlar partiyasi ham o’tgan. Ular 11 foizdan ko’p ovoz to’plagan, lekin kommunistlar va “O’ng kuchlar ittifoqi” saylov jarayonida qonun buzilishlari bo’lgan deya shikoyat qilmoqchi.

Muxolifat nazarida, saylovlardan bir necha kun oldin ularning matbuotdan foydalanishi cheklangan, namoyishlari esa kuch bilan tarqatilib, yetakchilari hibsga olingan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Parlament Assambleyasi saylovlarni kuzatgan. Guruhning xulosa qilishicha saylovlar tashkilot andozalariga javob bermagan.

Moskvadagi “AQSh-Kanada Instituti” tahlilchisi Viktor Kremenyukning aytishicha, “Yedinaya Rossiya” aniq siyosiy dasturga ega emas va prezidentlikka boshqa odam kelgan taqdirda partiya va yangi rahbar o’rtasida ziddiyatlar bo’lishi mumkin.

"Yangi prezident kelgach, “Yedinaya Rossiya” hali ham Putinga sodiq bo’lib qolaversa, yangi rahbar va yangi parlament o’rtasida aloqalar sovishi mumkin," deydi Kremenyuk.

Kremlga muxolif koalitsiya rahbari, shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov ham shu fikrda.

Saylovchilarning ba’zilari ham aynan nega “Yedinaya Rossiya”ga ovoz berayotganini tushuntira bera olmagan.

"Hamma Putin partiyasiga ovoz berishni tavsiya qilgan. Bizga yordam bergan va g’amho’rlik qilgan tomonni xush ko’ramiz," deydi moskvalik bir ayol.

Yoshlar orasida ijtimoiy himoyani kuchaytirishga va’da bergan kommunistlarga ham ovoz berganlar bo’ldi.

Ilya ismli talaba kommunistlar dasturi bilan tanishib chiqib, ongli ravishda ovoz berayotganini aytadi.

Rossiya konstitutsiyasiga ko’ra, Putin qatorasiga uchinchi bor prezidentlikka saylana olmaydi. Kuzatuvchilar fikricha, u o’rniga zaifroq siyosatchini qo’yib, uning muddatidan erta iste’fosidan foydalanib prezidentlikka qaytishi mumkin. Vladimir Putinning bosh vazir bo’lish uchun ham imkoniyatlari yuqori.

XS
SM
MD
LG