Breaking News

Rossiyadagi saylovlar G'arb tanqidiga uchramoqda


Yevropa Ittifoqi va Qo’shma Shtatlar Rossiyani parlament saylovlari ustidan tushgan shikoyatlarni tekshirishga chaqirmoqda. Yakuniy hisoblarga ko’ra, Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasi 64 foiz ovoz to’plagan. Ikkinchi o’rinni 12 foiz bilan kommunistlar egallagan.

Ayrim saylovchilarning tan olishicha, ular “Yedinaya Rossiya” yoki “Birlashgan Rossiya” partiyasiga ovoz bermagan taqdirda ishlaridan ayrilgan bo’lardilar. Boshqalarning aytishicha, esa ular saylov uchastkalariga borganda, byulletenlarda ular uchun ovoz berib bo’lingan edi.

"Saylov kampaniyasi davomida prezident mahkamasi va shaxsan prezidentning o’zi tomonidan katta ta’sir o’tkazilgan. Ma’muriy resurslar suiste’mol qilingan," deydi Yevropa Kengashining Parlament Assambleyasidan saylovlarni kuzatgan guruhi rahbari Lyuk van den Brand.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining norasmiy kuzatuvchilari ham saylovlar adolatli bo’lmagan deydi.

Putin va Markaziy Saylov Komissiyasi xorijiy kuzatuvchilarni noxolislikda ayblab, ularning tanqidi AQSh ko’rsatmasi bo’yicha qilingan deydi.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Deyvid Kreymerning aytishicha, bu hol AQSh-Rossiya aloqalariga putur yetkazmaydi.

Munosabatlar murakkab, biroq qator xalqaro masalalar bo’yicha fikrlarimiz mushtarak, deydi u.

Amerikalik tahlilchi Xell Deyl Putinga ishonmaslik kerak deydi. Putin Rossiyani xalqaro maydonda kuchli qilib ko’rsatib xalq muhabbatini qozondi, biroq bunday obro’ni tushirishning oson yo’li bor, deydi Deyl.

"Rossiyani Katta Sakkizlik va boshqa xalqaro tashkilotlar safidan chiqarib yuborish kerak. Xalqaro maydondagi obro’si haqida qayg’uradigan Putindek rahbarga qarshi bu katta zarba bo’ladi."

Germaniya kansleri Angela Merkel ham Rossiyadagi saylovlarni nodemokratik o’tgan deb xulosa qilmoqda.

XS
SM
MD
LG